“Real” ashaddiy raqibi “Barsa” kutayotgan futbolchini olyapti
Ispaniya chempionatining ikki grandi – “Barselona” va “Real” manfaatlari bir oʻyinchi – “Borussiya Dortmund” himoyachisi Niko Shlotterbek transferi ustida toʻqnashib qoldi.
Har ikki klub himoya chizigʻini mustahkamlashda germaniyalik mahoratli himoyachi xizmatiga koʻz tikmoqda va bu transferni yozda amalga oshirishga urinmoqda.
AS nashri xabar berishicha, Shlotterbekni sotib olishda “Real”ning imkoniyatlari oshib bormoqda va madridliklar bu transferni amalga oshirishga yaqin. “Qirollik klubi” uchun aynan shu pozitsiyani kuchaytirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Manba maʼlumotiga koʻra, nemis futbolchisi dortmundliklar bilan shartnomasini uzaytirishdan bosh tortmoqda, shu sababli klub uni kelasi yozda sotishni rejalashtiryapti.
Soʻnggi haftalarda “Real” 26 yoshli himoyachini kuzatish va uning imkoniyatlarini baholash ishlarini yanada faollashtirgan.
“Qirollik klubi” mutasaddilari Shlotterbekning “Borussiya” oʻyiniga qoʻshayotgan hissasi va Germaniya terma jamoasining asosiy futbolchisi sifatidagi maqomini yuqori baholamoqda.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, himoyachining “Real”ga oʻtishiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan omillardan biri — ikki klub oʻrtasidagi yaxshi munosabatlar hisoblanadi. Bu transfer taxminan 50 million yevroga bitishi mumkinligi aytilyapti.
Fikrlar