“Real” o‘zi ketkazgan yulduzni qaytarish payiga tushdi
“Real” yozgi transferlar oynasi davrida tarkibini sezilarli kuchaytirish maqsadida “Arsenal” yarim himoyachisi Martin Edegorni qaytadan Madridga olib kelmoqchi.
Keyingi paytda “kanonirlar” sardorining jamoadan ketishi haqida xabarlar ko‘payib bormoqda. Qolaversa, London klubining moliyaviy ahvoli yozda qimmatbaho o‘yinchilardan birini sotib yuborishni taqozo etyapti.
Martin Edegor 2015 yili “Real” akademiyasi “Kastilya”ga qabul qilingan, biroq asosiy jamoaga kira olmagani uchun bir necha marotaba ijaraga jo‘natilgan.
Norvegiyalik futbolchi 2021 yili “Arsenal” safiga ko‘chib o‘tganidan keyin uning o‘yini ochilib ketdi.
Football Transfers ma’lumotiga ko‘ra, 27 yoshli futbolchi madridliklarni qiziqtirayotganiga qaramay, “Arsenal”ga yaqin manbalar futbolchining ketishi haqidagi xabarlarni rad etmoqda.
Martinning o‘zi ham jamoani tark etishni istamaydi va kelajagini London klubi bilan bog‘lashga tayyor. Transfermarkt portali Edegorni 65 million yevroga baholagan.
Fikrlar