
“Real” qay holatda Jasur Yaxshiboevga taklif bildirishi mumkin? - Xayrulla Hamidovdan javob
Bir necha kun avval, Eldor Shomurodov va Jasur Yaxshiboevga boshqa jamoalardan qiziqishlar borligi haqida ma’lumotlar tarqalgandi. Taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov yutubdagi sahifasida ushbu xabarlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
- Eldor Shomurodov terma jamoa yig‘iniga borib, o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnashadi. Endi ikki hafta terma jamoalar ishtirokidagi bahslarni kuzatishga majburmiz. Bu paytda bizning milliy jamoamiz o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazadi. Qolganlarda rasmiy uchrashuvlar bor. Biz jahon chempionati uchinchi saralash bosqichiga chiqa olmaganimiz uchun ham shunaqa o‘rtoqlik bellashuvlari bilan cheklanib yuraveramiz.
Yaxshiboevning o‘yinini ko‘rish ko‘pchilik uchun qiziq edi. Madridning “Real” darvozasiga gol kiritganidan so‘ng, unga bo‘lgan talab oshdi. Srechko Katanets uni “Santyago Bernabeu”dagi o‘yindan avval chaqirgani ma’lum bo‘ldi. Ammo keyin Davron Fayziev aytib o‘tganidek, u “Real”ga qarshi bahsda jarohat olgan. “Inter” bilan bellashuvga tayyorlanib olishi uchun unga muddat kerak ekan. Shu bois “Sherif” klubi terma jamoa ishtirokidagi bahslarga taklif etmasangizlar, degan ma’noda xat jo‘natgan. O‘FA moldovaliklarning iltimosini inobatga olgan. Bu to‘g‘ri bo‘lgan, deb o‘ylayman. Chunki bu o‘rtoqlik o‘yini. Bunday uchrashuvlarga istalgan futbolchilar borsa bo‘ladi. Yaxshiboev jarohatini jiddiylashtirib olishi mumkin.
Nega Jasurni hozir bezovta qilmaslik kerak, deyapman? Yaxshiboevga evropaliklarning nigohi qaratilgan. Eldor Shomurodovga qanday qaragan bo‘lsa. Bittagina o‘yin Yaxshiboevning darajasini, holatini unga bo‘lgan talabni oshirib yubordi. O‘yindan keyingi intervyusida u “Real”da faoliyat yuritishni orzu qilganini aytib o‘tgan.
O‘zi futbolchilar yoki "realchi", yoki "barsachi" bo‘ladi. Hozir futbol o‘ynab yurganlar aynan “Real” hamda “Barselona”ning erasida o‘sishdi. Shuning uchun yo unisi, yo bunisida o‘ynash orzusi bo‘ladi. Buni tabiiy qabul qilamiz.
“Real”ning shunday odati bor: unga gol urgan futbolchilarga taklif bilan chiqadi yoki ko‘z ostiga olib qo‘yadi. Ammo Yaxshiboev endi porlab chiqqani uchun, futbol ommasiga deyarli notanish bo‘lgani bois, unaqa talab bo‘lmaydi. 2-3 ta o‘yinda o‘zini ko‘rsatishi lozim. Shu o‘yinlarga saqlashi uchun terma jamoaga kelmagani ma’qul bo‘lyapti.
Jasurga talablar bor, o‘zi orzu qiladigan “Real”dan bo‘lmasa ham yaxshi klublardan taklif tushayotganini eshitmoqdamiz. Bu ma’lumotlar rasmiy emasligi bois to‘xtalib o‘tmaymiz. Agentlar ishga kirishsa, futbolchi 2-3 o‘yinda o‘zini stabil ko‘rsatib bersa, gapirish mumkin. Bitta bahs, hattoki “Santyago Bernabeu”da kiritilgan gol ham stabillik uchun javob bera olmaydi. Maksim Shatskix bir uchrashuvda ikki bor darvozani ishg‘ol etgan. Keyin “Nyukasl” va boshqa jamoalarga gol urgan. Unga stabillik bor edi, Evropa bilardi. Shuning uchun o‘sha paytlar Shatskixni talab qilishgan.
Stabillik bilan bitta o‘yinda porlash taroziga qo‘yiladigan bo‘lsa, o‘sha kungi hissiyotlar bilan bir kundagi porlash boshqacha ko‘rinib ketishi mumkin. Lekin stabillik hammasi o‘tib ketgach, suv tinganidan so‘ng hammasi boshqacha ko‘rinaveradi.
Eldor Shomurodovda ana shu stabillik bor. Uni Evropa anchadan beri kuzatyapti. “Roma”da zaxiradan maydonga tushgani, oxirgi uchrashuvda qatnashmagan bo‘lsa ham, uning salohiyatini Evropa biladi. Shuning uchun “Sevilya” qiziqayotgani borasidagi xabarlar rostga o‘xshaydi, - dedi Xayrulla Hamidov.
Fikrlar