
"Real" yozda to‘rtta yangi futbolchi bilan shartnoma imzolashi mumkin
"Real Madrid" yozgi transfer oynasida tarkibni jiddiy kuchaytirishni rejalashtirmoqda. "Relevo" nashrining ma’lumotiga ko‘ra, madridliklar kamida to‘rtta yangi futbolchini jamoaga qo‘shib olishni ko‘zlamoqda.
Birinchi transfer allaqachon kelishib olingan — bu "Liverpul" himoyachisi Trent Aleksander-Arnold. Qolgan pozitsiyalar bo‘yicha klub markaziy va chap qanot himoyachilari, shuningdek, yarim himoyachi va hujumchi nomzodlarini ko‘rib chiqmoqda. Asosiy e’tibor himoya chizig‘ini mustahkamlashga qaratiladi, bu masalada bosh murabbiy etib tayinlanishi kutilgan Xabi Alonsoning fikri muhim bo‘ladi.
Markaziy himoyachilar orasida klubga eng ma’qul kelgan nomzod — "Arsenal" a’zosi Vilyam Saliba. Shu bilan birga, "Kastilya"da to‘p tepayotgan yosh iqtidorlar — Xoan Martines va Xakobo Ramondan ham katta umidlar bor.
Yarim himoya chizig‘ida esa madridliklar asosiy e’tiborni Niko Pasni jamoaga qaytarishga qaratadi. Hujumchi transferi esa Rodrigoning kelajagiga bog‘liq. Agar u jamoani tark etsa, klub Xoseluga o‘xshash gol urush uslubiga ega hujumchini qidiradi.
Fikrlar