
“Roma”ga Shomurodov bo‘yicha shov-shuvli taklif berishdi!
FIFA kunlari munosabati bilan e’lon qilingan tanafusdan so‘ng, milliy ligalardagi jamoalar navbatdagi tur uchrashuvlarini o‘tkazadi. Klublar oldidagi asosiy masala terma jamoalardan qaytadigan o‘yinchilarning jismoniy, ruhiy holatini baholab, o‘yinlarga tayyorgarlik darajasini aniqlashdan iborat.
“Roma” 15 sentyabr kuni Genuyada “Jenoa” mehmoni bo‘ladi. Bo‘lajak muhim uchrashuv oldidan Daniele De Rossi tarkib borasida muammoga duch kelgan.
Rim klubi ichidagi va atrofidagi vaziyatni tahlil qilib kelayotgan nufuzli manbalardan biri ilromanista.it sayti eksperti Vinchentso Makkarone rimliklarga bo‘lajak uchrashuvda Eldor Shomurodovdan foydalanishni tavsiya qilyapti.
- Chempionat boshlanlagidan bir oy o‘tib, “Roma” jarohatlar bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Ayniqsa, hujum chizig‘idagi ahvol Daniele De Rossini ko‘p bezovta qilyapti. Chempionat o‘yinlari qayta tiklanishiga uch kun qolganida murabbiylar shtabi bunday muammolarga ro‘baro‘ kelishini hech kim kutmagan edi.
“Roma” tarkibidagi bir necha o‘yinchilar jismoniy tayyorgarlik borasida muammo va kamchiliklarga duchor bo‘lgan. Ayniqsa, hujum chizig‘ida vaziyat og‘ir: Artyom Dovbik, Tommazo Baldantsi va Lorentso Pellegrini shikastlangani katta muammo tug‘diryapti. Bosh murabbiyni qariyb 40 million evroga transfer qilingan ukrainalik forvardning jarohati ko‘proq o‘ylantiryapti.
“Jenoa” bilan bo‘ladigan o‘yingacha safga qaytishi kutilgan Dovbikning jarohati kutilganidan murakkab bo‘lib chiqdi. Pellegrini va Baldantsi Italiya milliy va yoshlar terma jamoalaridan jarohat bilan qaytdi.
Rim klubi mutasaddilarini xavotirga solayotgan yana bir vaziyat Paulo Dibala bilan bog‘liq. Argentina terma jamoasiga chaqirtirilgan hujumchi Rimga muhim uchrashuvga uch kun qolganida etib keladi. Daniele De Rossi olis yo‘l charchog‘i bilan kelgan futbolchining salomatligini xatarga qo‘yib, keskin kurashlar ostida o‘tadigan o‘yinga tashlay olmaydi.
Bu vaziyatda eng to‘g‘ri echimni “Roma” tarixidagi eng sermahsul forvardlardan bo‘lgan Roberto Prutstso taklif qildi:
“Men Paulo Dibalani hech qachon markaziy hujumchi sifatida o‘ynatmas edim. Terma jamoadagi o‘yinlardan keyin bu unga juda og‘irlik qiladi. Bu vaziyatda to‘liq Eldor Shomurodovga suyanish kerak, chunki bu o‘yinchi hozir ajoyib sport formasida ekanini namoyish qilyapti”.
O‘zbek futbolchisi “Empoli” va “Yuventus”ga qarshi bahslarni zaxira o‘rindig‘ida boshlaganiga qaramay, tarkibdagi eng samarali o‘yinchi bo‘lib chiqdi. Sobiq jamoasi “Jenoa”ga qarshi bahsda u hal qiluvchi rolni o‘ynashi mumkin. Albatta, Daniele De Rossi bu shov-shuvli taklifni inobatga oladi, - deb yozdi Vinchentso Makkarone.
Darhaqiqat, Eldor Shomurodov yuqori sport formasida ekanini 2026 yilgi jahon chempionatining saralash musobaqasida ham namoyon etdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bishkekda o‘tkazilgan uchrashuvda qirg‘izistonlik futbolchilarning jiddiy qarshiligiga duch keldi.
Eldor Shomurodov uchrashuvda bitta gol va assist bilan hamyurtlarimizning 3:2 hisobidagi g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.
Endi 29 yoshli to‘purarimiz Rimga qaytib, Italiyadagi ilk jamoasi “Jenoa”ga qarshi bo‘ladigan A Seriyaning to‘rtinchi tur uchrashuviga tayyorgarlik ko‘radi.
Fikrlar