
Ronaldu sobiq jamoasi taxtga qaytdi! Ular bosib o‘tgan yo‘l sizni hayron qoldiradi!
SPORTS.uz «Sporting»ni Portugaliya chempionligi bilan tabriklaydi! E’tiborlisi shundaki, «sherlar» uzoq yillik tanaffusdan so‘ng, yana chempionlikni nishonladi. Endi esa, rekord o‘rnatish uchun ildam odimlamoqda.
2002 yil. Jardel boshchiligidagi klub chempion!
Ansu Fati hali dunyoga kelmagan bir paytlar «Sporting» o‘z chempionligini nishonlagan edi. O‘sha mavsum braziliyalik hujumchi - Jardel 42 gol urib, «Oltin butsa»ni o‘ziniki qilgan edi. «Oltin to‘p»ni Ronaldo 2002 yildagi mundialdan so‘ng, qabul qilib olgan bir paytda, «Sporting» futbolchisi Evropani o‘zi haqida fikr bildirishga majbur qilgani tahsinga sazovor. EChLda «Real» «Bayer»ni taslim etib, bosh sovringa ega chiqadi.
O‘sha yili birorta ijtimoiy tarmoq hali yaratilmagan edi. Faqat 2004 yilga kelib, "Facebook"ga asos solinadi. Rossiyada chempionlikni «Lokomotiv» qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘zimizda «Paxtakor»ga teng keladigan jamoa topilmagan. Angliyada «Arsenal», Ispaniyada «Valensiya» ichki birinchilikda g‘olib chiqadi. Butun dunyo kinoteatrlarida Garri Potterning ikkinchi filmini tomosha qilayotgan paytlar. Oskar mukofoti «Aql o‘yini» filmiga topshirilgan bo‘lib, Shakira pop musiqa olamini zabt etishni boshlagan davr.
Yuqorida zikr qilingan voqealarni yodga olar ekanmiz, «Sporting» necha yillik tanaffusdan keyin taxtga qaytgani ma’lum bo‘ladi.
2018 yil. Futbolchilar muxlislarni kaltakladi
«Sherlar» ikkinchi o‘rinni egallash bilan band bo‘lgan paytda, «Portu» 11 bor, «Benfika» 7 marta oltin medallarga ega chiqdi. Tajribali Jorje Jezusning «Sporting» bilan shartnoma imzolagani ham naf keltirmadi. Murabbiy qo‘l ostida klub «Benfika» bilan to‘qnashuvda g‘alaba qozona olmadi. Bundan «Portu» unumli foydalanib ketdi. Durang sababli «sherlar» Benfikani ikkinchi o‘ringa o‘tkazib yubordi. Natijada jamoa EChL yo‘llanmasini ham qo‘ldan chiqardi.
Chempionlik so‘nggi turlarda qo‘ldan chiqib ketgach, futbolchilar g‘azab bilan muxlislar sha’niga keskin so‘zlarni aytib yubordi. Jamoa o‘z uyida «Martimu»ga mag‘lub bo‘lgach, muxlislar darvozabon - Rui Patrisiuga va Vilyam Karvalyuga mashinalar turar joyida hujum uyushtirdi. Huquqni himoya qiluvchi organ vakillari ishga aralashib, vaziyatni bartaraf etdi. Ertasi kuni chinakam fuqarolar urushi boshlandi. 50 dan ortiq muxlis jamoa bazasiga hujum uyushtirdi. Futbolchilardan tortib, bosh murabbiyga qadar kaltaklandi.
2 oy o‘tgach, jamoa prezidenti janjallarni tashkil etishda gumon qilindi. Sud boshlandi, lekin hech kim prezidentni aybini isbotlay olgani yo‘q. Hujum qilganlarning 5 tasi 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng, etakchi futbolchilar turli klublarga ravona bo‘ldi. Bas Dost Bundesligaga ketdi. Jelson va Andre Silva «Monako» bilan shartnoma imzoladi. Vilyam Karvalyu La Liga sari yo‘l oldi. Soddaroq qilib aytganda, 2 yil ichida «Sporting»ni 27 futbolchi tark etdi.
2020 yil. Fernandeshning ketishi xalal bermadi!
«Sporting» qanchalar istamasin, Brunu Fernandeshni jamoada olib qolishni uddalay olmadi. Yarim himoyachi «Manchester Yunayted»dan kelib tushgan taklifni qabul qildi. Omadsiz mavsumlardan so‘ng, rahbariyat 35 yoshli Ruben Amorimni bosh murabbiy etib tayinladi. Vaholanki, Amorim 9 mavsum «Benfika» sharafini himoya qilgan, bundan avvalgi ish o‘rni «Portu» jamoasida edi. Shunga qaramay, tavakkal qaror o‘zini oqladi.
«Braga»ga murabbiy uchun «Sporting» 10 million evro to‘lagani ma’lum bo‘lgach, muxlislar yana to‘polon qilishni boshladi. Ular tajribasiz mutaxassisni «Portu» va «Benfika»dek granlar bilan kurash olib borishiga ko‘zi etmaydi, deb o‘ylagani rost. Ruben esa, bu paytda yangi «Sporting» haqida bosh qotirishni boshlab yuborgan edi.
2021 yil. Rekordga qadar ikki o‘yin qoldi
Portugaliya chempionatida yangi qirol nomi aniq bo‘ldi. «Sporting» 25 g‘alaba va 7 durang bilan mutlaq etakchi, turnir yakunlanishiga 2 o‘yin qoldi. Agar jamoa «Benfika» va «Martimu» bilan bahsda mag‘lub bo‘lmasa, yangi formatdagi chempionat tarixida mag‘lubiyatsiz mavsum o‘tkazgan ilk klubga aylanadi. «Benfika» va «Portu» shu kunga qadar hech kimga taslim bo‘lmay, oltin medallarga ega chiqmagan.
Portugaliya chempionatida so‘nggi bor engilmas klub nomini «Benfika» o‘ziniki qilgan edi. 1973 yilda «burgutlar» 30 uchrashuvning 28 tasida g‘alaba qozongan (2 durang). Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘sha paytlar Portugaliya chempionatida 16 klub ishtirok etgan. Hozirga qadar «Benfika»dan boshqa hech bir klub mutlaq engilmas nomini o‘ziniki qilmagan.
Hozirgi «Sporting» har jabhada o‘sib kelyapti. Yosh murabbiy bilan birgalikda Pedro Gonsalvesh ham yulduz darajasiga chiqib kelmoqda. 22 yoshli forvard hozir turnir snayperlari ro‘yxatini 18 gol bilan boshqarib kelmoqda. 18 yoshli Nunu Mendesh esa, tez orada butun Evropaning og‘ziga tushishi aniq. Jamoa sardori - Koates chinakam qal’a misol harakat qilyapti. Neto va Joau Mariu hozirgi «sherlar»ning suyagini tashkil etadi. Brunu Fernandeshdek ijrochini yo‘qotganiga qaramay, klub o‘zini tutib olgani tahsinga sazovor.
Ronalduga hayratda!
Krishtianu Ronaldu sobiq jamoasini uzoq yillar davomida kutilgan sovrin bilan tabriklashni unutgani yo‘q. Bu ishi bilan Krish faoliyatining so‘nggi mavsumlarini «Sporting»da o‘tkazmoqchi ekanligini sha’ma qilgandek tuyuldi. Hozir Ronaldu yana kamida ikki yillik shohona maosh ko‘rsatilgan shartnomaga qo‘l qo‘ymoqchi. Shu bois, «Yuventus» bilan muzokaralar olib borilyapti. Lissabon klubi uning ro‘yxatida so‘nggi pog‘onada ekanligi aniq.
Shunga qaramay, «Sporting» varianti chakki emas. Bu erda «Yuve» forvardining o‘g‘li tahsil olishi, oilasi vatanda bo‘lishi mumkin. Ronalduning onasi istiqomat qiladigan Madeyra shahri ham uzoq emas. Agar Ruben qurgan jamoa xalqaro maydonda ham o‘zini ko‘rsata olsa, Ronaldu hammasini boshlagan nuqtasiga qaytib kelishi hech gap emas.
Fikrlar