Rossiya chempioni Mirjalol Qosimov jamoasi rekordini yangiladi!

  • 23 aprel, 2023, 18:11
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiyaning ko‘p karra chempioni “Zenit” Premer-liganing 24-turida poytaxtning “Dinamo” jamoasini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Sergey Semak shogirdlari shu tariqa 24 ta o‘yinda to‘plagan ochkolari sonini 58 taga etkazdi. Bu Rossiya futboli uchun yangi rekord sifatida qayd etildi.

Bungacha eng yaxshi ko‘rsatkichni “Alaniya” jamoasi ko‘rsatgan edi. Vladikavkazliklar 1995 yili bosh murabbiy Valeriy Gazzaev qo‘l ostida 24 ta uchrashuvda 57 ochko jamg‘argan va oxir-oqibat o‘z tarixida ilk marotaba chempionlikni nishonlagan edi.

294748_680

O‘shanda o‘z tarixida yagona chempionligiga sazovor bo‘lgan “Alaniya” yuqori divizionda Moskvaning “Spartak” jamoasi gegemonligini sindirgan birinchi klub bo‘lgandi. Chempionlik mavsumining qahramonlaridan biri o‘zbek futbolining yorqin yulduzi Mirjalol Qosimov bo‘lgan. Hamyurtimiz ishonchli o‘yini, aniq paslari va gollari bilan vladikavkazliklarning oltin medalga ega chiqishiga juda katta hissa qo‘shgan.

1995 yilgi mavsumda Mirjalol Qosimov “Alaniya” tarkibida Rossiya chempionatida 22 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini o‘n marotaba ishg‘ol qilgan. Yarim himoyachi bo‘lishiga qaramay, jamoa to‘purarlari orasida ikkinchi natijani qayd etgan. Mirjaloldan ko‘p o‘yin o‘tkazgan markaziy hujumchi Mixail Kevalashvili o‘z hisobiga 12 ta gol yozdirib qo‘ygan edi.

O‘sha yili Rossiya chempionatida Mirjalol Qosimovdan tashqari yana ikki nafar futbolchimiz rus klublari sharafini himoya qilgan. Jumladan, yarim himoyachi Igor Volkov Moskvaning “Torpedo” jamoasi safida 22 ta uchrashuvda qatnashib, ikki marta gol urishni uddalagan.

Himoyachi Aleksey Ryazantsev esa, Samaraning “Krilya Sovetov” jamoasi asosiy tarkibida 23 marta maydonga tushgan. Bu futbolchi 1998 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ettita o‘yin o‘tkazgan.

Mirjalol Qosimov Rossiyadagi barcha sovrinlarini aynan “Alaniya” jamoasi o‘yinchisi sifatida qo‘lga kiritgan. Legionerimiz 1992  va 1996 yillari chempionatni ikkinchi o‘rinda yakunlab, kumush medalga sazovor bo‘lgan.

O‘zbek futbolida yorqin iz qoldirgan Mirjalol Qosimov UEFA xalqaro turnirlarida gol urgan birinchi o‘zbek futbolchisi hisoblanadi. Mohir pleymeyker 1995 yilning 12 sentyabr kuni UEFA kubogi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda mashhur “Liverpul” darvozasini ishg‘ol qilgan edi.   

volga (2)

Ta’kidlash joizki, “Alaniya” doim o‘zbekiston futbolchilarning mahoratini yuqori baholab kelgan. Bu jamoada  Mirjalol Qosimovdan tashqari turli yillarda Gennadiy Denisov, Andrey Fyodorov, Igor Shkvirin, Baxtiyor Ashurmatov, Pavel Bugalo, Marat Bikmaev, Davron Fayziev, Sanjar Tursunov kabi futbolchilarimiz to‘p tepgan.

Bugungi kunda Rossiya birinchi ligasida o‘ynayotgan va yuqori divizionga qaytish uchun kurashni davom ettirayotgan “Alaniya”da Husayn Norchaev o‘ynamoqda.  

Legionerimiz supergol urdi va jamoasi to‘purariga aylandi!

Bu mamlakatda 20 nafar o‘zbek legioneri to‘p tepmoqda

O‘zbekiston to‘purarlari nechanchi o‘rinda?

Kelishilgan o‘yinlar balosi: Legionerlarimiz jamoasi Evrokubokdan chetlatilishi kutilmoqda!

Shomurodov hammasini o‘zgartirib yuborishi kerak edi...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!