
Ro‘zimboy Ahmedov: "Buxoro"ning tarkibi Superligaga chiqishga qodir!"
SPORTS.uz saytida "Etakchi" loyihasi davom etadi! Bizning navbatdagi suhbatdoshimiz "Buxoro" klubi etakchisi Ro‘zimboy Ahmedov.
Bu yil "Buxoro" deyarli yangilandi, jamoamizning 70% futbolchisi boshqa klublardan tarkibga kelib qo‘shilgan. Pro-ligada endigina 5 ta o‘yin o‘ynadik, shu sabab jamoadoshlarim bilan bir-birimizni to‘liq tushunib ketdik deya olmayman. Qo‘ldan kelgancha harakat qilyapmiz.
Ko‘rganingizdek, so‘nggi bahsda ham birinchi bo‘limda kutilgan futbolni namoyish eta olmadik, ammo ikkinchi taymda barchasi ijobiy tomonga o‘zgardi. Barchasi bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda. Ayni paytda futbolchilar o‘rtasidagi aloqa avvalgidan ko‘ra yaxshiroq. O‘ylaymanki, uslubni to‘liq yo‘lga qo‘yib olishimiz uchun yana 2-3 o‘yin kifoya qiladi.
Bosh murabbiyning taktikasi haqida fikringiz qanday?
Biz Hakim Fuzaylov bilan Samarqandning "Dinamo" klubida birga ishlagan edik. Uni o‘ziga yarasha qattiqqo‘l, talabchan va o‘z navbatida, qarorlarni bosiqlik bilan qabul qiluvchi mutaxassis deb bilaman. Har bir bellashuvdan so‘ng natijani etarlicha tahlil qilib chiqadi. Uning tajribasi oldimizdagi o‘yinlarda qo‘l keladi hamda oldimizdagi vazifani bajara olamiz deb o‘ylayman.
O‘zi klub oldiga qanday vazifa qo‘yilgan?
Birinchi navbatda Superligaga yo‘llanma qo‘lga kiritish va O‘zbekiston Kubogida pley-off bosqichida o‘ynash. Hozircha Pro-ligada yomon harakat qilmayapmiz, peshqadam bilan 3 ochkolik farqimiz bor. Hali oldimizda o‘yinlar ko‘p va ularda g‘alaba qozonishga maksimal harakat qilamiz. Tarkibimiz bunga qodir.
Fazliddin Abdurahmonov suhbatlashdi
Fikrlar