
Ro‘ziqul Berdiev: Bugun vodiydan qaytib, yana vodiy sari otlanadigan bo‘ldik
O‘zingizga ma’lum, bugun O‘zbekiston Coca-Cola Kubogi 1/8 final uchrashuvlari o‘z nihoyasiga etdi va keyingi bosqichga chiqqan barcha jamoalarning nomlari ham aniq bo‘ldi.
Barcha uchrashuvlar nihoyasiga etganidan so‘ng, qur’a tashlandi va uning natijasiga ko‘ra, “Nasaf” jamoasi yana bir bor vodiyga safar qiladigan bo‘ldi.
“Ajdarlar” O‘zbekiston Coca-Cola Kubogi 1/4 finalida Namanganning “Navbahor” jamoasi mehmoni bo‘ladi. Marosim yakunlaganidan so‘ng, “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev klub matbuot xizmatiga qur’a natijalari haqida o‘z fikrini bildirdi.
- O‘zlaring bilasizlar, kecha Andijonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng, bugun tushga yaqin Qarshiga etib keldik. Keyingi bosqichda o‘z uyimizda, muxlislarimiz qarshisida o‘ynaymiz, deb umid qilgandim, lekin qur’a shuni ko‘rsatdiki, bugun vodiydan qaytgan bo‘lsak-da yana vodiyga ketadigan bo‘ldik.
Barchaga ma’lum, bu yilgi O‘zbekiston kubogi finali Namanganda bo‘lib o‘tadi. Tabiiyki mezbonlar ham shunga yarasha o‘yin ko‘rsatadi. Vaholanki, “Navbahor” jamoasi o‘z uyida yaxshi futbol namoyish etadi. Muxlislar qiziqarli va shiddatli bahsga guvohi bo‘ladi, deb o‘ylayman, - deydi Ro‘ziqul Berdiev.
Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” – “Nasaf” uchrashuvi 12 dekabr kuni soat 16:00 da Namangandagi “Navbahor” markaziy stadionida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar