
Ro‘ziqul Berdiev: "Shogirdlarimga chiroyli o‘ynanglar demadim, jang qilish kerakligini uqtirdim"
Superligada 18-tur o‘yinlari davom ettirildi. "Nasaf" klubi tur safarda "Navbahor" bilan kuch sinashdi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bellashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Muxlislarimizni tabriklayman. Kutganimizdek kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. Yigitlar bugun maydonda jang qilishdi. Bahs davomida "Navbahor"da ustunlik bo‘ldi, ammo biz g‘alaba qozondik. Bu biz uchun muhim edi.
- Chempionlik intrigasi yakuniga etdimi?
- Biz juda yaqinmiz. O‘yinlarimiz orqali bunga munosib ekanligimizni ko‘rsatyapmiz. Oxirigacha kurashamiz. Oldindan hech narsa demoqchi emasman.
- "Nasaf" o‘zaro qarama-qarshiliklarda kuchli raqiblar bilan o‘rtacha o‘ynab ham g‘alabani ilib ketayotganining siri nimada?
- Bizning kuchli ishtiyoqimiz rol o‘ynamoqda. Yigitlardan chiroyli futbolni so‘raymiz, ammo natijaga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, tartibli o‘yinimiz ham ochko olishimizga sabab bo‘lmoqda.
- OChL doirasidagi o‘yin arafasida "Navbahor" bilan bahs katta ahamiyat kasb etdimi?
- Biz uchun uchrashuv juda muhim edi. Zaxira o‘rindig‘imiz keng. Bugun jamoamizga yordam bera olmagan 3 futbolchi ham OChLda yordam beradi. Oson bo‘lmaydi. Bizni Quvvayt chempioni bilan bahs kutmoqda. Ob-havo ham farq qiladi.
- To‘p bilan ishlashda muammolar ko‘zga tashlandi, maydonning ahvoli bunga ta’sir qildimi?
- Maydon haqida hech narsa demayman. Shogirdlarimga bugun chiroyli o‘ynanglar deb aytmadim. Chiqib jang qilish kerakligini uqtirdim. Bizning chiroyli o‘yinimizni hech kim ertaga eslamasligi mumkin, ammo natija juda muhim.
- "Navbahor" bilan yil davomida 3 marotaba to‘qnash keldingiz. 3 murabbiyga qarshi o‘ynadingiz. Ularni taqqoslay olasizmi?
- Xo‘sh, buni chuqur o‘ylash kerak. Raqib tarkibida kuchli futbolchilar yig‘ilgan. Murabbiylarning o‘z qarashi bo‘ladi. Kolosovskiy 5 ta himoyachi bilan o‘ynagani yodimda, Babayan hujumlarga tezroq o‘tishga e’tibor qaratgan vertikal futbolni qo‘llaydi. Yangi murabbiy bilan to‘p nazoratiga e’tibor qaratmoqda.
- "Nasaf"ni zich taqvim kutmoqda, jismoniy tayyorgarlik masalasida muammo kuzatilmaydimi?
- Albatta, jamoa tonusda bo‘lmasa-da, jismonan tayyor bo‘lsa muammolarni yopib ketishi mumkin. Zaxiramiz keng. Bundan foydalanamiz.
Fikrlar