Ruslan Chagaev boks olamidagi shou janglar va Roy Jons haqida o‘z fikrini bildirdi

  • 30 noyabr, 2021, 17:19
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

O‘zbekiston boksining yaqin o‘tmishgdagi mashhur bokschilaridan biri, og‘ir vazn toifasida WBA chempioni bo‘la olgan, havaskor boksda ko‘plab sovrinlarni sohibiga aylangan Ruslan Chagaev bilan bog‘lanib, hozirda avj olayotgan boks shoulari jumladan, MMA vakillariga qarshi boks janglari, faoliyatini yakunlagan bokschilarning o‘zaro to‘qnashuvlari borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.

- Ruslan aka kuni kecha MMA jangchisi Frenk Mir bilan Kubrat Pulev o‘zaro boks borasida jang o‘tkazdi. Sizga ham MMA jangchilaridan taklif bo‘lsa, qabul qilarmidingiz?

- Aslo yo‘q. Chunki, bunday janglarni xohlamayman.

- O‘zingiz qatori faoliyatini yakunlagan bokschilar bilanchi, Roy Jons va Mayk Tayson kabi shou janglar o‘tkazishga qanday qaraysiz?

- Buni ham istamayman. Sababi faoliyatimni yakunladim. Bu qarorni har tomonlama o‘ylab qabul qilganman. Nima keragi bor? Mayli, Mayk Tayson bir marotaba jang qildi. Biroq, Roy Jons Taysondan avval ham mana shunday janglarning bir nechtasida ishtirok etdi. Bir necha marotaba yiqildi. Ular o‘z vaqtining yulduzlari, jahon chempionligiga erishishgan. Yuqori obro‘sini qaysidir ma’noda mana shunday janglari bilan to‘kdi, desam yanglishmagan bo‘laman.

- Yuqori gonorar ham fikringizni o‘zgartirmaydimi?

- Yo‘q. Puldan ham muhimroq narsalar bor. Aslida, men bunday janglar o‘tkazishga qarshiman. Muxlislar ko‘z o‘ngida o‘sha g‘alabali davrimiz va garchi, mag‘lubiyatga uchragan onlarimizdagi bo‘lsa ham, yuqori darajadagi holatimiz bo‘yicha qolishimni xohlayman.

- Javoblar uchun rahmat va o‘z o‘rnida promouterlik va boshqa ishlaringizga rivoj tilaymiz!

Sizlarga ham rahmat va fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarimizga sog‘lik va salomatlik tilayman!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!