
Samarqandda bolalar uchun ikkinchi velomarafon tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Velosport federatsiyasi hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Samarqand shahrida “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”ga bag‘ishlab maktabgacha yoshdagi bolalar o‘rtasida II velomarafon o‘tkazildi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Narbaeva, O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi.
Samarqand shahar MTMlarining 6 yoshdagi 120 nafar ishtirokchilari Alisher Navoiy ko‘chasi (Savdo-sanoat palatasi oldidan SamDU Fizika fakultetiga qadar) bo‘ylab harakatlandilar.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan dastlabki velomarafon 2021 yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan edi. Shu bilan birga, 2021 yilda maktabgacha ta’lim tizimiga ekologik ta’lim-tarbiyani hamda bolalar uchun begovel haydash metodikasini joriy etish bo‘yicha loyiha ishga tushirildi. Mazkur tashabbus maktabgacha yoshdagi bolalarning bu boradagi bilimlarini oshirish imkonini berdi. Buning uchun 13 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 400 ta begovel bilan ta’minlandi. Joriy yilda esa, loyiha doirasida 20 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tanlab olinib, ularga 500 ta begovel taqdim etildi.
Bolalar velomarafonining asosiy maqsadi atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil transport turidan foydalanish sohasida barqaror ko‘nikmalarni rivojlantirish, shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalar o‘rtasida velosportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va xulq-atvor madaniyatini oshirish, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga o‘rgatishdan iborat.
Samarqand shahridagi velomarafonda ishtirok etgan bolalar esdalik medallari, sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Fikrlar