Samvel Babayan: "Ishonch bilan aytaman ki, 2026 yilgi mavsum eng qiziqarlisi bo‘ladi"

  • 30.01.2026 21:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Xabaringiz bor, "Andijon" klubi ham Turkiyaning Antaliya shahrida shugʻullanmoqda.

Shu bilan birga oʻrtoqlik uchrashuvlari ham tashkil etilmoqda. Kecha Qozogʻistonning "Kaspiy" klubiga qarshi oʻtkazilgan oʻrtoqlik uchrashuvida raqib jamoa 1:0 hisobida gʻalaba qozondi.

"Andijon" ustozi Samvel Babayan “Kaspiy” klubiga qarshi boʻlib oʻtgan oʻrtoqlik oʻyinidan keyin mazkur bellashuv hamda qur’a haqida klub matbuot xizmatiga oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Biz mavsumga tayyorgarlikni davom ettirmoqdamiz. Bu safar “Kaspiy” jamoasiga qarshi oʻyin jismoniy tiklanish ishlariga boy boʻlgan tayyorgarlikning birinchi bosqichini yakunlab berdi. Ushbu uchrashuv futbolchilarning funksional holatini yaxshilash, oʻyin shakli va oʻyin sur’atini oshirishga qaratildi. Tayyorgarlikning ushbu bosqichida deyarli barcha futbolchilarga bir xil oʻyin vaqti berildi. Charchoq sharoitida har bir futbolchining individual sifatlarini koʻrish, ularning oʻyin imkoniyatlarini hamda biz taklif qilayotgan oʻyin taktik modeliga qoʻyilayotgan talablarni qanday qabul qila olishini baholash biz uchun muhim edi.

Qur’aga kelsak, umuman olganda, kim va qachon raqib boʻlib toʻgʻri kelishi katta ahamiyatga ega emas. Qur’a tashlashning oʻzi mavsum yaqinlashayotganining aniq belgisi. Shuning uchun katta qiziqish uygʻotmoqda.

Har bir jamoa 15 ta uyda va 15 ta mehmonda, jami 30 ta oʻyin oʻtkazadi. Barcha jamoalarning moddiy-texnik bazasi sezilarli darajada oʻsdi. Har bir jamoada sifatli futbolchilarni taklif qilish imkoniyati mavjud.

Ishonch bilan ayta olaman, 2026 yildgi mavsum eng qiziqarlisi boʻladi. Chunki koʻplab jamoalar oʻz oldiga yuqori maqsadlarni qoʻygan, oson oʻyinlari boʻlmaydi”, - deya fikr bildirdi Samvel Vyacheslavovich.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!