Sarvar Karimov: "Ayni paytda nafaqat darvozada, balki, barcha pozitsiyalarda sifatli futbolchilarni topish qiyin"

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Xabaringiz bor, ayni paytda "Bunyodkor" jamoasi chempionatga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Turkiyada yig‘in o‘tkazmoqda. Shu munosabat bilan Sports.uz sayti "qaldirg‘ochlar" darvozaboni Sarvar Karimov bilan suhbat uyushtirdi. Quyida ushbu intervyu bilan batafsil tanishib chiqishingiz mumkin.

– Turkiyadagi yig‘in haqida fikringiz qanday? Jamoa mashg‘ulotlaridan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?

– Turkiya yig‘ini a’lo darajada o‘tmoqda. Mashg‘ulotlar kuniga 2 mahal o‘tkazilmoqda. Hozirda 5 ta o‘rtoqlik o‘yini rejaga kiritilgan. Mana shu yig‘in orqali jamoa o‘yin uslubini shakllantirish maqsad qilingan.

Bu erdagi mashg‘ulotlardan qanchalik ko‘ngil to‘lgan-to‘lmaganligini yig‘in oxiridagi natijalarga qarab bilib olamiz.

– Jamoadagi raqobat, umuman, boshqa darvozabonlar haqida nima deya olasiz? 

– Bu yil jamoamiz asosi yoshlardan tashkil topgan. Barcha o‘z pozitsiyasi uchun bor kuchi bilan raqobatga kirishgan. Darvozabonlarga kelsak, yonimda Superligada nom qozonishga ulgurgan 2ta tajribali va iqtidorli posbon bor. Safaev va Sultonov bilan raqobatlashish - mening eng katta yutug‘im. Sababi, ular juda ko‘p o‘yinlarda ishtirok etgan va tabiiyki, ulkan tajribaga ega. Ulardan ko‘p narsa o‘rganish mumkin.

Men shu paytgacha doim O‘zbekistonning eng zo‘r darvozabonlari bilan bir jamoada to‘p tepganman: Bugalo, Nesterov, Jo‘raev, Ikromov, Yusupov shular jumlasidan. Mana shunday kuchli darvozabonlar bilan birga mashg‘ulotlarda ko‘p saboq olganman.

Shu qatorda Safaev va Sultonov ayni vaqtda O‘zbekistonning eng iqtidorli darvozabonlari. Ulardan ham ancha narsa o‘rgansa bo‘ladi.

sarvar_1

– Klubning bu mavsumda ko‘zlagan asosiy maqsadi nima? Sizningcha, "qaldirg‘ochlar" chempionlik uchun kurashishga tayyormi?

– Jamoamizning bu yilgi asosiy maqsadi - yoshlarga e’tibor qaratish. Iste’dodli va iqtidorli futbolchilarni tarbiyalab, ularga ko‘proq imkon berish ko‘zda tutilgan. "Bunyodkor" - o‘z akademiyasiga ega jamoa. Yuqori salohiyatli yosh futbolchilar etarlicha topiladi. Chempionlik haqida gapiradigan bo‘lsam, har bir klub kabi biz ham chempionlik va sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boramiz.

– Bilishimizcha, sizning bo‘yingiz darvozabonlar uchun normal hisoblanmaydi. Bu sizga qiyinchilik tug‘dirmaydimi yoki buning o‘ziga hos afzalliklari bormi?

– Ha, darvozabon uchun balandroq bo‘lgani yaxshi. Shunda sizning imkoniyatlaringiz yuqoriroq bo‘ladi. Mening bo‘yim rostan ham normal hisoblanmaydi. Lekin nolimayman, Xudo meni shunday yaratgan. Xudoga shukr, bo‘yim past bo‘lishiga qaramay, Jahon, Osiyo chempionatlarida, shuningdek, Superliga va kubok singari nufuzli musobaqalarda ishtirok etdim.

sarvarkarimov

– Oxirgi yillarda yurtimizda sifatli posbonlar kamayib ketmoqda. Bunga sabab sifatida nimani ko‘rsata olasiz?

– Ayni paytda nafaqat darvoza chizig‘i, balki, barcha pozitsiyalarda sifatli futbolchilarni topish qiyin. O‘zbekistonda iqtidorli futbolchilar ko‘p, ammo xalqaro maydonga chiqqanda ular o‘zini ko‘rsata olmayapti. Buning sababini esa murabbiylar topishi kerak. Kamchiliklarimiz, yutuqlarimiz nimada ekanligini ular chetda turib kuzatadi.

– Siz uchun hozirda O‘zbekistondagi eng kuchli 3ta darvozabon kim?

– Mening fikrimcha, O‘tkir Yusupov, Umidjon Ergashev va Sanjar Quvvatov.

Shohrux Zoirov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!