
"Sekeyrani oldin bilmasdim, muammo chiqarmasdan tinchgina ketdim, menga "Lokomotiv"da ikkita narsa etishmadi...yoxud Bardankaning hech qaerda aytmagan gaplari
Mavsum boshida Toshkentning “Lokomotiv” klubiga qo‘shilgan ispaniyalik himoyachi Diego Bardanka birinchi davra bahslari tugamasidan oldin jamoani tark etgandi.
Kuni kecha u Polshaning “Pusha” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Lekin uning dilida aytilmagan gaplari qolib ketgandi. Sports.uz muxbiri bilan suhbatda futbolchi bir qator e’tiborga molik fikrlarini bildirdi.
- Diego, sizning “Lokomotiv”dagi faoliyatingiz uzoq davom etmadi. Kutilmaganda klubni tark etish haqida o‘yladingizmi yoki u erda sizga biror nima yoqmadimi?
- Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, rostdan ham bu men uchun juda kutilmagan va zudlik bilan sodir bo‘lgan voqea bo‘ldi. Aytganingizdek, O‘zbekistonda juda qisqa vaqt davomida bo‘ldim. Lekin ushbu mamlakatdagi olgan tajribam uchun juda minnatdorman. Barchangizdan xursandman. Yaxshi va yomon jihatlar har qanday holatda ham mening o‘sishimga yordam beradi. Men inson va professional futbolchi sifatida ushbu mamlakatda o‘sishga erishdim.
- Sizni “Lokomotiv”ga Sekeyra taklif qilgan. Keyin esa u sizni ba’zi o‘yinlarda zaxirada qoldirdi. Murabbiy bilan kelishmovchilik bo‘lganmi?
- Sizga to‘g‘risini aytsam, men Sekeyrani oldin bilmasdim. Albatta, uni juda hurmat qilaman. Undan maydonga tushgan paytlarimda buning sababini so‘ramaganim kabi, o‘ynamagan paytlarimda ham bu ishni qilmaganman va nega maydonga tushmaganim borasida murabbiy bilan gaplashmaganman. Shunchaki, o‘zimni eng yaxshi o‘yinimni ko‘rsatishga hamda tezroq asosiy tarkibga qaytishga va har qanday holatda jamoaga yordam berishga harakat qildim, professional futbolchi sifatida. Buni futboldagi asosiy vazifam va burchim deb hisoblayman. O‘zbekiston Kubogida “Andijon”ga qarshi to‘p surganimizda eng yaxshi o‘yinchi deb topildim. “Aral Samali” bilan ham yaxshi o‘ynadik. Ammo keyin menga etarlicha imkoniyat berilmadi.
- Nima deb o‘ylaysiz, balki klubdan ketishga shoshilgandirsiz?!
- Klub menga iqtidosiy holati haqida gapirib berganidan so‘ng, tark etdim.
- Demak, “Loko”ni moliyaviy muammo sababli tark etganingiz rost ekanda?!
- Klubdan ketishimning asosiy sababi aynan iqtidosiy tomoni edi. Ular menga moliyaviy muammo borligini aytganlari uchun ketdim. Men doim jamoaga yordam berishni xohlaganman. Albatta, klubdagi vaziyatni to‘g‘ri tushunganman. Oxirgi vaziyatda ham ularning qarorini to‘g‘ri tushundim. Muammo yuzaga keltirmasdan tinchgina ketishni ma’qul ko‘rdim. “Lokomotiv”ga endi qo‘shilgan paytimda aytganman: men klubga yordam bermoqchiman! O‘ylaymanki, u erdagi birinchi kunimdan oxirgi kunimgacha so‘zimning ustidan chiqishga harakat qildim. Hattoki, o‘zimdan voz kechib bo‘lsa ham jamoa manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ya oldim.
- “Lokomotiv” klubining ko‘proq nimasi sizga yoqdi?
- “Lokomotiv”dagi faoliyatimda eng yoqqan narsa, shubhasiz u erdagi insonlar. Odamlar menga juda yoqdi. Ular mening muhitga tezroq moslashib ketishimga yordam berishdi. “Lokomotiv”da mehribon va samimiy insonlar ishlashadi. Shifokorlar, kiyim yuvuvchilar, oshpazlar, tozalovchilar, bog‘bonlar, butun boshli klub tizimi, jamoa atrofidagi barcha shaxslar va ayniqsa, jamoadoshlarim menga katta yordam berishdi. Menda barchasi yaxshi taassurot qoldirdi. Shuningdek, men muxlislar va siz jurnalistlarni ham e’tirof etishni ma’qul topgan bo‘lardim. Sizlar mening O‘zbekistondagi faoliyatim osonroq o‘tishida katta yordam berdinglar.
- Sizningcha, “Lokomotiv” bu yil qaysi o‘rinni egallay oladi?
- Ochig‘i, bilmayman. Taxminlar qilish doim qiyin. Bizda potentsial yuqori edi. Buni maydonda ham ko‘p o‘yinlarda isbotlay oldik. Mavsum avvalida esa chempionlikni maqsad qilgandik. Balki bu yo‘lda yanada ko‘proq mehnat qilish kerakdir. Simeone ta’biri bilan aytganda, o‘yindan-o‘yingacha. Yaxshi jamoa va yaxshi natijalarni keltirish uchun ko‘p narsalar kerak bo‘ladi. Avvalambor, ajoyib o‘yinchilar va bu bizda bor bo‘lgan jihat edi. Lekin menga “Lokomotiv”da futbolchi sifatida ikkita narsa etishmadi deb o‘ylayman: vaqt bilan sabr!
- O‘zbekiston chempionatiga ispaniyalik futbolchi keldi deyishganida albatta sizga juda qiziqqandik. Aslida bu erga kelishdan asosiy maqsadingiz nima edi?
- Mening ushbu ligaga kelishim uchun eng katta sabab – bu uning kuchi edi. Bilamanki, O‘zbekiston chempionati Osiyodagi eng yaxshilaridan biri. Mamlakatingiz futbolining potentsiali bilan yaxshi tanish edim. Futbolga yondashuv uslubingiz va futboldagi xissiyotlaringiz menga tanish edi. Muxlislar esa o‘z klublarini fantastik darajada qo‘llab-quvvatlashadi. Bungacha “Lokomotiv”ni bilardim. Bu klub O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi kuchli jamoalaridan biri edi. Ushbu klubga kelishim mening faoliyatimda katta qadam edi. Afsuski, futbolda, hayotda hammasi reja bo‘yicha ketmaydi va rejalardan tashqariga ham chiqib ketishi mumkin. Lekin bu erga kelganimdan va faoliyat yuritganimdan hech qachon achinmayman. Ochig‘i, kelgusida yana O‘zbekistonga qaytishni xohlagan bo‘lardim. Balki murabbiy, balki futbolchi sifatida. Bunga doim tayyorman. Menda o‘zbek futbolini rivojlantirish uchun bir qancha idea va g‘oyalar mavjud. Bu mamlakat olmosga o‘xshaydi.
- O‘zbekistonda qaysi futbolchi sizga eng yaqin do‘st bo‘lib qolgan?
- Men jamoa bilan juda ahil edim. To‘g‘ri, boshida oson bo‘lmagan. Chunki klubda chet ellik yagona futbolchi edim. Jamoada meni juda yaxshi kutib olishgan. Hammasi ajoyib yigitlar. Men Abdumavlon Abdujalilov bilan yaxshi chiqishardim. U doim har safarimizda menga xonadosh bo‘lardi. Shuningdek, Islom Qobilov, Javohir Siddiqov, Kaxi Maxaradze, Sanjar Qodirqulov bilan ham yaxshi aloqada edim. Hozirda ham ular bilan tez-tez gaplashib turamiz.
- Umuman aytganda, O‘zbekiston chempionati sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Rostini aytaman, menga O‘zbekiston chempionati yoqdi. Stadionlardagi muhit ham ajoyib edi. Muxlislarga gap yo‘q. Bu erda yaxshi darajadagi futbolchilar bor. Chempionat to‘g‘ri yo‘lda rivojlanib boryapti. O‘ylaymanki, Superliga yanada rivojlanib ketishi kerak. Aytib o‘tganimdek, sizlarda juda yaxshi potentsial mavjud. O‘zbek futbolidagi kichik detallarni hal qilib olgan taqdirda futbolingiz yangi bosqichga ko‘tarilishi kerak. Ko‘p o‘yinlarni kuzatib chiqdim. Raqiblarimni tahlil qilishni yaxshi ko‘raman. Ularning taktikalari, qanday qilib to‘xtatib qolish mumkin, jamoadagi vaziyat, hammasini kuzataman. Shu jihatdan komil ishonch bilan ayta olamanki, Superligada yaxshi darajadagi iste’dodlar juda ko‘p. “Paxtakor” hozirda eng yaxshi jamoa. Jadval bizga buni ko‘rsatib turibdi. Ularda kuchli o‘yinchilar bor. Jamoa sifatida esa “Nasaf”ning o‘yini menga ko‘proq yoqdi. Yaxshi o‘ynashadi va futbolchilari bir-birini zo‘r tushunishadi. “So‘g‘diyona”ni ham ta’kidlab o‘tishni xohlardim. Himoyaviy o‘yinda ular yaxshi. Bir-biriga doim yordam berishadi. Juda ham jipslashgan jamoa. “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etish qiyin. “Bunyodkor” va “Metallurg” ham yaxshi taassurot qoldirdi. Bu jamoalar to‘p bilan o‘ynashni yaxshi ko‘rishadi. Ularning asosiy falsafalari o‘yinni orqa chiziqdan boshlab qurish. Maydonning to‘rtdan uch qismida vertikal futbol o‘ynaydi. Menga bunday o‘yin uslubi yoqadi. O‘zbek futbolida bu kabi yaxshi jamoalar ko‘p. Ularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim va raqobatda bo‘lganimdan faxrlanaman. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasini ham porloq kelajak kutib turibdi.
- Sizga Superligadan yana taklif bo‘lsa, nima qilasiz?
- Ushbu transfer bozorida O‘zbekistonning boshqa jamoalaridan takliflar bo‘ldi. Biroq ularni qabul qila olmasdim. Chunki Polshaning “Pusha” klubi bilan shartnoma bo‘yicha kelishib qo‘ygandim. O‘zbekistonda ko‘p narsalarni o‘rganishga ulgurdim. Oz muddat davomida sizlarning tilingizni, madaniyatingizni, hayot tarzingizni, odamlarni o‘rgandim. Shunchaki, rahmat O‘zbekiston, deya olaman. Meni inson sifatida o‘sishimga katta yordam berdingiz. Agar bu davlatdan yana menga takliflar bo‘lsa, buni jiddiy qadrlayman. Unutmaymanki, mamlakatingizda baxtli edim. Bu narsani biror nima bilan baholab bo‘lmaydi.
- Polsha klubiga ketishingiz nima bilan bog‘liq edi?
- Men oldin ham u erda o‘ynaganman. Shu bois bu klubga yana qaytishga qaror qildim. Bu jamoa menga mos keladi.
- Suhbat uchun rahmat. Kelgusi ishlaringizda omad tilaymiz.
- Rahmat (sof o‘zbekchada).
Fikrlar