"Selektsiya sokinlikni yoqtiradigan ish sanaladi" - Levchenko sir boy bergisi kelmayapti!
Chempionatni 45 ochko bilan 5-o‘rinda yakunlagan “Neftchi” klubi allaqachon yangi mavsum uchun qizg‘in tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan.
Farg‘onaliklarning 2024 yilgi birinchilikdagi vazifalari yanada jiddiyligi aniq. Superliga ishtirokchilari orasida “Neftchi” eng birinchilardan bo‘lib, selektsiyada faollikni boshlab yuborgan.
Bosh murabbiy Vitaliy Levchenko tarkibini yanada kuchli va raqobatbardosh darajaga keltirishni maqsad qilgan. Saytimizni kuzatayotgan bo‘lsangiz, har kuni “Neftchi” klubiga doir yangi transferlarni hamda etakchilari bilan shartnomalar uzaytirilayotgani xususida rasmiy xabarlarni berib bormoqdamiz. Klubdagi bunday shiddatli yangiliklardan keyin jamoa ustozi Vitaliy Levchenko bilan bu xususida suhbatlashmasak bo‘lmasdi.
- Vitaliy Grigorevich, “Neftchi” selektsiyani juda faol boshladi. Lekin bu hali boshlanishi ekanligini bilamiz. Sizning ro‘yxatingizda yana kimlar bor?
- Biz uchun mavsum tugagani yo‘q, chunki selektsiya ishlarini boshlab yuborganmiz. Ayni paytda aniq ism-shariflarni ayta olmayman, bunga tayyor emasman va buni to‘g‘ri qabul qilasiz, deb o‘ylayman.
- Odil Hamrobekovni “Neftchi”da ko‘rmoqchi ekanligingiz haqida eshitdim. U bilan muzokaralar qaysi bosqichda?
- Biroq siz meni noqulay ahvolga solib qo‘yyapsiz. Bilasizmi, selektsiya sokinlikni yoqtiradigan ish sanaladi.
- Yaqinda uch nafar o‘yinchi klubdan ketdi. Yana kimlar tark etmoqda?
- Klubni kim yo kimlar tark etadi... Buni jamoa saytidan bilib olasiz. Negaki, saytimiz bunday ma’lumotlarni berib boradi.
- Shuningdek, Lutfulla To‘raev bilan Sharof Muhitdinovni “Neftchi”dan ketganini eshitdim...
- Bularning bari mish-mishlar xolos. Asl haqiqat esa boshqa erda.
- “Neftchi” yangi mavsumda faqat chempionlik uchun kurashadi, shundaymi?
- “Neftchi” o‘z an’ana va qadriyatlariga ega bo‘lgan klubdir. Shu bois uning oldiga doimo katta vazifalar qo‘yiladi.
- Jamoaga xorijlik yangi futbolchilar ham kelsa kerak-a?
- Legioner futbolchilar bilan bog‘liq masalalar ochiq va bu masalada ishlar olib borilmoqda.
- Jamoangiz 18 dekabrdan mashg‘ulotlarni boshlaydi. Keyingi rejalar qanday?
- Bu xususida sizga shuni aytishim mumkinki, bizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarimiz Toshkent va Turkiyada bo‘lib o‘tadi.
- Darvoqe, sizni Turkiyaga ketdin deyishdi. Har kuni muzokaralar olib boryapsizmi?
- Yo‘q, Toshkentdaman. Ishlar esa haftasiga 24 soatdan olib borilmoqda.
- “Neftchi”ning yangi a’zolari – Norxonov hamda Qodirqulov xususida nima deya olasiz?
- O‘sha futbolchilar haqida menda etarlicha ma’lumotlar bor. Ular bizga yordam bera oladilar.
“Neftchi” ustozining javoblaridan shuni bilish mumkinki, u sira sir boy bergisi kelmayapti. Shuning uchun javoblari orasida birorta ham familiyani tilga olgani yo‘q, hatto aniq bo‘lgan va ketganlarni ham. Ammo shunisi aniqki, Levchenko tinmayapti va har kuni izlanish, selektsiya bilan band, bunisi aniq. U faqat to‘ydan oldin nog‘ora chalishni istamayapti, chog‘i. Mayli, voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar