Shaxzod Azmiddinov "Al-Ahli"ga qarshi o‘yin oldidan: "Biz ham sovg‘a emasmiz"
Ma’lumki, “Andijon” klubini Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasining guruh bosqichidagi so‘nggi tur doirasida Qatarda “Al-Ahli”ga qarshi juda muhim o‘yin kutmoqda.
Ayni paytda “Burgutlar” Doxada bo‘lajak uchrashuv uchun tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Jamoaning tajribali futbolchilaridan biri Shaxzod Azmiddinov esa “Al-Ahli”ga qarshi bahs oldidan klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
- “Andijon”ni Qatarda “Al-Ahli”ga qarshi juda muhim o‘yin kutyapti. Bo‘lajak bahsga tayyorgarlik qanday olib borilmoqda?
- Tayyorgarligimiz zo‘r bo‘lyapti. Oldimizda qanaqa o‘yin turganligini hamma bilib turibdi. Xudo xohlasa, qo‘ldan kelganicha yutishga va guruhdan chiqishga harakat qilamiz.
- Faoliyatingiz davomida Qatar klublariga qarshi o‘ynagansiz. Qanday xotiralar qolgan va eng qiyini qaysi uchrashuv bo‘lgan?
- “Al-Sadd” bilan o‘ynaganmiz. “Al-Vasl”ga qarshi ham o‘ynaganmiz, ammo unda men zaxirada bo‘lganman. “Al-Vasl”ga yutqazganmiz. “Al-Sadd”ni esa JAR stadionida mag‘lub etganmiz. Ushbu uchrashuv qiziqarliroq bo‘lgan. Men maydonga tushganman. “Al-Vasl”ga qarshi bellashuvda esa boshqa tarkib bo‘lgan.
- Umuman, Qatar jamoalariga qarshi o‘ynash siz uchun qanday ahamiyatga ega?
- Baribir ular kuchli. Mahoratli legionerlari bor. Shuni hisobga olgan taqdirda uchrashuv qiyin bo‘ladi. Biroq g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Biz ham sovg‘a emasmiz.
- “Al-Ahli”ga qarshi Andijondagi o‘yinda hisob ochilmagandi. O‘sha bahsdan sizda qanday taassurot qolgan?
- Ularda kuchli legionerlari bor. Shularni “yopsak” uch ochko olsa bo‘ladi.
- “Andijon” uchun bu oxirgi imkoniyat. 5 ta durangdan keyin endi faqat g‘alaba qoniqtiradi...
- Hamma futbolchilar professional. Qanaqa bosqichda turganimizni ular bilib turishibdi. Yutsak albatta chiqamiz. Boshqa natija bizni qoniqtirmaydi, faqat g‘alaba qozonishimiz lozim.
Fikrlar