
Shohjahon Ergashev eng noqulay raqibga qarshi jang qiladi!
16 noyabr kuni Krasnogorsdagi “Vegas City Hall” arenasida turli mamlakatlardan kelgan charm qo‘lqop ustalari ishtirokida professional boks kechasi tashkil etiladi.
Unda engilmas bokschimiz Shohjahon Ergashev faoliyatidagi 19-jangini o‘tkazadi. Bu gal hamyurtimizga belaruslik Dmitriy Milyusha raqiblik qiladi. Shohjahon shu kungacha 18 ta jangning barchasida g‘alaba qozongan, 16 ta nokaut qayd etgan. Farg‘onalik charmqo‘lqop ustasi AQShda o‘tkazilgan janglarda Mikal Foks, Sonni Fredrikson kabi engilmas bokschilarning ilk bor mag‘lubiyat alamini totishga majbur qilgan. Shuningdek, Adrian Estrella, Abdiel Ramirez, Nazareno Gaston Ruiz, Jiming Vang singari tajribali va kuchli raqiblarni ham taslim qilishni uddalagan.
Shohjahonning bu galgi raqibi Dmitriy Milyushaning rekordi kamtarroq. U to‘qqizta g‘alaba, uchta mag‘lubiyat va bitta durang qayd etgan.
Rekordlarga qaraganda, ustunlik Shohjahon tomonida. Lekin professional boks mutaxassislari bo‘lajak jangda o‘zbek bokschisiga oson bo‘lmasligini va muxlislarni ajoyib to‘qnashuv kutib turganini ta’kidlamoqda.
Shohjahon Ergashev yil boyidan beri jang qilmadi. Oradan o‘n oy vaqt o‘tdi. Hozir uning qanday formada ekanini hech kim bilmaydi. O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasining jang usuli hammaga tanish. U tinmay hujum uyushtiradi va kuchli zarbasi bilan raqibini nokautga tushirishga harakat qiladi. Chapaqay bo‘lishiga qaramay, o‘ng qo‘lda ham kuchli zarba bera oladi.
Dmitriy Milyusha Shohjahon uchun o‘ta noqulay raqib. U ham chapaqay bokschi. Bo‘y basti, qulochining kengligi Shohjahonniki bilan bir xil. Belaruslik bokschining asosiy ustunligi uning jang uslubida. Bu bokschi ochiq jangga kirishmaydi. Asosiy e’tiborni mustahkam himoya va o‘tkir qarshi hujumga qaratadi. Dima ham raqibi kabi kuchli zarbaga ega.
Dmitriy Milyusha havaskor boksda katta tajriba to‘plagan. 2019 yili u o‘z vaznida barcha raqobatchilarini engib, Belarus chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Bo‘lajak jangda hujumkor pancher bilan qarshi hujumlar ustasi o‘zaro to‘qnash keladi. Bu bellashuvning keskin va murosasiz o‘tishidan dalolat bermoqda.
Shohjahon Ergashev jangga asosan Moskva shahridagi o‘ziga tegishli bo‘lgan "Shohjahon_Gym" sport zalida tayyorgarlik ko‘rdi.
- Rossiyada juda ko‘p hamyurtlarimiz shug‘ullanadi. Ularga amaliy yordam berish maqsadida Moskvada sport zali ochganmiz. Bu erda boks, professional boks va aralash jang san’atlari bilan jiddiy shug‘ullanayotgan sportchilar bellashuvlarga tayyorlanishi uchun barcha sharoitlar bor. Havaskor odamlar ham salomatligini mustahkamlash uchun zalga kelishi mumkin.
O‘zim ham "Shohjahon_Gym" zalida mashq qilaman. Bo‘lajak jangga ham tayyorman, - dedi Shohjahon Ergashev sports.uz muxbiriga.
Shohjahon Ergashev Xalqaro boks federatsiyasining (IBF) yaqinda e’lon qilingan reytingida vazni 63,5 kilogramm bo‘lgan bokschilar ro‘yxatida bir pog‘ona yuqorilab, 4-qatordan joy oldi. Bokschimizning asosiy maqsadi professional boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lish. Koronavirus pandemiyasi tufayli protouterlar bu yil Shohjahonga chempionlik janglarini tashkil qilib bera olmadi. Biroq, Ergashev kelasi yilga katta janglarda ishtirok etishiga ishonmoqda.
Fikrlar