Shomurodov Gasperining har qanday sinoviga tayyor!

  • 09.06.2025 08:22
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

2026 yilgi jahon chempionatiga chiqqan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov uchun kelasi mavsum juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tez orada 30 yoshni qarshilaydigan mohir hujumchimiz bir yildan AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan jahon chempionatiga yuqori sport formasida etib borishi kerak. Buning uchun hamyurtimiz o‘z klubida bu mavsumning ikkinchi yarmida bo‘lgani kabi muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kerak.

Agar “Roma” boshqaruvida Klaudio Raneri qolganida 73 yoshli mutaxassis navbatdagi chempionatda ham legionerimizga suyangan bo‘lardi. Biroq Raneri o‘zi aytganidek qildi va bosh murabbiylikni topshirdi.

Endi “bo‘rilar”ni yangi mavsumga Jan Pero Gasperini tayyorlaydi. Bu “Roma”ning barcha futbolchilari qatori Eldor Shomurodov ham yangi murabbiylar shtabiga nimalarga qodirligini yana bir bor namoyish qilishiga to‘g‘ri kelishidan dalolat beradi.

Italiya futbolini yoritayotgan nufuzli manbalar o‘zbek futbolchisining jamoaga yangi tayinlangan bosh murabbiyga munosabatini e’lon qildi.

Sports.uz portali Eldor Shomurodovning Gasperini haqidagi fikrlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.

- Eldor Shomurodov maydonda o‘z ishini sidqidildan bajarishi orqali jamoa asosiy tarkibidan munosib joy oldi va rimlik muxlislarining hurmat va e’tidorini qozondi. Ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasining sardori sifatida jahon chempionatiga chiqqanini nishonlayotgan Shomurodov birinchi navbatda, “Roma”dagi kelajagi haqida ham o‘ylayotgani bor gap.

O‘zbek futbolchisi yangi bosh murabbiy Jan Pero Gasperini bilan birga ishlashdan nimalar kutayotgani haqida ham gapirdi. U jamoa boshqaruvining Klaudio Raneridan Gasperiniga o‘tganidan xavotirda emasligini ta’kidladi.

- Zo‘r. Hamma uni taniydi, Gasperini “Atalanta”ni noldan ko‘tarib, muntazam Evropa Chempionlar ligasida o‘ynaydigan va hatto sovrinlar uchun kurashadigan jamoa darajasida etkazganini barcha yaxshi biladi, - dedi Eldor Shomurodov.

Shuningdek, o‘zbekistonlik legioner Gasperinining ish uslubi va murakkab mashg‘ulotlar tizimini qabul qilishga tayyorligini ham bildirdi.

- Og‘ir mashg‘ulotlar meni qo‘rqita olmaydi. Men har qanday jismoniy yuklamalarga tayyorman, - dedi “Roma”ning tajribali hujumchisi.

Eldor keyingi paytda har tomonlama o‘zgarganini va o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortganini aytdi. Buni o‘zbek futbolchisi “Roma” uchun muvaffaqiyatli o‘tgan chempionatda ham namoyish qildi. 14 raqam egasi muhim uchrashuvlarda kuchli va qat’iyatli xarakterini namoyish qildi, jamoa manfaati uchun ishlash qobiliyatini  va har qanday sinovga tayyorligini ko‘rsatdi.

- Hozir o‘zimni umuman boshqacha o‘yinchi sifatida his qilyapman. Klaudio Raneri menga o‘zimga bo‘lgan kuchli ishonchimni qaytardi, - dedi mavsum qahramonlaridan bo‘lgan Eldor Shomurodov, - deb yozmoqda romaforever.it portali eksperti Francheska Di Nora.

Eldor Shomurodov yakunlangan mavsumda “Roma” safida A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasida jami 37 ta uchrashuvdan ishtirok etib, o‘z hisobiga ettita gol va beshta assist rasmiylashtirdi.

Husanov boshlanishi, o‘zbek futbolchilari Evropani zabt etadi!
Fayzullaev o‘zini "qiynagan" murabbiydan qutildi!
O‘zbekistondek mundialga chiqish uchun futboldan begona odamlarni yo‘qotish kerak!

Husanovning “Manchester Siti”dagi kelajagi muhim qarorga bog‘liq?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!