Shomurodov gol urgan, Fayzullaev assist qayd etgan oʻyinga izoh berdi
Turkiya Superligasining 21-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. Mazkur turda hamyurtlarimiz Eldor Shomurodov va Abbos Fayzullaev to‘p surayotgan "Istanbul Boshakshehir" safarda "Eyupspor" ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
E’tiborliisi, ushbu bahsda Abbos Fayzullaev o‘z hisobiga assist yozdirib qo‘ygan bo‘lsa, Eldor Shomurodov raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Uchrashuvdan so‘ng futbolchilar g‘alaba haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bugungi o‘yinda eng muhim narsa uch ochkoni qo‘lga kiritish edi va biz bunga erishdik. To‘g‘ri, uchrashuv so'ngida biroz nazoratni boy berib, gol o‘tkazib yubordik. Ammo g‘alabani saqlab qoldik. Klub va jamoadoshlarim uchun juda xursandman, chunki eng asosiysi — ochkolarni qo‘lga kiritdik”, — dedi Fayzullaev BeIN Sports nashriga bergan intervyusida.
Eldor Shomurodov esa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida quyidagicha yozdi:
“Har bir uchrashuv — maydondagi haqiqiy jang. Bu jamoa bilan faxrlanaman. Bu g‘alaba — bizniki.”
Ma’lumot uchun, Nuri Shahin shogirdlari keyingi turda "Beshiktosh" jamoasiga qarshi bahs olib boradi.
Fikrlar