
Shomurodov mashhur qilgan bolakay Messidan intervyu olishga tayyorlanyapti!
Bundan bir oy muqaddam, “Jenoa”ning rasmiy YouTube kanalida tarixda kuzatilmagan voqea yuz berdi. 13 yoshli rossiyalik bloger Maksim Istomin “Jenoa” hujumchisi Eldor Shomurodov bilan videointervyu qildi.
Rostovlik Maksim Istomin ikki yildan beri videoblog yuritadi va bugungi kunda uning sahifasiga 11 ming kishi obuna bo‘lgan. Avvaliga, Maksim “Rostov” jamoasi haqida ko‘rsatuvlar qilardi. Keyinchalik asosiy planga Eldor Shomurodovni olib chiqdi. Shundan so‘ng, uning blogini kuzatuvchilar soni keskin oshdi. Xususan, Eldorning o‘tkir burchakdan “Dinamo” jamoasi darvozasiga urgan goli aks etgan rolik 140 ming martadan ko‘p ko‘rildi. Shomurodov Destroga golli pas uzatgan o‘yinning sharhini 76 ming odam tomosha qildi. Bir so‘z bilan aytganda, yosh bloger o‘zbek futbolchisi ortidan taniqli shaxsga aylandi.
Maksimning internet sahifalaridagi faolligi “Jenoa” mutaxassislari e’tiboriga tushdi. Rossiyaning matchtv.ru sayti Maksim Istomin bilan intervyu uyushtirdi. Unda Eldor Shomurodov haqida ham gap bordi.
- “Jenoa” rasmiy kanalida Eldor Shomurodov bilan suhbat qanday tashkil qilindi?
- Shomurodovning Destroga golli pas uzatgani haqidagi video ostiga “Jenoa” vakillaridan biri izoh yozdi. Avvaliga ishonmadim. Keyinchalik pochta orqali yozishganimizda, ular haqiqatan klub ma’muriyati vakillari ekanini tasdiqlovchi ma’lumotlar berildi. Ular menga Eldordan intervyu olishni taklif qilishdi, qo‘ng‘iroqlashib, suhbat vaqtini kelishib oldik. “Jenoa” vakillaridan bir nechta savol bo‘ldi, men ham o‘zimni qiziqtirgan narsalarni so‘rab oldim. Zo‘r chiqdi.
Hozir sahifamda (“Futbolnyy Maksimum”) ma’lum miqdorda italiyalik obunachilar bor. Eldor va “Jenoa” haqida muntazam videolar e’lon qila boshlaganimdan beri genuyalik fanatlar ham sahifamga obuna bo‘lmoqda.
Shomurodov men yoqtirgan futbolchilardan biri. 2019-2020 yilgi mavsumda premer-ligada 11 ta gol urganidan beri Eldorni doimiy kuzataman. Uning yordamida “Rostov” Evropa Chempionlar ligasiga chiqish uchun kurashdi. Meni uning tezkorlik bilan maydonni bosib o‘tishi, ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynashi hayratga soladi. Shuningdek, “Dinamo” darvozasiga mashhur futbolchi Marko van Basten uslubida urgan golini ham unutib bo‘lmaydi. Ajoyib gol, bunaqa o‘tkir burchakdan darvozani ishg‘ol qilish deyarli imkonsiz, buni uddalagani hayratlanarli.
“Jenoa” kanalidagi video – hozirgacha men amalga oshirgan eng katta intervyu hisoblanadi. “Rostov”ning boshqa futbolchilari bilan ham savol-javob qilganman.
- Hozir kanalingda 11 ming obunachi bor. O‘sish qachondan boshlandi?
- Boshida “Rostov” haqida ko‘p ma’lumot qo‘yardim. “Rostov”ning TsSKA va “Dinamo”ga qarshi o‘yinlaridan videohisobot qo‘yganimdan keyin, birdan obunachilar ko‘payib ketdi. Videolarni tayyorlashda otam yordam beradilar. Blogni rivojlantirish bo‘yicha har kuni ishlash kerak.
Men “Rostov” muxlisiman. Menda klubning oltita sharfi bor. Ulardan bittasida deyarli barcha futbolchilarning avtografi tushirgan. Shomurodovning futbolkasi, “Jenoa” va Rossiya terma jamoasining sharfi, turli to‘plar, kepkalar, formalar bor. “Barselona”ga tegishli atributikalar ham ko‘p. Kollektsiyam bilan faxrlanaman.
- Orzu va maqsadlaring qanday?
- Futboldagi orzularim o‘zim muxlis bo‘lgan futbolchilardan intervyu olish. Shomurodov bilan bu ish amalga oshdi va orzum ro‘yobga chiqdi. Hozircha, Lionel Messi bilan suratga tushish, avtograf olish va intervyu qilishni istayapman. Maqsadim – “Rostov”, Eldor Shomurodov va Lionel Messi haqida videolar tayyorlab, kanalimni rivojlashtirishdir.
Fikrlar