
Shomurodov Mourinoning A Seriyada “inqilob” qilishiga yordam bera oladimi?
Bu galgi A Seriya o‘yinlari dunyo bo‘ylab ko‘plab muxlisu mutaxassislar e’tiborini tortmoqda. Bunga bir necha sabab bor. Italiya milliy terma jamoasi Evropa chempionatidagi g‘alabasi orqali futboli raqobatbardosh ekanini isbotladi.
O‘tgan mavsumda “Yuventus”ning o‘n yil davom etgan gegemonligiga barham berilgani boshqa klublar imkoniyati oshganidan dalolat bermoqda.
Eng asosiysi, A Seriyada yuqori o‘rin uchun kurashadigan jamoalarning aksariyati bosh murabbiy vazifasiga o‘z faoliyati davomida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan tajribali va taniqli mutaxassislarni olib keldi. Demak, A Seriyada kurash shiddatli va qizg‘in kechadi.
Chempionat etakchilaridan faqatgina “Milan” va “Atalanta” bosh murabbiyni almashtirmadi. Chunki Stefano Pioli “Milan”ni Chempionlar ligasiga qaytargan bo‘lsa, Jan Pero Gasperini kamtargina “Atalanta”dan yuqori maqsadlar sari kurashadigan jamoa yasadi. Bu ikki klubning asosiy besh raqobatchisi yangi murabbiy bilan jamoani qayta shakllantirish jarayonini boshlab yubordi.
“Inter”. Simeone Indzagi
Simone — aslida “Latsio” afsonasi. Ushbu klubda 11 yil to‘p tepgach, bosh murabbiy sifatida jamoani besh yil boshqardi. Moliyaviy imkoniyatlari cheklanganiga qaramay, Indzagi “Latsio”ni etakchilarga yaqin olib yurdi, ba’zan ular qatoriga qo‘sha oldi. Indzagi o‘tgan mavsumda 2007 yildan beri Chempionlar ligasidan chetda qolayotgan jamoani ushbu turnirga olib chiqdi.
“Inter”dan bo‘lgan taklif Indzagi uchun oldinga tashlangan qadam. Milanliklar jamoani chempion qilgan Antonio Konte bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi. Chempionlikka katta hissa qo‘shgan Romelu Lukaku va Ashraf Hakimi sotib yuborildi. Umuman olganda, “Inter” transfer bozorida 200 million evroga yaqin mablag‘ ishlab oldi va 31 million evro xarajat qildi.
Mutaxassislar “Inter”ga o‘tgan yilgi muvaffaqiyatlarni qaytarishi qiyin bo‘ladi, demoqda.
“Yuventus”. Massimiliano Allegri
Ikki yil oldin turinliklar Allegri qo‘l ostida jamoa o‘zining cho‘qqisiga chiqdi, deb murabbiyga ruxsat berib yuborgan edi. O‘sha davrga kelib, “Yuventus”ga A Seriya chempionligi odatiy holga aylangan, asosiy maqsad Chempionlar ligasi bosh sovrini edi. Allegri shogirdlarini ikki bor nufuzli turnir finaliga olib chiqdi, biroq maqsadga erishish uchun bir qadam etmadi...
Vaqt shuni ko‘rsatdiki, ayb murabbiyda emas ekan. Keyingi ikki mavsumning dastlabkisida chempionlikni ba’zo‘r saqlab qolgan turinliklar o‘tgan chempionatda sovrinlar seriyasiga nuqta qo‘ydi. Qolaversa, Allegridan keyin ishlaganlar “Yuventus”ni Chempionlar ligasi chorak finalidan ham o‘tkaza olmadi.
Allegri “Yuventus”ni engilmas jamoaga aylantirishi uchun islohot o‘tkazishi kerak. Jamoaning asosiy yulduzlari – Krishtianu Ronaldu, Jorjio Kellini, Leonardo Bonuchchi,Xuan Kuadradoning yoshi o‘tib bormoqda. Keyingi paytda eng ko‘p gol urayotgan Ronalduning ham jamoada qolishi so‘roq ostida.
Turinliklar yozda amalga oshirgan transferlar ham hech kimni hayratga solmadi. Jamoaga “Shalke”dan Ueston Makkenni, “Sassuolo”dan ijaraga olingan Manuel Lokatelli va Braziliyadan topib kelingan yosh hujumchi Kayo Jorje qo‘shildi xolos.
Allegri islohotni boshlashi uchun kattaroq byudjet talab etiladi.
“Napoli”. Luchano Spalletti.
Spalletti ham hamkasbi Allegri singari “Inter”dan ketganidan ikki yil ishsiz yurdi. Tajribali murabbiydan keyin “Napoli”ning ikki marta daromad keltiruvchi turnir – Chempionlar ligasi ostonasida qolib ketgani klub prezidenti Aurelio de Laurentisga qattiq zarba bo‘ldi.
Luchano Spalletti o‘z shogirdlari “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli turniriga olib chiqish bilan nom qozongan mutaxassis. Ilk bor 2004-2005 yilgi mavsumda kamtargina “Udineze”ni Chempionlar ligasida o‘ynatgan murabbiy keyinchalik 12 ta urinishdan 11 tasida o‘zi boshqargan jamoalarni ushbu musobaqaga olib chiqqan.
Hozircha, neapolliklar tarkibni kuchaytirishga u qadar e’tibor bermayapti. E’tiborli transferlardan “Napoli” yaqinda “Inter”dan 28 yoshli Matteo Politanoni 18 million evroga olganini aytish mumkin.
“Latsio”. Mauritsio Sarri
Kashanda murabbiy faoliyati davomida “Chelsi” bilan Evropa ligasi, “Yuventus”da Italiya chempioni bo‘lgan. 62 yoshli murabbiy Rim jamoasini qabul qilib olgunga qadar 20 ta klubda ishlagan. U boshqargan jamoalar orasida autsayderlar, o‘rtamiyonalar va superjamoalar ham bor.
Aslida “Latsio” keyingi o‘n yilda ikki martadan Italiya kubogi va Superkubogida zafar quchgan xolos. Bir bor chempionatda uchinchi o‘rinni egallab, Chempionlar ligasida o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan.
Keksa murabbiyning oldiga chempionlik uchun kurash emas, kuchli to‘rtlikdan joy olib, Chempionlar ligasiga chiqish vazifasi qo‘yilgan.
“Roma”. Joze Mourino.
Mourinoning murabbiy sifatida mustaqil ish boshlagan faoliyatiga nazar solsak, hech bir ish beruvchi portugaliyalik mutaxassisdan jamoani yangidan qurishdek murakkab vazifani talab qilmagan. Joze asosan milliy chempionatlarda chempionlik uchun kurashadigan qudratli jamoalarni boshqargan. Mourinoni katta byudjet va yulduzli tarkibga ega klublar tezroq natija ko‘rsatish uchun ishga taklif qilgan. U boshqargan “Portu”, “Inter”, “Chelsi”, “Manchester Yunayted”, hatto “Tottenxem” ham qudratli jamoalar safiga kirishi hech kimga sir emas.
“Roma” rahbariyati keyingi yillarda jamoa natijasi quyiga sho‘ng‘ib borayotgani, Chempionlar ligasi u yoqda tursin, Evropa ligasiga chiqish ham armonga aylanayotganini inobatga olib, portugaliyalik mutaxassisga birinchi marta raqobatbardosh yangi jamoa shakllantirish vazifasini yukladi.
Shu bois, klub rahbariyati Mourino kelishi bilan rimliklar safidan bir necha etakchi futbolchilarni ketkazib yuborganiga ko‘z yumdi, u istagan o‘yinchilarni olib bermoqda. Bir qarashda, Joze o‘zi istagan ijrochilardan jamoa tuzmoqchi, u “Roma” bilan “inqilob” qilishga hozirlik ko‘ryapti.
Mourino avvalgi ishlagan klublaridan farqli raqishda “Roma”ni o‘z o‘yin uslubiga moslashtirishga harakat qilmasligini, aksincha, ko‘p g‘alaba qozonadigan hujumkor jamoaga aylantirishini ta’kidladi.
Jamoaning eng qimmat transferlari hujum chizig‘i vakillari bo‘lgani ham Jozening yuqoridagi gaplarini isbotlab turibdi. “Jenoa”dan 17,5 million evroga xarid qilingan Eldor Shomurodov UEFA Konferentsiyalar ligasida “Trabzonspor” darvozasini ishg‘ol qilib, safar uchrashuvida rimliklar g‘alabasini ta’minladi. A Seriyaning birinchi o‘yinida golli pas bilan g‘alabani mustahkamladi.
Romelu Lukaku kelganidan keyin “Chelsi”ga sig‘may qolgan Temmi Abraxam Rimga kelganidan keyin yangi jamoa safidagi birinchi uchrashuvidayoq ikkita golli pas bilan o‘ziga sarflangan 40 million evroni oqlashga kirishdi.
Joze olib kelgan darvozabon Ruy Patrisiu “Fiorentina”ga qarshi o‘yinda bir necha xavfli zarbalarni bartaraf etib, g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi.
“Roma” yozgi transferlar vaqtida yangi futbolchilarga 100 million evroga yaqin mablag‘ sarfladi. Yuqorida nomi keltirilgan futbolchilardan tashqari, himoya chizig‘iga “Palmeyras”dan Matias Vina, “Atalanta”dan Rojer Ibanes, “Dallas”dan Brayan Reynoldsni sotib oldi. Rimliklar 31 avgustga qadar yana bir juft futbolchini transfer qilish bo‘yicha ish olib bormoqda.
Mutaxassislar Joze Mourino katta byudjet va yulduzlar to‘lib toshgan klublarda erishgan muvaffaqiyatini “Roma”da takrorlay olishiga qiziqmoqda. Ularning ta’kidlashicha, portugaliyalik murabbiy o‘z rejalarini amalga oshirishda Eldor Shomurodov va Temmi Abraxam kabi hujumkor etakchilarga tayanadi.
Fikrlar