Shomurodov muxlislariga katta xushxabar!

  • 2 may, 17:37
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Roma”ni Klaudio Raneri qabul qilib olganidan keyin Eldor Shomurodovning klubdagi mavqei keskin o‘zgardi. Mavsum davomida ikki marotaba Rimdan ketishi kutilgan o‘zbek futbolchisi mavsumning hal qiluvchi pallasida jamoaning ishongan suyanchig‘iga aylanib qoldi.

Tecno

“Roma” Italiya chempionatida qatorasiga 18 ta uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Muhim ochkolarning qo‘lga kiritilishida legionerimizning o‘yini, gollari va assistlari “bo‘rilar”ga muvaffaqiyatlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mag‘lubiyatsiz seriya samarasida “Roma” chempionat yakunlanishiga to‘rt tur qolganida Evropa Chempionlar ligasiga da’vogarlik qilayotgan jamoalar qatorida turibdi.

Kamtarlik qilayotgan Koaudio Raneri esa, shogirdlari qit’aning eng nufuzli musobaqasiga yo‘llanma ola bilmasa-da, hech bo‘lmaganda Evropa ligasi yoki Konferentsiyalar ligasi kab turnirlarda qatnashishi mumkinligini umid qilishini aytdi.

“Roma” mutasaddilari odatga ko‘ra, klubning o‘tgan oydagi faoliyatini sarhisob qilib chiqdi. “Roma”ning aprel oyidagi eng yaxshi o‘yinchisini aniqlash masalasini klub rahbariyati rasmiy saytda so‘rovnoma tashkil qilish orqali muxlislar ixtiyoriga qoldirdi.

So‘rovnomada argentinalik  Matias Sule va darvozabon Mile Svilarni katta ustunlik bilan ortda qoldirgan Eldor Shomurodov jamoaning aprel oyidagi eng yaxshi o‘yinchisi, deb e’tirof etildi.

“Roma” klubi Shomurodovning muvaffaqiyatini rasman e’tirof etdi va e’lon qildi. Albatta, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari hisoblangan Eldorning “top-5” chempionat qatoriga kiruvchi A Seriyadagi muvaffaqiyatlari o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari qalbini g‘urur-iftixorga to‘ldiradi.

Eslatib o‘tish kerakki, tajribali legionerimiz fevral oyida ham jamoasining eng yaxshi futolchisi, deb topilgan edi.

Eldor Shomurodov aprel oyida poytaxtlik “bo‘rilar” safida to‘rtta uchrashuvda ishtirok etib, jamoasining ijobiy natijalarni qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shdi. “Roma” aprel oyida to‘qnash kelgan to‘rtta raqibdan uchtasi chempionlik, sovrinli o‘rinlar va Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmalari uchun kurashayotgan Italiyaning eng qudratli klublaridan “Yuventus”, “Latsio” va “Inter” bo‘ldi.

Hamyurtimiz murakkab to‘rtta uchrashuv ikkita gol va bitta assist muallifi bo‘ldi. Xususan, Eldor Shomurodovning aniq zarbasi “Yuventus”ga qarshi uchrashuvda rimliklarni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

“Verona” bilan bo‘lgan to‘qnashuvda legionerimizning yagona goli jamoasiga uch ochko keltirib, “Roma”ni Chempionlar ligasi yo‘llanmasi da’vogarlari qatorida olib qoldi.

Amaldagi chempion – “Inter”ga qarshi bellashuvda Shomurodov jamoadoshi Matias Sulening gol urishi uchun to‘pni qulay nuqtaga etkazib berdi. Aynan o‘sha pas yagona gol uchun kifoya qildi. “Inter”ning mag‘lubiyatidan foydalanib, A Seriya peshqadamiga aylangan “Napoli” golli vaziyat yaratgan Eldorga rahmat aytishi kerak.

Ta’kidlash joizki, joriy mavsum 2021 yilning yozida poytaxtga ko‘chib o‘tgan Shomurodov uchun “Roma”dagi eng muvaffaqiyatlisi hisoblanadi. Hozircha, 29 yoshli hujumchimiz A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasi turnirlarida jami 33 ta uchrashuvda ishtirok etib, ettita gol va to‘rtta assist muallifi bo‘ldi.

“Roma” rahbariyati yaqinda o‘zbek futbolchisi bilan amaldagi shartnomani 2027 yilning yarmigacha uzaytirgani ham Eldor Shomurodov muxlislari tomonidan katta xashxabar sifatida qabul qilingan edi.

“Manchester Siti” afsonasi Husanovning ketishiga qarshi!

Fayzullaev Evropaga ketishiga nimalar to‘siq bo‘layotgani aytildi

Fayzullaev TsSKAdan ketishi haqida gapirdi

Shomurodov urgan golning qiymati baland bo‘lib chiqdi!

O‘zbekistonlik “iblis”! Ekspertlar Shomurodovga yana qanday ta’rif berishyapti?

Shomurodovga fanatlar yangi talab qo‘ydi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!