
Shomurodovni nimalar kutyapti? Rimda Eldorning kelajagini hal qilishyapti!
Eldor Shomurodov faoliyatidagi eng muhim jarayonlarni boshdan o‘tkazmoqda. 29 yoshli hujumchi sardorlik qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida birinchi marotaba jahon chempionatiga chiqish uchun juda yaqin turibdi.
25 mart kuni hamyurtlarimiz safarda mintaqaviy saralash turnirining “A” guruhida uch ochko farq bilan peshqadamlik qilayotgan Eron milliy terma jamoasi mehmoni bo‘ladi. Mana shu uchrashuv har ikki tomon uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega.
Shomurodov xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan bir pallada “Roma” rahbariyati kelasi mavsum uchun reja tuzyapti va tarkibda jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urishni mo‘ljallayapti.
Italiya futbolini yoritib kelayotgan bir necha nufuzli manbalar, xususan, playermanager.info sayti Rim klubi birinchi navbatda markaziy hujumchi masalasini hal qilishni eng dolzarb vazifa qilib belgilagani haqida ma’lumot tarqatdi.
Sports.uz portali ushbu manba tayyorlagan materialda Eldor Shomurodov asosiy qahramonlardan biri sifatida ko‘rsatilayotgani bois, ushbu ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- Klaudio Raneri ushbu mavsumdan keyin faoliyatini to‘xtatishini aytdi. Aynan uning maslahati bilan klub kelasi mavsum haqida hozirdan bosh qotirishga kirishdi. Trigoriyada kelasi mavsumga tayyorgarlik muhokama qilinmoqda.
Kun tartibida markaziy hujumchi masalasi birinchi planga ko‘tarildi. Poytaxtliklarni qiynab kelayotgan muammolardan biri markaziy hujumchi masalasidir. Rimliklar bilan shartnomaga ega bo‘lgan barcha markaziy hujumchilar – Artyom Dovbik, Eldor Shomurodov va Temmi Abraxam yozda klubni tark etishi mumkin. Rahbariyat ularning baridan voz kechish ehtimoli bor.
Artyom Dovbik:
O‘tgan mavsumda Ispaniya chempionatida eng zo‘r to‘purar bo‘lib, La Liganing Pichichi sovrini qo‘lga kiritgan Artyom Dovbik yozda “Roma”ga olib kelinganida muxlislar ukrainalik futbolchi tezda Edin Jeko yoki Romelu Lukaku darajasiga ko‘tarilishini kutgandi.
Garchi Dovbik rimliklar safida 15 ta gol va to‘rtta assist qayd etgan bo‘lsa-da, uning umumiy o‘yini murabbiylar shtabiga ma’qul kelgani yo‘q. Yaqinda Klaudio Raneri ukrainalik forvardga maslahat berib, u faqat gol urish bilan uzoqqa bora olmasligini uqtirgan edi.
Darhaqiqat, Dovbikdan jamoaning hujumkorligiga ko‘proq ta’sir o‘tkazish, to‘psiz ham samaraliroq ishlash, keng maydon bo‘ylab harakatlanish, himoyaga ko‘maklashish kabi muhim jihatlarni talab qilinmoqda.
Rimliklar 27 yoshli futbolchiga 30 million evrodan ortiq mablag‘ sarflab qo‘ygan. Shu bois, klub yozda uni aynan shu atrofdagi mablag‘ evaziga qo‘yib yuborishi aytilmoqda. Bunga qo‘shimcha tarzda rimliklar to‘purarni keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga jo‘natishga ham rozi.
Eldor Shomurodov:
Artyom Dovbikning muammolari Eldor Shomurodovning asosiy tarkibga kirishiga yo‘l ochdi. O‘zbek legioneri jamoaning hujumkorlik salohiyatini kuchaytirgani, o‘yinga katta ta’sir o‘tkazayotgani, muhim pallada gol va assist muallifi bo‘layotgani uni rimlik muxlislar yoqimtoyiga aylantirdi.
Bungacha “Roma” Eldor bilan ikki marta xayrlashishga yaqin kelgandi. Yozgi transferlar vaqtida Eldorga “Atlanta Yunayted” og‘iz soldi va hujumchi MLS klubiga yo‘l olishga tayyor edi.
Qishda esa, “Venetsiya” o‘zbek futbolchini olishga juda yaqin keldi. Klaudio Raneri uning jamoaga qo‘shgan hissasi uchun klubdan ketishiga yo‘l qo‘ymadi.
Shomurodov ayni paytda “Roma”da muhim figuraga aylangan. Lekin uning amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozida tugashi va hujumchi 29 yoshda ekanini inobatga olib, “Roma” mutasaddilari uni kelajakdagi uzoq muddatli loyihalarga jalb etmoqchi emas.
Shuning uchun ham bu mavsum Eldor Shomurodov uchun “Roma” safidagi oxirigisi bo‘lish ehtimoli ham yo‘q emas. Yana buni vaqt ko‘rsatadi.
Temmi Abraxam:
Temmi Abraxam mavsum oldidan “Milan”ga ijaraga jo‘natildi. Angliyaning hujumchining kelajagi hozir “Milan”ning qarori va tanloviga bog‘liq. Milanliklar fevralning boshida 32 million evro sarmoya kiritib, “Feyenoord”dan Santyago Ximenesni olib keldi. Biroq meksikalik hujumchi hali ishonchni oqlagani yo‘q.
“Milan” katta ehtimol bilan Temmi Abraxamni Rimga qaytarib yuboradi. Yiliga olti million evro maosh olayotgan angliyalik forvard “bo‘rilar”ga ham kerak emas. Temmining kelajagi poytaxtdan uzoqda.
“Chelsi” tarbiyalanuvchisi “Milan”da ushlanib qolmasa, yana yurtiga qaytib ketishi kutilmoqda. Abraxamga “Vest Xem” va “Everton” kabi klublardan qiziqish bo‘lyapti. Temmi undan qudratli klublardan joy olishga umid qila olmaydi, - deb yozmoqda playermanager.info nashri.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov “Roma”ga 2021 yili olib kelingan. Tajribali hujumchimiz joriy mavsumda A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasida 28 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga beshta gol va uchta assist rasmiylashtirgan.
Fikrlar