Shomurodovning ustozi muhim qarorga keldi

  • 21.11.2025 08:30
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Bu mavsum o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Turkiya Superligasda “Istanbul Bashakshehir” jamoasiga muxlislik qilmoqda. Chunki bu jamoa safida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ikki etakchisi – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev to‘p tepyapti.

“Istanbul Bashakshehir” rahbariyati mavsum muvaffaqiyatsiz boshlangani uchun jamoa bosh murabbiyligiga Evropa futbolida tanilgan mutaxassis Nuri Shaxinni olib keldi. 37 yoshli Shaxin futbolchilik davrida “Borussiya Dortmund”, “Feyenoord”, “Real Madrid”, “Liverpul”, “Verder” va “Antalyaspor” jamoalaridagi faoliyati bilan nom qozongan.

Murabbiylik faoliyati davomida esa “Antalyaspor” va “Borussiya Dortmund”ni boshqargan.

Nuri Shaxin qo‘l ostida “Istanbul Bashakshehir”ning o‘yin uslubi o‘zgardi. Nemis futbolida shakllangan mutaxassis jamoada ijobiy yangilanishlarni amalga oshirdi. Natijalar yaxshilana boshladi.

Turk murabbiyining faoliyati Rossiyaning “Dinamo Moskva” klubi e’tiborini tortdi. Moskva klubini “Rostov”da Eldor Shomurodovga ustozlik qilgan va legionerimizning Italiya chempionatiga ko‘chib o‘tishiga hissa qo‘shgan  taniqli murabbiy Valeriy Karpin boshqarayotgan edi.

Valeriy Karpin ayni paytda Rossiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi ham hisoblanadi. Shu bois, u 17 noyabo kuni bor e’tiborini terma jamoaga qaratishga qaror qilganini bildirib, “Dinamo”dagi lavozimini topshirdi.

Shundan keyin “Dinamo” sport lirektori Jelko Buvach Nuri Shaxinga bog‘lanib, unga jamoani boshqarish taklifini berdi.

Rossiya va Turkiyadagi manbalarning ma’lum qilishicha, Shaxin “Istanbul Bashakshehir” bilan uzoq muddatli hamkorlik shartnomasi borligi, bu klubda yaqinda ish boshlagani va faoliyatini shu erda davom ettirish istagi yuqori ekanini bildirib,  “Dinamo Moskva”ning taklifini rad etdi.

“Dinamo” tarkibida o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari uchun yaxshi tanish bo‘lgan qozog‘istonlik futbolchi Baxtiyor Zaynutdinov o‘ynaydi. Hozir uchun jamoasini vaqtinchalik Rolan Gusev boshqarib turibdi.

Shu tariqa, Nuri Shaxin “Istanbul Bashakshehir” jamoasidagi ishini davom ettiradigan bo‘ldi. Bu mutaxassis qo‘l ostida Eldor Shomurodovning o‘yini ochilib ketganini alohida ta’kidlash lozim. 30 yoshli hujumchimiz Turkiya Superligasida               12 ta uchrashuvda raqiblar darvozisini 8 marotaba ishg‘ol qilib, to‘purarlar poygasida peshqadamlik qilmoqda.

Chempionat davomida “Beshiktosh”, “Alanyaspor”, “Konyaspor”, “Galatasaroy”, “Kojaelispor”, “Genchlerbirligi” darvozasiga bittadan gol urib, “Antalyaspor” bilan bahsda dubl qayd etgan Shomurodov “Bashakshehir”ning umumiy 13 ta golidan sakkiztasini o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.

Abbosbek Fayzullaev esa, chempionatda beshta uchrashuvda ishtirok etdi va hozir jarohatidan qutilib, mashg‘ulotlarda sport formasini tiklashga urinyapti.

“Istanbul Bashakshehir” Turkiya Superligasidagi navbatdagi uchrashuvini 23 noyabr kuni o‘z maydonida “Trabzonspor” futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.

“Manchester Siti” Husanovning joyiga zo‘r himoyachi oladigan bo‘ldi
Shomurodov finaldan keyin nimalar dedi?
Husanovning ahvoli qanday? “Manchester Siti” o‘yinchilari reytingi e’lon qilindi

O‘zbekistonning shov-shuvli g‘alabasiga qanday munosabat bo‘ldi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!