
Shomurodovsiz Rossiya chempionati jozibasini yo‘qotadi
Kuchli legionerlar har qanday chempionat bezagi. Ana shu ma’noda, soccer.ru sayti Rossiya premer-ligasini o‘z o‘yinlari bilan bezab turgan va o‘z klubida haqiqiy etakchiga aylangan chet ellik charm to‘p ustalarini aniqladi.
Mutaxassislar bu legionerlarsiz Rossiya chempionati o‘z jozibasini yo‘qotadi, degan fikrda.
Demak, premer-ligadagi eng zo‘r legionerlar bilan tanishamiz:
«Spartak» — Samuel Jigo (Frantsiya)
Frantsiyalik futbolchi bugungi kunda moskvaliklarning eng muhim o‘yinchilaridan. Mavsumning birinchi yarmida o‘z gollari bilan “Spartakni” ko‘p qutqardi. U hozir “Latsio” e’tiborida. Agar yozda Italiya klubiga o‘tib ketsa, moskvaliklar katta yo‘qotishga duch keladi.
«Axmat» - Odise Roshi (Albaniya)
Chempionat autsayderining ham ishongan legioneri bor. Bu 28 yoshli Odise Roshi. Aslida bu jamoada braziliyalik Ismael porlashi kutilgandi. Lekin u hozirgacha bitta samarali to‘p oshirdi xolos. Roshi esa raqiblar darvozasiga beshta to‘p kiritdi.
«Dinamo» — Maksimilian Filipp (Germaniya)
“Dinamo”chilar tarkibidagi legioner orasida eng ko‘p foyda keltirayotgani Filipp bo‘lib turibdi. Uning ettita goli va assisti jamoaga 12 ochko keltirdi.
«Krilya Sovetov» — Denis Popovich (Sloveniya)
Samaraliklar asosiy to‘purari Sobolevni Moskvaga jo‘natgach, uning vazifasini Denis Popovich bajarishiga umid qilishmoqda. Sloveniyalik futbolchi uchta o‘yinda ikkita gol urdi.
«Sochi» — Kristian Noboa (Ekvador)
35 yoshli ekvadorlik futbolchi Rossiyaning katta klublarida boy tajriba to‘plagan. Ana shu tajriba sochiliklarga foyda keltiryapti. “Qariya” gol urish va golli pas berishni qoyillatyapti.
«Rubin» — Filip Uremovich (Xorvatiya)
Bir paytlar qozonliklar tarkibidagi legionerlar orasida hamyurtimiz Andrey Fyodorov porlagandi. U “Rubin”ga sardorlik ham qilgan. Bugungi legionerlar orasida xorvatiyalik himoyachi Uremovich etakchi.
«Orenburg» — Djordje Despotovich (Serbiya)
O‘zbekistonlik Vadim Afoninga javob berib yuborgan orenburgliklar tarkibida serbiyalik Despotovich haqiqiy lider. Baquvvat hujumchi hozirgacha raqiblar darvozasini sakkiz marta ishg‘ol qildi.
TsSKA – Nikola Vlashich (Xorvatiya)
“Armiyachilar” iqtidorli legionerning Turkiyaga ketmasdan, jamoada qolganidan mamnun. Xorvatiyalik futbolchi jamoasi yomon o‘yin ko‘rsatgan vaqtda ham gol ura oladi. Hozircha ettita gol va to‘rtta assist bilan klubdagi boshqa legionerlardan ustunligini isbotlamoqda.
«Arsenal» — Goran Chaushich (Serbiya)
Tulaliklar tarkibida bir nech chet ellik o‘yinchi bor. Lekin Goran aniq pas oshirishi va gol ura olishi bilan ulardan yuqori turadi.
«Krasnodar» — Kristian Ramires (Ekvador)
Odil Ahmedovning sobiq jamoasida ayni paytda uzoq Ekvadordan kelgan Ramires ishonchni oqlamoqda.
«Ural» — Erik Bikfalvi (Ruminiya)
“Ural”ning o‘yinini kuchaytirib turgan legionerlar orasida eng samaralisi Erik Bakfalvidir. Yarim himoyachi 19 ta o‘yinda beshta gol urdi. Bu jamoadagi eng yaxshi ko‘rsatkich.
«Lokomotiv» - Gjegoj Krixovyak (Polsha)
RPLdagi eng qimmatbaho legioner. U juda sifatli o‘yin ko‘rsatmoqda. 20 marta maydonga tushgan futbolchi 9 ta golga mualliflik qildi.
«Ufa» - Ketelin Karp (Moldova)
Ayni paytda ufaliklar tarkibida Ketelin Karp etakchilik qilmoqda. U bu mavsumda 20 ta o‘yin o‘tkazdi. Ammo, “Ufa”da etakchilik hamyurtimiz Oston O‘runovga o‘tish ehtimoli katta. Chunki “Ufa”ga qo‘shilganidan keyin uchta o‘yin o‘tkazgan o‘zbek yigiti mart oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Oston to‘p surgan o‘yinlarda “Zenit” va TsSKA o‘z maydonida ufaliklarni engolmadi.
«Zenit» - Vilmar Barrios (Kolumbiya)
Chempionlikka asosiy da’vogar safida kuchli va taniqli legionerlar ko‘p. Eng zo‘r legioner sifatida golli hujumlarni boshlayotgan Barrios tan olinmoqda.
«Rostov» - Eldor Shomurodov (Uzbekistan)
Boshqa jamoalardan farqli o‘laroq, “Rostov” legionerlarining deyarli barchasida etakchilik qobiliyati bor. Sovuq o‘lkalardan kelgan Eremenko va Normann yarim himoyada mustahkam va sovuqqon. Lekin mutaxassislarning ta’kidlashicha, jamoaning asosiy kuchi bu Eldor Shomurodov. Janubiylik yigit maydonda raqib himoyachilari va darvozabonlarini “yondiryapti”.
Eldor Shomurodov singari legioner futbolchilar Rossiya chempionatiga joziba bag‘ishlamoqda.
Ayni paytda o‘zbekistonlik forvardga xorij klublaridan takliflar bo‘lmoqda. Yaqinda “Shalke 04“ jamoasi Eldorni taklif qilayotgani haqida ma’lumotlar berildi.
Albatta, 24 yoshli hujumchi ko‘rsatayotgan ishonchli o‘yin ko‘pchilikning e’tiborini unga qaratmoqda. U “Rostov” tarkibida 22 ta o‘yinda 11 ta gol urdi va olti marta golli pas berdi. Eldor jamoasini Evropa chempionlar ligasiga olib chiqarishga harakat qilmoqda.
Fikrlar