
“Siti”da tozalash bo‘ladi, masala Husanovga ham daxldor!
“Manchester Siti” bu mavsum boy berilgan gegemonligini kelasi chempionatda qayta tiklamoqchi. “Shaharliklar” yozgi transferlar davrida Angliya Premer-ligasi, ichki musobaqalar va qit’a miqyosidagi turnirlarda bosh sovrin uchun kurashishga qodir yangi tarkib shakllantirishni maqsad qilgan.
Klub skautlari va selektsiya bo‘yicha mutasaddilari Xosep Gvardiola qo‘llaydigan o‘yin uslubiga mos yosh va iqtidorli o‘yinchilarni tanlashga e’tibor qaratmoqda.
“Manchester Siti” faoliyatini tahlil qilib kelayotgan cityxtra.co.uk portali tarkibda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar haqida to‘xtaldi.
Sports.uz portali ushbu maqolani o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
- “Manchester Siti” himoya markazida Abduqodir Husanovga yangi sherik olib kelish uchun A Seriyadan 30 million evroga baholanayotgan futbolchini tanladi va uni qo‘lga kiritishda “Liverpul” hamda “Chelsi” bilan raqobatlashmoqda.
Italiyadan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, manchesterliklar “Udineze”da o‘ynayotgan frantsiyalik himoyachi Umar Solega jiddiy qiziqish bildiryapti.
Yaqinlashib kelayotgan transferlar bozarida “Siti” tarkibning eng zaif nuqtalarini yangi ijrochilar bilan kuchaytirishga qaror qilgan va Xosep Gvardiola yangi kuchlarga joy ochishi talab etiladi. Maqsad – kelasi mavsum Premer-liga va UEFA Chempionlar ligasida sovrinlar uchun kurashishdan iborat.
Ta’kidlash joizki, joriy chempionatda himoya chizig‘i Xosep Gvardiolani eng ko‘p bezovta qilgan nozik nuqta bo‘lib qoldi. Manuel Akanji, Jon Stounz, Natan Ake ko‘p vaqtini jarohatlarni davolashga sarfladi va bu holat klubni qishda 63 million funt sterlingdan ko‘proq pul tikib, Abduqodir Husanov va Vitor Reysni olishga majbur qildi.
Jarohat tufayli bir necha hafta maydondan tashqarida qolgan Ruben Dias esa, “Siti”ninmudofaa chizig‘ida haqiqiy tayanch vazifasini bajarib berdi. Himoyachilardan faqat Yoshko Gvardiol mavsumni jarohatlarsiz va barqaror o‘tkazayotgani uchun ustozi Pepdan maqtov eshityapti.
Mavsumning birinchi yarmida jismoniy holati talabga javob bermagan Kayl Uoker “Milan”ga ijaraga jo‘natildi. Uokerning o‘rnini Riko Lyuis egalladi va bahorgi o‘yinlarda tarkibga yangi qo‘shilgan Abduqodir Husanov yonida o‘ynab, o‘zbek legioneriga himoyani yopishga yordam berdi.
“Manchester Siti” kelasi mavsum oldidan tarkibda keng miqyosli tozalash ishlarini olib boradi va rahbariyat bu vazifasini yangi tayinlanadigan Ugo Vianaga topshiradi.
“Shaharliklar” yozgi transferlar ro‘yxatiga markaziy himoyachi Umar Soleni kiritdi. Frantsiyalik gigantga joy ochish uchun klub Ake, Stounz yoki Akanji kabi yoshi katta himoyachilardan biriga javob berib yuborishni mo‘ljallamoqda.
Qiziq tomoni shundaki, Frantsiyada “Stad Laval” jamoasida tarbiyalangan va “Lion”da o‘ynagan Sole 2020 yili 4,5 million evro evaziga Avstriyaning “Zaltsburg” klubiga o‘tgan. Bu klubda to‘rt yil o‘ynaganidan keyin Umar ishsiz qoldi. O‘tgan yozdan boshlab ish qidirgan himoyachi shu yilning 2 yanvar kuni “Udineze” bilan ikki yarim yillik biti tuzdi.
Udineliklar Angliya grandlari nazariga tushgan 25 yoshli o‘yinchisini 30 million evro evaziga qo‘yib yuborishga tayyorligini aytilmoqda.
“Manchester Siti” tarkibda Yoshko Gvardiol va Abduqodir Husanov singari yaxshi saviyadagi o‘yinchilar borligiga qaramay, “Yuventus”dan o‘ng qanot himoyachisi Andrea Kambyasoni ham olishni istayapti, - deb yozdi cityxtra.co.uk sayti eksperti Vayam Laxoti.
Bundan tashqari, ayrim nufuzli manbalar Xosep Gvardiola Abduqodir Husanovni yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida o‘zining o‘yin uslubi va falsafasiga moslashtirishi, kelasi mavsum uchun tayyorlashini ta’kidlamoqda. Aynan mana shu jarayondan keyin Abduqodir yana jamoada asosiy figuraga aylanishi mumkin.
Husanovning hozirgacha bir necha uchrashuvda boshlang‘ich tarkibga tushgani “Siti” himoyachilari orasida avj olgan jarohatlanish darajasi ortishi oqibatida kadrlar bilan bog‘liq muammolarning kelib chiqqaniga bog‘liqdir.
Yuqoridagi ma’lumotlardan Xosep Gvardiola Abduqodir Husanovni yaqin kelajakda himoya chizig‘i etakchisiga aylanishidan umidvor, yangi loyihada mudofaa chizig‘ini o‘zbek legioneri atrofida shakllantirishni rejalashtirayotganini bilib olish mumkin va amalda ham shunday bo‘lishiga umid qilamiz...
Fikrlar