“Siti”ga Husanov bilan bir paytda kelgan hujumchi raqib jamoaga o‘tib ketishi mumkin
“Manchester Siti” rahbariyati o‘tgan yilgi inqirozdan keyin 2025 yilni yangi transferlar bilan boshlagan edi. Yanvar oyida “shaharliklar” katta summa sarflab, Abduqodir Husanov, Vitor Reys, Niko Gonsales va Umar Marmushni jamoaga olib kelgan.
To‘rtovlon orasida faqatgina eng yosh o‘yinchi – Vitor Reys tajriba va mahorat oshirish uchun yozda boshqa klub – “Jirona”ga ijaraga yuborildi. Qolganlari asosiy jamoa tarkibida qoldi va vaziyatga qarab, Xosep Gvardiola ularning xizmatidan foydalanyapti.
Bir yildan beri Angliya futbolidan bahra olayotgan bu o‘yinchilarga boshqa klublar ham nazar tashlay boshladi. Yaqinda turli manbalar Abduqodir Husanovni “Lans” va “Liverpul” ijaraga olmoqchi bo‘lgani haqida yozgandi.
Endi The Real Tolmie’s Hairdoo nomi bilan tanilgan ijtimoy tarmoqlardagi insayderlik akkaunti Umar Marmushga jiddiy xaridor chiqqanini yozmoqda.
Manga ko‘ra, 26 yoshli misrlik hujumchi Angliya Premer-ligasining boshqa klubi – “Tottenxem”ga o‘tib ketishi mumkin. London klubi rahbariyati Marmushga jiddiy qiziqish bildirayotgani aytilyapti.
“Manchester Siti” Marmushni olish uchun Bundesliga vakili “Ayntraxt” jamoasiga yanvar oyida 75 million evro to‘lagan. Shunga qaramay, Marmush ko‘pincha Erling Xolandning soyasida qolib ketyapti.
Joriy mavsumda Umar barcha musobaqalarda 15 marotaba maydonga tushib, bittadan gol va assist qayd etdi. Bu ko‘rsatkich superklub markaziy hujumchisi uchun kamlik qiladi va uni jamoaning muhim qismiga aylanib ulgurmaganidan dalolat beradi.
Umar Marmushning “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali mutaxassislari futbolchining bozor qiymatini 65 million evroga baholagan.

Fikrlar