
"Sizga savol bersam maylimi? "Lokomotiv"dagi ishimni qanday baholaysiz? - Korostichenko iste’fo bilan bog‘liq savollarga javob qaytardi
Aksariyat klublarimiz yozgi ta’tilga chiqib ketdilar. Shu fursatdan foydalangan holda jamoalarimizda o‘zgarishlar yuz bermoqda. Toshkentning “Lokomotiv” klubi ham bundan mustasno emasga o‘xshaydi.
Birinchi davradan keyin tarkibda ayrim o‘zgarishlar bo‘lishi haqida eshitgandik. Shu bilan birga rahbariyat tomonidan murabbiy o‘zgartirilishi yuzasidan ham xabarlar yo‘q emas. Birinchi davrada “Lokomotiv”ning ishtiroki ko‘ngildagidek bo‘lmaganligi va bu rahbariyatni qoniqtirmaganligi klubda o‘zgarishlar yuz berishiga asosiy sabablardan biri sifatida qaralmoqda.
Denis Korostichenko mavsum boshida klubga bosh murabbiy etib tayinlangandi. Endi esa uning keyingi taqdiri mavhum bo‘lib qolmoqda. Sports.uz muxbiri darhol vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida murabbiy bilan bog‘landi.
- Denis Vladimirovich, nima bo‘ldi? Klubdan ketganingiz haqiqatmi?
- Bu gapni hoziroqda matbuotda o‘qidim. Lekin iste’foga chiqqanim haqida eshitmadim.
- Klub rahbariyati bilan bu masalada gaplashdingizmi?
- Hozircha bu masalada gaplashganimiz yo‘q. Ertaga katta majlis bo‘ladi. Shunda hammasini gaplashib olamiz.
- Umuman olganda, jamoaning birinchi davradagi ishtirokini qanday baholaysiz?
- Biz juda oz ochko yig‘dik. Boz ustiga ayrim uchrashuvlarda tashabbusga ega bo‘lsak-da, yakunda quruq qo‘l bilan qolib ketdik. Ammo shuni aytmog‘im kerakki, birinchi davrada hamma raqibga munosib qarshilik ko‘rsatgan holda o‘yinlar namoyish etdik. Ayrim hollarda bizda hujumlarni maromiga etkazib yakunlaydigan o‘tkir, tajribali ijrochi etishmadi. O‘ylaymanki, yaxshi hujumchi keladigan bo‘lsa, “Lokomotiv” mavsumning qolgan qismida kerakli ochkolarni qo‘lga kiritishi mumkin.
- Tarkibda o‘zgarishlar yuz beradimi? Kimlar tark etdi? Ikkinchi davra uchun qanday o‘zgarish bo‘ladi?
- Yo‘q, muxlislar kutgan o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Faqat tarkibga ikki-uch nafar futbolchini jalb etsak kerak.
- Eshitishimcha, Diyor Turopov “Lokomotiv”dan ketibdi, shu rostmi?
- Ha, u “Navbahor”ga ko‘chib o‘tdi.
- Bu aniq ma’lumotmi?
- Men shuni bilaman xolos.
- Jasur Jaloliddinov ham jamoaga qaytdimi?
- Ha, menga uning biz bilan birga bo‘lishini aytishdi.
- Sir bo‘lmasa, klubni yana kimlar tark etdi?
- Hozircha hech kim. Bu xususida nima deb javob berishni ham bilmayman. Negaki, boya aytganimdek, hammasi mavhum bo‘lib turibdi. Ertaga bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda klubdan kim ketishiyu, kimlar qolishi oydinlashsa kerak.
- Agar klub ertangi yig‘ilishda sizni iste’foga chiqarsa, buni qanday qabul qilasiz?
- Har qanday holatda ham “Lokomotiv”ga muxlislik qilib qolaveraman. Sizga savol bersam maylimi?
- Albatta.
- Siz “Lokomotiv”da men tomondan olib borilgan ishga qanday baho berasiz? Tarkibni inobatga olganda va klub ayni paytda musobaqa jadvalida 8-o‘rinni egallab turgan bir paytda mening ketishim adolatdan bo‘ladi, deb hisoblaysizmi?
- Siz “Lokomotiv”da qolishingiz kerak. Chunki jamoaning o‘yini bor.
Ko‘rib turganingizdek, shunaqa gaplar. Korostichenko ham vaziyatdan bexabar va ertaga barchasi oydinlashadi. Biroq uning savolidan shuni anglash mumkinki, agar “Lokomotiv”dan ketadigan bo‘lsa, bu holat unga biroz og‘ir botadiganga o‘xshayapti. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar