
Sobiq ittifoq respublikalari orasida Evro-2024 ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish uchun eng yaxshi imkoniyat qo‘shnilarimizda!
2024 yil Germaniya mezbonligida o‘tadigan Evropa chempionatining saralash bahslari o‘zining hal qiluvchi pallasiga yaqinlashmoqda. Kuni kecha Frantsiya, Belgiya va Portugaliya terma jamoalari Evro-2024 yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritishdi. Sobiq sovet respublikalari orasida ushbu turnirning final raundiga chiqish uchun eng yaxshi imkoniyat Qozog‘iston terma jamoasida bo‘lib turibdi. "H" guruhidan o‘rin olgan qo‘shnilarimiz 6 o‘yindan so‘ng 12 ochko jamg‘argan holda, to‘plar nisbatiga ko‘ra o‘z guruhida 4-o‘rindan joy olgan. Peshqadam bilan oradagi farq 1 ochko.
Bugun qozog‘istonliklar Daniya mehmoni bo‘ladi va agar qo‘shnilarimiz Astanadagi (Qozog‘iston ajoyib "kambek" evaziga Daniyani 3:2 hisobida mag‘lub etgan) natijani takrorlay olishsa, u holda Evropa chempionatiga chiqish imkoniyatlarini ancha yaxshilab olishadi.
Shuningdek, bugun guruh peshqadami Sloveniya 3-o‘rin egasi Finlandiya bilan o‘yin o‘tkazsa, autsayderlar ham o‘zaro to‘qnash kelishadi.
"H" guruhi, 7-tur, bugun
18:00 / Sh. Irlandiya - San Marino
21:00 / Sloveniya - Finlandiya
23:45 / Daniya - Qozog‘iston
Bo‘lajak o‘yinlar haqida
17 oktyabr kuni Qozog‘iston Skandinaviyaning boshqa bir mamlakati - Finlandiyada mehmon bo‘ladi. Bu o‘yin ham qo‘shnilarimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Astanada o‘tgan ilk o‘yinda finlar minimal hisobda zafar quchishgan edi.
Noyabr oyida esa Qozog‘iston terma jamoasini ochko ulashuvchi San Marino va "karvonboshi" Sloveniyaga qarshi o‘yinlar kutib turibdi. Bo‘lajak o‘yinlar taqvimi borasida yo‘llanma uchun kurashayotgan to‘rtala jamoa orasidan Finlandiya va Daniya biroz omadliroq ko‘rinmoqda. Ushbu terma jamoalarning guruh autsayderlari Shimoliy Irlandiya va San Marinoga qarshi nisbatan oson o‘yinlari bor.
Sobiq ittifoqdagi boshqa respublikalarining imkoniyatlari qanday?
"A" guruhida Ispaniya, Shotlandiya, Norvegiyadan keyin 4 ochko bilan 4-o‘rinda borayotgan Gruziyada Evroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyat qolmagan. Faqatgina nazariy jihatdan Millatlar Ligasidagi pley-off orqali turnirga yo‘l olishi mumkin.
Ukrainada esa vaziyat Gruziyadan yaxshiroq, ammo Angliya va Italiya o‘rin olgan guruhda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmalar uchun kurashish oson kechmayapti. Shevchenko yurtdoshlari guruhda 3-o‘rinda borishmoqda, 5 o‘yinda 7 ochko jamg‘argan. 2-o‘rindagi Italiya 4 o‘yin orqali xuddi shuncha ochko jamg‘argan. Ukrainaliklarning ham pley-off o‘yinlaridagi imkoniyatlari yaxshiroq.
Turkiya va Xorvatiyadan so‘ng, "D" guruhida 3-o‘rinni egallab turgan Armaniston so‘nggi turda kutilmaganda Latviyaga yutqazib qo‘ydi. Natijada, 2-o‘rin uchun kurashdagi imkoniyatlarini pasaytirib yubordi.
"E" beshligida Albaniya, Polsha va Chexiyadan keyingi o‘rinni egallab turgan Moldova ertaga safarda Levandovski boshchiligidagi Polsha bilan o‘ynaydi. Agar sensatsiya ro‘y beradigan bo‘lsa, u holda moldovaliklar o‘z guruhida 2-o‘ringa ko‘tarilib olishlari mumkin. Ammo, Moldovaning oldindagi ikki o‘yin ham oson kechmasligi aniq: Pragada Chexiyaga qarshi, o‘z uyida etakchi Albaniya bilan o‘ynaydi.
O‘z guruhida 4-o‘rinda borayotgan Ozarbayjonning holati Gruziyanikiga o‘xshash. 2-o‘rindagi Avstriya bilan farq 9 ochko. Umid faqat Millatlar Ligasidagi pley-offdan.
Belarus va Litvada nazariy jihatdan o‘tish o‘yinlari orqali Evro-2024 ga chiqish imkoniyati saqlanib qolingan. Latviyada esa Germaniyaga olib boruvchi barcha eshiklar yopilib ulgurgan.
Barcha guruhlardagi vaziyat bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin:
Fikrlar