“So‘g‘diyona” va “Neftchi”da o‘zgargan vaziyat

  • 14 sentabr, 2022, 15:35
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superliga 16-turidan qoldirilgan o‘yin o‘tkaziladi. Unda “So‘g‘diyona” Jizzaxda “Neftchi”ni qabul qiladi. Bellashuv 19:00ga belgilangan.

Tecno

Ushbu bahs oldidan jamoalarning imkoniyatlariga nazar tashlaymiz.

Ulug‘bek Baqoev shogirdlari birinchi davrani yaxshi o‘tkazgan bo‘lsa, farg‘onaliklarda buning aksi. Ammo ikkinchi davra “Neftchi” uchun yomon kechmayapti.

Vodiy jamoasi oxirgi 4 turda 7 ochko jamg‘ardi. “Neftchi” birinchi davrada 13 o‘yinda 11 ochko ishlagandi. Hozir jamoa uyg‘onmoqda. “Bunyodkor” va Superliga etakchilaridan biri “Qizilqum” mag‘lub etildi. “Qo‘qon-1912” bilan durang. Faqatgina amaldagi chempion “Paxtakor”dan mag‘lubiyatga uchradi. Farg‘onaliklar so‘nggi ikki turdan beri g‘alaba nashidasini surmoqda.

photo_2022-08-30_09-23-29

“So‘g‘diyona”da vaziyat biroz boshqacharoq. Davralar oralig‘idagi tanaffusdan so‘ng “Bunyodkor” va “Dinamo” taslim etildi. Keyin esa “Olimpik” jizzaxliklarni minimal hisobda engdi. OFK Kubogida ham kurash olib borayotgan Baqoev shogirdlari “Navbahor” bilan o‘yinda tejamkorlikka e’tibor qaratib, durangga erishdi. 3 frontda kurash olib borayotgan “So‘g‘diyona”da oxirgi uchrashuvlarda charchoq alomatlari sezilmoqda va buni bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoev ham “lochinlar”ga qarshi bahsda ochiqchasiga aytib o‘tdi.

Bugun ishtahasi ochilib borayotgan “Neftchi”, biroz tin olishiga to‘g‘ri kelayotgan “So‘g‘diyona” bilan bellashadi. Imkoniyatlar borasida shuni aytishimiz mumkinki, nomlardan kelib chiqsak, qisman “So‘g‘diyona” ustunroq, lekin “Neftchi” tarkibida ham katta o‘yinlarni ko‘rgan va terma jamoa safida to‘p tepgan futbolchilar bor. Shu bois mazkur uchrashuvda qaysidir tomonda katta ustunlik yo‘qdek.

Agar farg‘onaliklar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, 21 ochko bilan 8-o‘ringa ko‘tarilib oladi. Mezbonlar zafar quchsa, “Navbahor”ga tenglashadi. Aksi bo‘lsa, jizzaxliklar uyidagi “Navbahor” bilan o‘yindagi vaqtni cho‘zgani qimmatga tushadi. Ikki jamoaga durang zarar qilmaydi. Biroq bugun do‘stlik g‘alaba qozonishi yuqoridagi omillar sabab qiyinroq masalaga o‘xshamoqda.

IMG_2369

“So‘g‘diyona”ning ikkinchi davradagi o‘yinlari

1 avgust, 14-tur

“So‘g‘diyona” – “Bunyodkor” 2:0

11 avgust, 15-tur

“Dinamo” – “So‘g‘diyona” 1:2

29 avgust, 17-tur

“Olimpik” – “So‘g‘diyona” 1:0

10 sentyabr, 18-tur

“So‘g‘diyona” – “Navbahor” 0:0

“Neftchi”ning ikkinchi davradagi o‘yinlari

2 avgust, 14-tur

“Qo‘qon-1912” – “Neftchi” 3:3

12 avgust, 15-tur

“Neftchi” – “Paxtakor” 0:2

29 avgust, 17-tur

“Neftchi” – “Qizilqum” 2:1

8 sentyabr, 18-tur

“Bunyodkor” – “Neftchi” 1:2

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!