
"So‘g‘diyona"dan ketgani, jamoasi Superligada o‘yinni sotgan yoki yo‘qligi, Jahon chempionatida qaysi jamoaga muxlislik qilishi haqida ShAHBOZ JO‘RABEKOV bilan katta intervyu
Ayni paytda Qatarda Jahon chempionati tobora o‘zining avj pallasiga chiqib bormoqda. Mundialga bo‘lgan qiziqish o‘ta yuqori darajada bo‘lib turibdi.
O‘zbekistonda esa mavsum yakuniga etdi va jamoalar yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, ayrim klublarni etakchi futbolchilar tark etmoqda.
Bu mavsum OFK kubogi, O‘zbekiston kubogi va Superligada chempionlik uchun kurashgan "So‘g‘diyona" yakunda barcha turnirlarda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Biz shu fursatdan foydalanib, "bo‘rilar" himoyachisi Shahboz Jo‘rabekovni suhbatga tortdik.
U "So‘g‘diyona"ning omadsiz yakunlangan yili, yangi mavsum jizzaxliklar safida bo‘lmasligi, Superligadan bo‘layotgan takliflar va Jahon chempionatidagi o‘yinlar borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Avvalombor, assalomu alaykum! Qizg‘in kurashlarga, intrigalarga boy o‘tgan bu yilgi mavsum ham yakuniga etdi. Mavsum haqida nimalar deya olasiz?
- Va alaykum assalom! Avvalo, hurmat qilib suhbatga chorlaganinggiz uchun rahmat aytib qolaman. Ha, to‘g‘ri aytdingiz, bu yilgi Superliga bahslari ancha qizg‘in, shiddatli kurashlarga, hayajonli lahzalarga boy o‘tdi. Buni turnir jadvalidagi zichlikdan va chempionlik so‘nggi turgacha saqlanib qolganidan ham anglash mumkin. Yakunda omad yana "Paxtakor" jamoasiga kulib boqdi.
- "So‘g‘diyona" dastlab peshqadamlik uchun kurashayotgandi. Ma’lum muddat jamoa 1-o‘rinda ham bordi. Ammo keyin muammolar yuzaga chiqa boshladi. Klubga aynan nima ko‘proq "bosh og‘riq" bo‘ldi?
- To‘g‘ri, biz mavsumni yuqori tempda boshladik. Ketma-ket g‘alabalar, OFK kubogida ham, O‘zbekiston kubogida ham yaxshi start olgandik. Oktyabr oyi biz uchun sinovli ekanini bilardik va shunday bo‘ldi ham. Ikkita yarim finalni boy berdik, chempionatda ham qoniqarsiz natija ko‘rsatdik. 1 yil mobaynida qattiq mehnat qilib, oxirida hech narsasiz qolish juda alamli va og‘riqli bo‘ldi.
OFK kubogidan so‘ng baribir ruhiy tushkunlikka tushib qolgandik. Bundan chiqib ketishga harakat qildik. Afsuski, hech narsa o‘xshamadi. Oxirgi uchrashuvlarda "So‘g‘diyona" o‘yinni sotdi", - degan gap-so‘zlar tarqaldi. Buni barchasi yolg‘on, bilib-bilmay gapirishlarini xohlamasdim. Alloh bu yilgi nasibamizni shunaqa qilib yozgan ekan. Bundan qochib qutula olmaymiz. Bizga ruhiy holatimiz ancha pand berdi, deb o‘ylayman.
- Jamoangiz 3 frontda ham g‘oliblik uchun kurashayotgan edi. Siz uchun OFK kubogi, Superliga yoki O‘zbekiston kubogidan qay birida chempion bo‘lish ahamiyatliroq edi?
- 3 ta frontda oxirigacha, bor kuchimiz bilan kurash olib bordik. Trebl qilishni hamda nafaqat Jizzax, balki O‘zbekiston tarixiga kirishni juda istagandik. Lekin avval aytib o‘tganimdek, Alloh xohlamasa, bizning ming uringanimiz hech narsa bo‘lib qolaveradi.
Musobaqalarni bir-biridan ajratmagan bo‘lardim. Sababi, uchalasi ham katta ahamiyatga ega. Hayot davom etadi, nasib qilsa, bundan katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritamiz.
- Kubok o‘yinida "Qizilqum" bilan penaltilar seriyasida amalga oshirgan 11 metrlik jarima zarbangiz OAV nigohida alohida muhokamalarga sabab bo‘ldi? Zarba yo‘llagan paytingizda nimalarni his qildingiz?
- Ha, o‘zim ham ijtimoiy tarmoqlarda buni juda ko‘p o‘qidim. Mashg‘ulotlarda xuddi shunaqa tepardim. Darvozabonimiz Mitrovich o‘yinda ham shunday tepishimni aytdi. O‘sha jarayonda shu qarorga keldim, panenka usulida zarba berdim va bu yakunda o‘z samarasini ko‘rsatdi. Bu tavakkal tepilgan zarba emas edi.
- "Kuala-Lumpur" bilan o‘yinda panenka tepmadingiz. Buning sababi nimada?
- Bu juda muhim o‘yin edi. Bunaqa katta tavakkal qilishdan ko‘ra to‘g‘ri tepganimni afzal ko‘rdim. Har holda, raqib jamoa bizni o‘rganadi, penalti tepganlarimizni ko‘rishadi. Shundan kelib chiqib, panenka tepmadim. Yakunda lotereyada xatoga yo‘l qo‘yib, jamoani finaldan mahrum qildim. Buni engib o‘tish juda qiyin. Barchasi hamon yodimda.
- Bu omadsizlik edi, bizningcha. O‘yinda ham jamoa gol urish uchun tinmay harakat qildi. Ammo malayziyaliklar yakunda "So‘g‘diyona" uslubida g‘alaba qozonib ketdi. Umuman olganda, "bo‘rilar"ning himoyaviy futbolini juda ko‘p tanqid qilishadi. Bu haqda qanday fikrdasiz? Rostan klub uslubi himoyaviylikka qaratilganmi?
- Rostan bu eng katta omadsizlik. Adashmasam, o‘sha bahsda 20 dan ortiq zarba berganmiz. Ammo hech qaysisi golga aylanmagan. Malayziyaliklar o‘sha kuni asosan, himoyaviy futbol namoyish etib, penaltilar seriyasigacha etib borishni maqsad qilgandi. Ular yakunda niyatlariga etishdi. Raqibda bosim umuman yo‘q edi.
Ha, ijtimoiy tarmoqlarda deyarli 90 foiz muxlislar bizni himoyaviy o‘ynaydi, deyishadi. Har bir murabbiyni o‘ziga yarasha taktikasi bo‘ladi. Bizga bellashuvdan oldin "himoyaviy o‘ynaymiz", - deb aytishmagan shu paytgacha. Faqat shoshilmaslikni, diqqatni yo‘qotmaslikni so‘rashadi. Hozir hamma futbol o‘ynashni o‘rganib olgan. Istaysizmi-yo‘qmi, futbolda natija qoladi. O‘tgan yili vitse-chempion bo‘ldik va hamma bizni gapirayotgandi.
- Superligada so‘nggi o‘yinlardagi qoniqarsiz natijalarga nima yoki nimalar sabab bo‘ldi? Tushunishim bo‘yicha bu faqat ruhiyatga bog‘lik jarayon emasdi. Klubda ichki muhit buzilgani to‘g‘risida gaplar tarqalgandi...
- Barchasi ruhiyatdan kelib chiqib, natijaga ta’sir qildi. Ikkita yarim finalda qolib ketganimizdan keyin o‘zimizga kelish uchun ancha vaqt kerak edi. Aytganimdek, buni qabul qilish tashqaridan oson ko‘rinishi mumkin. Lekin ichkaridan buni tushuntirib bera olmayman.
Sizga qanday ma’lumot berishgan, bilmadim-u, bizda ichki muhit juda zo‘r edi. Bitta oila bo‘lib ulgurgandik. Sizga etib kelgan bu kabi mish-mishlar har qanaqasiga asossiz!
- Anchadan beri Jizzaxda faoliyat olib borasiz. Shu vaqt ichida qanday jamoalardan taklif bo‘lgan?
- 2014 yildan beri "So‘g‘diyona" jamoasida to‘p tepib kelaman. Avval yoshlar jamoasida, keyin 2018 yildan asosiy tarkibda harakat qilib kelmoqdaman.
Shu paytgacha faqat O‘zbekiston klublaridan taklif bo‘lgan. Ammo ko‘pincha mengamas, jamoaning o‘zi bilan aloqaga chiqishgan.
- Bu mavsum erkin agentga aylandingiz. Eshitishimizga qaraganda, klub bilan shartnomani uzaytirmagansiz. Bunga o‘zingiz qaror qildingizmi yoki klub sizga qulay taklif bera olmadimi?


Fikrlar