So‘nayotgan yulduzni ortga qaytarishmoqchi
“Borussiya Dortmund” bosh murabbiyi Niko Kovach klubning sobiq futbolchisi Jeydon Sanchoni yana jamoaga qaytarish ehtimoli haqida fikr bildirdi.
Uning aytishicha, Sancho kabi iqtidorli futbolchi har qanday jamoa uchun foydali bo‘lishi mumkin. Kovach futbolchining sifatlarini yuqori baholab, u avval “Borussiya Dortmund”da yaxshi o‘yin ko‘rsatganini ta’kidladi.
Murabbiy bu transferning amalga oshishi bir qator omillarga bog‘liq ekanini aytdi. Jumladan, klubning rejalari, moliyaviy shartlar va futbolchining o‘zi ham muhim ahamiyatga ega.
Hozircha bu faqat ehtimol sifatida qaralmoqda, ammo Kovach bu variantga ochiq ekanini bildirgan. Agar barcha sharoitlar to‘g‘ri kelsa, Sancho uchinchi marta “Borussiya Dortmund” tarkibiga qaytishi mumkin.
25 yoshli futbolchi aslida “Manchester Yunayted”ga tegishli hisoblanadi. Manchesterliklar asosiy tarkibiga kira olmagan yulduz joriy mavsum boshida “Aston Villa”ga ijaraga jo‘natilgan.
“Manchester Yunayted” 2021 yili 100 million yevroga baholangan Jeydon Sanchoni aynan dortmundliklarga 85 million yevro to‘lab, o‘z safiga qo‘shib olgan edi. 30 iyun kuni klub va futbolchi o‘rtasidagi shartnoma tugaydi.
Fikrlar