Suares "Barselona"dan ketadimi?
"Barselona" klubi rahbariyati mavsum yakunlangach hujumchi Luis Suaresni sotib yuborish yoki sotib yubormaslik bo‘yicha hali bir qarorga kelgani yo‘q. Bu haqda ESPN nashri xabar tarqatmoqda.
Gap shundaki, bir tomondan urugvaylik futbolchining ko‘p maosh olishi rahbariyatga yoqmayapti, ikkinchi tomondan esa u jamoa sardori Lionel Messining eng yaqin do‘sti hisoblanadi va shu bois Messi Suaresning jamoadan ketishiga qarshilik qilishi mumkin.
Bundan tashqari, “Barsa” rahbariyati 32 yoshli Suaresni tekinga qo‘yib yubormoqchi emas va uning transferidan pul ishlab olmoqchi. Biroq, unga hozircha faqatgina AQShning “Inter Mayami” klubi xaridor bo‘lmoqda. Afsuski, ular ham Suaresni tekinga qo‘lga kiritishni rejalashtirishgan.
Ma’lumot uchun, Suares “Barselona” safida 2014 yildan buyon to‘p surib kelmoqda. U o‘tgan davr mobaynida 259 ta o‘yinda maydonga tushdi va 185 ta gol hamda 97 ta golli uzatma yozdirib qo‘yishga erishdi.

Fikrlar