Suhrob Izzatov: "Podadan avval chang chiqarmaylik"

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Toshkentning "Bunyodkor" klubi ayni kunlarda Turkiyada yangi mavsum oldidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. SPORTS.uz sayti "qaldirg‘ochlar" yarim himoyachisi Suhrob Izzatov bilan bog‘lanib, fikrlari bilan qiziqdi.

– Antalyadagi yig‘in qanday kechmoqda? 

– Yig‘in yaxshi o‘tmoqda. Ikki mahal mashg‘ulot qilyapmiz. Yaxshi saviyadagi jamoalarga qarshi nazorat uchrashuvlari o‘tkazdik. Har tomonlama yaxshi sharoitlar yaratilgan. Birinchi o‘yinimizda Konferentsiyalar Ligasida qatnashadigan klubga qarshi maydonga tushdi. Bugungi "Bunyodkor" yangi shakillanayotgan jamoa. Navbatdagi bahslarda o‘zimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz.

– Jamoani bir nechta etakchi futbolchilar tark etdi. Bilamiz, "Bunyodkor" sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan klub yoki "qaldirg‘ochlar"ning maqsadi o‘zgardimi?

– To‘g‘ri, jamoani etakchilar tark etdi. Ularning o‘rnini bildirmaslikka harakat qilamiz. Jamoamiz doim kuchli uchlikda bo‘lishni xohlaydi. Bu mavsum ham qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz. Qolaversa, akademiyadan ko‘zi yonib turgan yosh futbolchilar chiqmoqda. 

suxa

– Futbolchilarning ketishiga moliyaviy muammolar sababmi?

– Yo‘q, bunday, deb o‘ylamayman. Rahbariyat shunchaki jamoani yoshartirish maqsadida ularga ruxsat berdi. Moliyaviy qiyinchiliklar sabab emas. Hozirda barcha to‘lov pullari to‘lab berilgan.

– Sizga ham boshqa jamoalardan takliflar bo‘ldimi?

– Ha takliflar bor edi. Ammo "Bunyodkor"da qolishga qaror qildim. Sababi, jamoa bilan yana bir yillik shartnomam bor.  Yangi mavsumda bundanda yaxshiroq o‘ynab, legionerga aylanmoqchiman. Xudo xohlasa, qo‘ldan kelgancha klubga yordam beraman.

izzatov

– Yangi mavsumda qaysi jamoalarni chempionlik uchun kurashda etakchi, deb hisoblaysiz?

– Hozir bir narsa deyish qiyin. Podadan oldin chang chiqarmaylik. Bu yil ko‘plab klublar kuchaydi. Menimcha, intrigaga boy mavsum bizni oldinda kutib turibdi. Nazariy jihatdan ko‘p jamoalar bir xil kuchga ega, amalda esa ko‘ramiz ...

– "Bunyodkor"da avvaldan saviyali yarim himoyachilar to‘p tepgan. Bu borada klub yarim himoyachilar bilan alohida shug‘illanadimi?

– O‘yin uslubimiz mayda paslarga qurilgan. Bunda yarim himoyachilarning o‘rni katta. Shuning uchun ham markazda doim saviyali futbolchilar harakat qilgan. Mashg‘ulotlarda buni ustida ishlanadi. Bular o‘z o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan.

Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!