
"Superliga-2020". "Nasaf"ning seriyalari!
Osiyo Chempionlar ligasi uchun litsenziyani qo‘lga kirita olmagan Qashqadaryo klubi mavsumni vitse-chempionlik bilan yakunladi. Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari irodali mavsumni o‘tkazdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kuni kecha, 13 karra chempionga aylangan "Paxtakor"ning seriyalarini e’tiboringizga havola etgandik. Bugun esa, "Nasaf"ning ko‘rsatkichlariga to‘xtalib o‘tamiz.
"Ajdarlar" 13-16-turlarda ketma-ket zafar quchdi. E’tiborli tomoni, 27 avgust kuni safarda "Lokomotiv"ni 4:0, 10 sentyabr kuni "Qizilqum"ni 4:0, 15 sentyabrda "Andijon"ni 1:0 va 21 sentyabrda "Surxon"ni 5:0 hisoblarida taslim etgan "Nasaf" ushbu g‘alabali seriyasida birorta gol o‘tkazib yubormagan. Bundan tashqari, qarshiliklarda mag‘lubiyatli seriya qayd etilmadi.
Mavsum startidagi uchta turda g‘alabalarni tantana qilgan Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari to‘rtinchi turdan boshlab, ketma-ket 3 ta bahsda durang o‘ynadi. 14 iyun kuni o‘z uyida "Navbahor" bilan 2:2 hisobida, 21 iyunda safarda "Mash’al", 26 iyun sanasida o‘z maydonida "Buxoro" bilan golsiz durang qayd etdi.
Jamoaning g‘alabasiz seriyasi ham mavsumning shu qismiga to‘g‘ri keladi. "Nasaf" duranglardan so‘ng, 2 iyul kuni ettinchi turda AGMKga (2:1) imkoniyatni boy berib qo‘ygan va qatorasiga to‘rtinchi bellashuvda ham muxlislarni xursand etishni uddasidan chiqolmagan.
Qashqadaryo klubi 12-turdan boshlab, 22-turgacha umuman boshini egmadi. Qatorasiga 11 ta bellashuvda mag‘lubiyat nimaligini bilmagan "Nasaf"ning bu eng uzun mag‘lubiyatsiz seriyasiga sabab bo‘ldi.
"Ajdarlar" 26 ta uchrashuvning 16 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlay oldi. Albatta, bu maqtashga arziydigan ko‘rsatkich! Mashhur Muhammadjonov 2 ta, Umidjon Ergashev hamda Azamat Soibov bir martadan "quruq o‘yin" o‘tkazgan bo‘lsa, 12 ta uchrashuvda raqiblar Abduvohid Ne’matov darvozasiga yo‘l topa olishmadi.
Islom Kenjaboev bir marta, Bobir Abduxoliqov esa, 3 marotaba dubl qayd etishga erishdi.
"Nasaf"da asosan, yosh futbolchilar jam bo‘lganiga qaramay, yuqoridagi ko‘rsatkichlar Ro‘ziqul Berdiev har galgidek, yaxshi jamoa shakllantira olganiga to‘laqonli isbot bo‘la oladi. Biroq, qashqadaryoliklarni ko‘plab futbolchilar tark etish xavfi borligi kishini xo‘rsintirib, yangi kuchlardan umid qilishga majbur qiladi. "Ajdarlar"ning muxlislariga omad tilagan holda, maqolamizning navbatdagi soniga tayyorgarlikni boshlaymiz. Bizni kuzatishda davom eting!
Fikrlar