Superliga. 21-turda jamoalarning imkoniyatlari qanday?
Ha deguncha mavsum ham tugab qolay dedi. Yana 6 ta turdan so‘ng, Superliganing joriy mavsumi o‘z nihoyasiga etadi. Sentyabrning oxirgi kuni va oktyabrning 1-2-kunlari 21-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Ushbu tur o‘yinlari oldidan ham o‘z tahminlarimizni va jamoalarning imkoniyatlarini chamalashga harakat qilib ko‘ramiz.
"Qo‘qon-1912" - "Metallurg"
Oxirgi turlarda birdaniga kuchayib ketgan qo‘qonliklarning ushbu bahsda imkoniyatlari nisbatan yuqoriroq. Har holda, bo‘lar-bo‘lmasga ochko yo‘qotmaydigan "Lokomotiv", "Bunyodkor", "Nasaf" va "Surxon" jamoalaridan ochko tortib olishni uddasidan chiqishdi va so‘nggi 5 ta turda mag‘lubiyatga uchrashmadi.
Ammo, qo‘qonliklar singari "Metallurg" ham "Lokomotiv"dan ochko olishdi. "Navbahor" kabi jamoani mag‘lub etishdi. "Paxtakor"ga qarshi o‘yinda ham yomon o‘ynamagan bo‘lishsa-da, mag‘lub bo‘lishdi.
Imkoniyatlar: 60% - 40%.
"Bunyodkor" - "Buxoro"
Bir qarashda Toshkent klubi kuchlidek. Ammo turnir jadvaliga nazar tashlanganida buxoroliklarga ochko suv va havodek zarurligi darhol bilinadi. Vadim Abramov shogirdlari ham vitse-chempionlik uchun kurash olib borishmoqda. Keskin va murosasiz bahs bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Har holda, terma jamoamizga murabbiy etib tayinlangan Abramov ham hujumkor futbolni hush ko‘radi. Biroq, "qaldirg‘ochlar"ning kubokdan chiqib ketishganligi va "Qo‘qon-1912"ga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, "Qizilqum"ni qiyin tarzda mag‘lub etishganligi "Buxoro" jamoasida ham imkon bo‘lishiga sha’ma qila oladi.
Imkoniyatlar: 55% - 45%.
AGMK - "Nasaf"
O‘zbekiston Kubogining yarim finalida ikkita o‘zini ko‘rsata olgan va chiroyli futbol namoyish etgan jamoalar to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz. Bu bellashuvga biror-bir taxmin qilishni o‘zi qiyin. Ro‘ziqul Berdievning yosh jamoasi so‘nggi turda "Buxoro"ga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, Mirjalol Qosimov shogirdlari "Surxon" jamoasiga yutqazib qo‘yishgan edi. Hullas, biz ushbu turda taktik tomondan kuchli murabbiyga ega bo‘lgan va barqarorlik tomoni biroz etishmayotgan ikkita jamoaning to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz.
Imkoniyatlar: 50% - 50%.
"Paxtakor" - "So‘g‘diyona"
Umuman olganda jizzaxliklar ularning imkoniyatlarini past baholash noto‘g‘ri ekanligini butun mavsum davomida isbotlab kelishmoqda. Ammo bu safar raqib o‘ta jiddiy. Chempionlikni muddatidan avval qo‘lga kiritib bo‘lgan Toshkent klubi mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettiradimi yoki masalani hal qilib bo‘lganidan so‘ng, biroz sustlashadimi? Bu savolga biz 1 oktyabr kuni aniq javob olamiz. Agarda "Paxtakor" biroz bo‘lsada hotirjamlikga berilsa, "So‘g‘diyona" bunday imkoniyatni qo‘ldan chiqarib yuboradigan jamoa emas, balki kutilmagan sensatsiyani ko‘rishimiz mumkin bo‘lar.
Imkoniyatlar: 65% - 35%.
"Qizilqum" - "Lokomotiv"
Juda yaxshi tarkibga ega bo‘lgan "Lokomotiv" klubi g‘alaba qozonishni unutib qo‘ygandek. Har holda, "temiryo‘lchilar" so‘nggi bor, 17 avgust kuni "Nasaf"ni mag‘lub eta olishgandi. Buning oqibatida, jamoa o‘z ta’qibchilari bilan orasidagi farqni keskin darajada qisqartirib yubordi. Zarafshonliklar esa quyi Ligaga tushib ketishni aslo istashmaydi va hozirda ochko juda ham muhim. Toshkentliklar turnir jadvalida egallab turgan o‘rnini saqlab qolish uchun, "Qizilqum" esa xavfli zonadan chiqib olish uchun bor kuchlarini maydonga berishlari talab etiladi.
Imkoniyatlar: 40% - 60%.
"Navbahor" - "Dinamo"
Ikkita futbol o‘ynashni sevadigan jamoalar to‘qnashuvi. Hujumkorlik va shiddatni ko‘rsatib bera oladigan, ammo so‘nggi paytlar omadi chopmayotgan jamoalar o‘zaro bahs olib borishadi. To‘g‘ri, Samarqand jamoasiga g‘alaba juda ham muhim. Biroq, Namanganda kechadigan bellashuvda har qanday jamoa mezbonlarga qarshi tik turib berishda qiynalishadi. Kanchelskis shogirdlari gol urishda qiynalishayotgan bo‘lsa-da, tan olish kerak-ki, baribir imkoniyatlari yuqoriroq ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz.
Imkoniyatlar: 60% - 40%.
"Andijon" - "Surxon"
Taxmin qilishda eng qiyin bo‘lgan bellashuvlardan biri. Nimaga deysizmi? Sababi, "Surxon" jamoasini imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Jamoa mavsumni yuqori kayfiyatda o‘tkazmoqda. Lekin andijonliklarni so‘nggi o‘yinlarini ko‘rib, bir narsani guvohi bo‘ldik. Ya’ni jamoa maydonda borini bermoqda va katta kuch bilan harakat qilmoqda. Quyi Ligaga tushib ketishni jamoa umuman istamayapti.
G‘alabaga chanqoq ekanligi ko‘rinib turibdi. Aynan mana shu omillar taxmin qilishni qiyinlashtirmoqda. "Surxon" klubining natijalaridan kelib chiqqan holda ularni imkoniyatlarini biroz yuqoriroq baholashga qaror qildik.
Imkoniyatlar: 45% - 55%.

Fikrlar