Superliga. Ulardan zo‘rini topa olasizmi?

  • 22 oktabr, 2024, 10:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada 21-tur nihoyalandi. Ortda qolgan 7 ta uchrashuvning o‘z qahramonlari bor. Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.  

Tecno

“Paxtakor” – “Dinamo” – 4:2. Eng yaxshi futbolchi: Dragan Cheran

Superliganing 21-turi barvaqt 6 oktyabrda boshlanganini bilsangiz kerak. Keyingi o‘yinlar 18 oktbyardan davom ettirildi. Turni “Paxtakor” – “Dinamo” uchrashuvi boshlab berdi. Bu o‘yin keksa Dragan Cheranga ataldi. Boisi, u raqib darvozasiga uchta gol urdi, shundan ikkitasi penaltidan. Natijada 37 yoshli futbolchi 13 ta gol bilan to‘purarlar orasida yana yakka peshqadamga aylandi. Ushbu bahsda shu yoshida ham xet-trik qayd etayotgan futbolchidan zo‘rini topa olasizmi?

“Nasaf” – “Surxon” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Artyom Potapov

Chempionlikka yaqin kelayotgan va turnir peshqadami bo‘lib turgan “Nasaf” bu turda Termizning “Surxon”ini qabul qildi. O‘yinni tajovuzkor boshlagan mezbonlarning goli o‘zini uzoq kuttirmadi. Lekin hisob ochilgach, mehmonlar ham o‘ziga kela boshladi. Shunda ham “Nasaf” bahs mobaynida qator imkoniyatlarni yaratdi. “Surxon” posboni Artyom Potapov ancha vaqtdan keyin asosiy tarkibda maydonga tushirilganini mahorati bilan isbotladi. Chunki u bir necha bor jamoasini gollardan saqlab qoldi va “Surxon”ni ham mag‘lubiyatdan qutqardi.

“Lokomotiv” – “Bunyodkor” – 2:3. Eng yaxshi futbolchi: Luis Kachorri

Toshkent derbisi juda qiziqarli o‘tdi va unda jami 5 ta gol urildi. “Lokomotiv” birinchi bo‘lib hisobni ochganiga qaramay, “Bunyodkor” oxirgi golni urib 2:3 hisobida irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ikkinchi bo‘lim boshida maydonga tushirilgan italiyalik hujumchi Luis Kachorri 86-daqiqada “Bunyodkor”ga g‘alaba keltiruvchi golni urib ketdi. U maydonga tushgach, jamoasining o‘yini yanada kuchaydi va faolligi oshdi. Kachorri haqli tarzda eng yaxshi futbolchi bo‘ldi.

“Metallurg” – “Andijon” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Asad Sobirjonov

“Metallurg”ning oxirgi o‘rinda qolib ketayotgani jamoa rahbariyati va muxlislarini tashvishlantiryapti. Ikkinchi davrada tarkib bir muncha kuchaytirilgan bo‘lsa-da, bekobodliklar hamon oxirgi o‘rindan siljiganlari yo‘q. Bu turda Olmaliqda “Andijon”ni qabul qilgan “Metallurg” sal qolsa yutqazib qo‘yishi ham mumkin edi. Ikkinchi davrada transfer qilingan yarim himoyachi Asadbek Sobirjonov “Andijon”ga qarshi uchrashuvda faol o‘ynadi. Lekin birgina uning faolligi jamoasining g‘alabasiga etarli bo‘lmadi.

“Neftchi” – “Navbahor” – 2:2. Eng yaxshi futbolchi: Anvar G‘ofurov

Uchrashuvda “Neftchi” futbolchisi Anvar G‘ofurov tomonidan tezkor gol urildi. U haqiqatan juda faol o‘ynadi. Maydonning har bir qarich erida raqibiga muammolar tug‘dirdi. To‘g‘ri, yakunda bahs 2:2 hisobi bilan tugadi. Biroq Anvar G‘ofurov mehnatlariga yarasha uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

“Olimpik” – “Qizilqum” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Sunnat Abdullajonov

Nihoyat, “Olimpik” ikkinchi davradagi dastlabki g‘alabasiga erishdi. Ikkinchi davrada tarkibga qo‘shilgan va klubning eng yoshi katta futbolchisiga aylangan Sunnatilla Abdullajonov o‘z tajribasini ishga solib, “Qizilqum”ning uch nafar futbolchisini aldab o‘tib, ajoyib tarzda darvozani ishg‘ol etdi. 28 yoshli o‘yinchining individual mahorati evaziga “Olimpik” juda muhim g‘alabaga erishdi. Tabiiyki, Abdullajonov uchrashuv qahramoniga aylandi.

“So‘g‘diyona” – OKMK - 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Javohir Ilyosov

Medallar uchun kurashda bir-biriga asosiy raqobatchilar – “So‘g‘diyona” hamda OKMK jamoalari Jizzaxda bellashdilar. O‘yin kutilganidek juda shiddatli, hujumkor tarzda o‘tdi. Mehmonlar 0:1 hisobida oldinda borayotgan vaqtda mezbonlar ayniqsa ikkinchi bo‘limda qator xavfli hujumlarni uyushtirdilar. OKMK darvozaboni Javohir Ilyosov o‘yinni yaxshi o‘tkazib, jamoasini gollardan saqladi. Ammo oxirgi daqiqalarda OKMK futbolchisi Islom To‘xtaxo‘jaev o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. Bunda Ilyosovning aybi yo‘q. Yakunda Javohir o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!