Superligada 11-turning to‘liq tafsilotlari

  • 17 iyun, 2019, 13:08
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

15-16 iyun kunlari Superligada 11-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Uchrashuvlarda poytaxtning ikki jamoasi yirik g‘alabaga erishdi. Ularning ta’qibchilari esa ochko yo‘qotishdi va imkoniyatni boy berishdi. Natijada toshkentliklar qolganlardan sezilarli darajada o‘zib ketishdi.

Tecno

Quyida turning to‘liq tafsilotlari bilan tanishishingiz mumkin.

QO‘QON-1912 – DINAMO 2:2

Nihoyat, qo‘qonlik futbol ishqibozlari orziqib kutgan onlar ham keldi. Zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan “Markaziy” o‘yingohda ushbu mavsumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Lekin stadionda muxlislar ko‘pchilikni tashkil etmasdi. Bu balki oxirgi paytlarda qayd etayotgan natija bilan bog‘liqdir.

O‘yin mezbonlarning hujumlari bilan boshlandi. 8-daqiqada qo‘qonliklar raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatni yuzaga keltirishdi. Quvondiq Ro‘ziev sherigi Muhammadanas Hasanovni hujumga boshlagandi. Darvozabon epchilik qildi.

“Qo‘qon-1912” vakillari 20-daqiqada standart vaziyatdan keyin hisobni ochishdi. Jarima maydoniga oshirilgan to‘pni raqib himoyachisi Bobur Qosimov o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi.

Suhrob Berdiev oradan ko‘p vaqt o‘tmay Mirkomil Lokaevni o‘z jarima maydonchasida qo‘polik bilan to‘xtatdi. Penaltidan Jasur Azimov samarali foydalandi.

28-daqiqada yana mezbonlar darvozasi tomon penalti belgilandi. Bu safar ham Jasur Azimov posbonni dog‘da qoldirdi.

Taym oxirida standart vaziyatdan keyin Marko Milich raqib darvozasini ishg‘ol etgandi. Hakamlar gol urilgan vaziyatda himoyachi o‘yindan tashqari holatda qolib ketdi, deb hisoblashdi va golni inobatga olishmadi.

Ikkinchi taym qo‘qonliklar uchun omadli boshlandi. Bu safar ham “Dinamo” futbolchisi avtogol muallifiga aylandi. Uchrashuvda hisob boshqa o‘zgarmadi.

Gollar: Bobur Qosimov avtogol 20, Jasur Azimov penalti 24, Jasur Azimov penalti 29, Mirkomil Loqaev avtogol 46

“Qo‘qon-1912”: Sarvar Karimov, Muhammadanas Hasanov (Shahboz Erkinov, 62), Quvondiq Ro‘ziev (Behruz Sa’dilloev, 73), Avazxon Mamatxo‘jaev, Oybek Rustamov, Suhrob Berdiev, Iqboljon Malikjonov, Timur Usmonov (Javohir Esonqulov, 46), Aleksandr Merzlyakov, Marko Milich, Murod Xolmuhammedov.

Zaxira: Islom Abdullaev, Jamshid Hasanov, Timur Hakimov, Jasur Hasanov.

“Dinamo”: Botirali Ergashev, Mirkomil Loqaev, Hakimxon A’lamxonov, Jasur Azimov, Qadamboy Nurmetov (Amirjon Safarov, 46), Bobur Qosimov, Damir Temirov (Siroj Hamroev, 71), Sardorbek Eminov (Nizomjon Norov, 90), Jasur O‘rinov, Ixtiyor Toshpo‘latov, Shohruh Abdurahmonov.

Zaxira: Shohjahon Eshbo‘taev, Avaz Agaliev, Vohid Shodiev, Sanjar Baratov, Obid Hakimov, Dilmurod Karimov.

Ogohlantirishlar: Suhrob Berdiev 23, Hakimxon A’lamxonov 33, Oybek Rustamov 40, Marko Milich 59, Shohruh Abdurahmonov 59, Avazxon Mamatxo‘jaev 82.

5150 tomoshabin.

Aziz To‘xtaboev (“Qo‘qon-1912” jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi): - Bugungi o‘yinda g‘alaba qozonib, muxlislarimizni xursand qilishni maqsad qilgandik. Vaziyatlardan unumli foydalana olmaganimiz pand berdi.

Jamoada qancha qolishim natijalarga bog‘liq. Bugungi bahsda raqibni xato qilishga majbur etmaganimizda avtogollar bo‘lmasdi. Qolaversa, penalti belgilangan vaziyatlarda ham futbolchilarimiz xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Aks holda raqib to‘rtta gol urmasdi.

Quvondiq Ro‘zievni almashtirganim undagi charchoq bilan bog‘liq. Quvondiq terma jamoada ham ancha kuch sarfladi.

Davron Fayziev:- Qo‘qon ahlini bugungi stadionning ochilish marosimi va jamoaning o‘z uyiga qaytgani bilan tabriklayman. Aynan mazkur quvonchli kunda raqib sifatida to‘qnash kelganimizdan xursandmiz.

Muxlislarga yoqadigan, hujumkor o‘yin namoyish etishga harakat qilyapmiz. Ishqibozlar zavq oladigan o‘yin guvohiga aylanishdi.

Davralar oralig‘ida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Har bir murabbiy kuchli futbolchini tarkibga qo‘shib olishni istaydi. Ammo qanchalik bunga imkoniyatimiz etadi? Tan olish ham mardning ishi, ammo moliyaviy jihatdan Superligada so‘nggi o‘rinda bo‘lsak kerak. Biz taklif bildirgan futbolchiga sharoitlarimiz yoqadimi, bu ham muhim. Masalan, Suhrob Berdiev, Murod Xolmuhammedov bilan birga ishlaganman. Quvondiq Ro‘zievni ham "So‘g‘diyona"ni boshqargan vaqtlarimda Jizzaxga olib kelishni istagandim, ammo moliyaviy qiyinchiliklar bunga yo‘l qo‘ymagandi. Shu bois masalliqqa qarab ovqat tayyorlashga harakat qilamiz.

Bizning jamoada liderlar yo‘q. Xolmuhammedov kabi etakchi futbolchilar etishmayapti. Shu tomonlama kamchiliklarimiz bor.

 

LOKOMOTIV – SURXON 5:1

Bellashuvdan avval futbol jamoatchiligi “Surxon” Toshkentda ochko olib ketishini taxmin qilishayotgandi. Chunki surxonliklar ustozi Andrey Miklyaev “Lokomotiv”da bir necha yil murabbiylik qilgan va jamoani yaxshi bilishi bois shunday xulosaga kelingandi. Ammo chempion debyutantni “ayab” o‘tirmadi.

4-daqiqada Jamshid Iskandarov zarba berdi. Darvozabondan qaytgan to‘pni Temurxo‘ja Abduxoliqov to‘rga yo‘lladi. Lekin o‘yindan tashqari holat tufayli gol inobatga olinmadi.

Keyinroq Islom To‘xtaxo‘jaev burchakdan uzatilgan to‘pni to‘rga joyladi.

Taym o‘rtalarida Yovan Jokich deyarli 30 metrlar uzoqlikdan darvozani ishg‘ol qildi.

67-daqiqada Abduxoliqovning pasidan so‘ng Arslanmurat Amanov tabloga o‘z nomini yozdirib qo‘ydi. Uchrashuvda assistentlik qilayotgan Temurxo‘ja Abduxoliqov ham jarima maydoni ichidan gol urdi.

Ikkinchi taymda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Abbosbek Maxstaliev yaqin masofadan gol urib, hisobni qisqartirdi. Ammo 88-daqiqada Azizbek Amonov o‘z akasi qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etib, bellashuvga nuqta qo‘ydi.

Gollar: Islom To‘xtaxo‘jaev 16, Yovan Jokich 27, Arslanmurat Amanov 67, Temurxo‘ja Abduxoliqov 74, Abbosbek Maxstaliev 79, Azizbek Amonov 88

“Lokomotiv”: Javohir Ilyosov, Anzur Ismoilov, Azizbek Haydarov (Azizbek Amonov, 46), Jamshid Iskanderov, Temurxo‘ja Abduxoliqov (Javohir Alijonov, 80), Islom To‘xtaxo‘jaev, Yovan Jokich, Davronbek Hoshimov, Oleg Zoteev, Arslanmurat Amanov (Diyorjon Turopov, 73), Igor Yelich.

Zaxira: Ma’mur Ikromov, Husniddin G‘ofurov, Jaloliddin Jumaboev, Umar Adhamzoda, Vladislav Fomin, Bobur Ergashev.

“Surxon”: Asilbek Amonov, Abduqahhor Hojiakbarov, Ayubxon No‘’monov, Rahmatullo Berdimurodov, Sherzodbek Karimov (Abbosbek Maxstaliev, 66), Shavkat Salomov (Sherzod Hakimov, 87), Abdul Aziz Yusupov (Azamat Allaniyazov, 72), Abrorbek Ismoilov, Vladimir Bubanya, A’zam Aliev, Darko Stanoevich.

Zaxira: Azamat Ahmedov, Najmiddin Normurodov, Ravshanbek Xursanov, Ubaydullo Xoliqulov, Mirzakamol Kamolov, Suhrob Ne’matov.

Ogohlantirishlar: Islom To‘xtaxo‘jaev 36, Abduqahhor Hojiakbarov 45+1, Asilbek Amonov 57.

3158 tomoshabin.

Andrey Miklyaev: - Bugun bizda o‘yin ruhi umuman yo‘q edi. Muammo nimada bilmadim. O‘ylashimcha, muammo klubda. Menimcha, futbolchilarning hayotida muammolari bor. Ularda xohish, istak ko‘rinmadi. Barcha bir-biridan xafadek. Ammo harakat qildik. Futbolchilarim o‘ynashni istashmadi.

Bir o‘yinchimiz jarohatlangan. Markazdagilar safimizda emas. G‘ofurovning o‘yinda yo‘qligi yaqqol sezildi. Shundan keyin qo‘l ostimizdagi futbolchilarimiz bilan maydonga tushdik. Hattoki, ayrim vaqtlarda almashtirishlarga ham qiynalyapman. 10-11 nafar futbolchi bilan bir mavsumni o‘tkazib bo‘lmaydi.

Moliyaviy muammolar? Ha, bor. Biroq bu gap men uchun emas. Men faqatgina mashg‘ulotlar tizimiga javob beraman.

Andrey Fyodorov: - Jamoaning bugungi o‘yini va natijasidan mamnunman. Uzoq vaqt davomida murabbiylar shtabi ushbu sxemada ishlamagandi. Undan tashqari, Andrey Gennadevichning o‘zi ham bu erda anchagina vaqt faoliyat olib borgan, jamoaning ichki muhiti borasida ma’lumotga ega. O‘yinning boshida raqibdan ko‘ra hujumda kamroq o‘ynadik, agressiv bo‘lmadik. Ammo raqibga yaxshigina muammolar tug‘dirdik. Keyinchalik yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Uchrashuv 6 ochkolik edi.

Biz har doimgidek o‘ynayapmiz. Bosh murabbiy o‘zgarishi? Bu mish-mish. Jamoaning ichida bunday gaplar bo‘layotganini sezmayapman. Durang o‘ynagan kezlarimizda ham shogirdlarim ijobiy taassurot qildirishdi. Bugun esa raqibdan ko‘ra ko‘proq gol kiritdik. Bu erdagilarning barchasi professional. Agarda murabbiy noto‘g‘ri ishlayotgan bo‘lganida futbolchilar noroziligini bildirardi. Ammo bizda barcha yuqori g‘ayrat bilan ishlayapti. Rahbariyatning ishonchini sezyapman.

 

QIZILQUM – SO‘G‘DIYoNA 1:1

8-daqiqada Kaxi Maxaradze qanotdan oshirilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘lladi. Jizzaxliklar Navoiyda tezkor gol urib, himoyaga e’tibor qaratishdi.

Uchrashuv bunday boshlanishini kutmagan mezbonlar katta kuch bilan hujumga zo‘r berishdi. Sherali Jo‘raev o‘ng qanotdan jarima maydoniga uzatib bergan to‘pga Elguja Grigalashvili ulgurmadi.

Ketma-ket zarbalar bergan Hamidjon Aktamov shogirdlari ikkinchi taymda niyatlariga etishdi.

59-daqiqada Sherali Jo‘raev jarima maydoniga kirib borib, sheriklariga uzatgan to‘p himoyachi qo‘liga tegib yo‘nalishini o‘zgartirdi. Bosh hakam mehmonlar darvozasiga penalti belgiladi. Navoiyliklar haloskori Elguja Grigalashvili 11 metrdan gol urdi.

Gollar: Kaxi Maxaradze 8, Elguja Grigalashvili penalti 60

“Qizilqum”: Artyom Makosin, Erkin Boydullaev, Alisher Sanoev, Fayzulla Qambarov (Suhrob Yarashev, 59), Salim Mustafoev (Azizbek Usmonov, 56), Eldor Boymatov (Xurshid Olimov, 46), Muhsinjon Ubaydullaev, Sherali Jo‘raev, Elguja Grigalashvili, Maqsud Karimov, Ariagner Smit Medina.

Zaxira: Evgeniy Cheremisin, Murod Bobojonov, Akmal Rustamov, Humoyun Abdualimov, Mirjalol Qosimov, Sardor Jahonov.

“So‘g‘diyona”: Milan Mitrovich, Sardor Qulmatov, Iskandar Shoyqulov (Muhammad Yo‘ldoshev, 46), Elyor Orifov, Kaxi Maxaradze, Nuriddin Hasanov, Sanjar Rashidov (Siroj Meliev, 72), Shohruz Norxonov, Izzatilla Abdullaev (Durbek Kamolov, 60), Nikola Milinkovich, Shahboz Jo‘rabekov.

Zaxira: Shirinboy Abdullaev, Oybek Nurmatov, Murod Rajabov, Doston Toshmatov, Davronbek Umirov, Dian Talxatov.

Ogohlantirishlar: Salim Mustafoev 13,Milan Mitrovich 53, Xurshid Olimov 80, Sardor Qulmatov 83, Muhsin Ubaydullaev 90+5.

5267 tomoshabin.

Ulug‘bek Baqoev:- Bugun har ikki jamoa ham asosan oldinga o‘tishga va hujum uyushtirishga urindi. Raqibda ham, bizda ham etarlicha imkoniyatlar yuzaga keldi. Yakunda qayd etilgan durang natija adolatli bo‘ldi. Yigitlarga esa maydonda borlarini berib harakat qilishgani uchun rahmat aytaman.

“Qizilqum” jamoasi bugun yaxshi o‘yin namoyish etdi. To‘p uzatishlar va qanotlar ancha faol ishladi. Raqib safida jarohat olgan futbolchilar tezroq tuzalib ketishlarini tilayman.

Hamidjon Aktamov: - Bugun biz uchun omadsiz kun bo‘ldi. Yuzaga kelgan qulay imkoniyatlar ko‘kka sovurildi. Darvozaning yonginasidan ham gol ura olmadik. Futbolchilarga e’tirozlarim yo‘q. Yigitlar qo‘ldan kelgancha harakat qilishdi. Futbol xatolardan iborat. Shogirdlarim o‘zlarini ko‘rsatishga intilishdi.

 

ANDIJON – METALLURG 1:1

Bu tur "Sog‘lom Avlod" stadionida bir necha o‘yindan beri gol ura olmayotgan “Metallurg”, g‘alaba nimaligini esidan chiqarayotgan “Andijon” mehmoni bo‘ldi.

38-daqiqada mehmonlar Abdurahmon Abdulhaqovni maydonning chap burchagiga yaqin bo‘lgan joyda qo‘pollik bilan to‘htatib qolishdi. Natijada bosh hakam "Metallurg" darvozasi tomon jarima to‘pi belgiladi. Standartdan Oybek Qilichev oshirgan to‘pni avvaliga Ildar Mamatkazin darvozaga yo‘lladi, Lobanov bartaraf etdi. Qaytgan to‘p esa mehmonlar himoyachilaring biriga tegib, to‘rdan joy oldi.

Ikkinchi taym "Metallurg" faolligida boshlandi. Har ikki jamoa navbati bilan hujum uyushtirdi. 78-daqiqada bekobodliklar jarimadan to‘pni o‘yinga kiritishdi. To‘p yo‘l-yo‘lakay jonli devorda turgan Ro‘zim Ahmedovning qo‘liga tegdi. Vaziyatga yaqin turgan Zokir Qodirov esa ikkilanib o‘tirmasdan 11 metrli nuqtani ko‘rsatdi. Penaltini Stanislav Andreev bexato amalga oshirib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Gollar: Ildar Mamatkazin 38, Stanislav Andreev penalti 79

"Andijon": Vitaliy Mirniy, Bobir Amonov, Farhod Mirahmatov (Abdulloh Olimov, 70), Oybek Qilichev (Asror G‘ofurov, 87), Shahzod Ubaydullaev, Dilshod Rahmatullaev, Ildar Mamatkazin, Ro‘zimboy Ahmedov (Shahboz Jumaboev, 84), Abdurahmon Abdulhaqov, Abror Xusinov, Bobir Akbarov.

Zaxira: Akmal Ortiqov, Ibrohim Otaxonov, Farhod Bekmuratov, Sardor Sulaymonov, Doniyor Ismoilov, Radosav Aleksich.

"Metallurg": Aleksandr Lobanov, Abbos Otaxonov, Server Jeparov (Sergey Tumasyan, 63), Mahmud Qudratillaev (Zohid Abdullaev, 73), Islombek Isoqjonov, Abror Toshqo‘ziev (Bahrom Abdurahimov, 56), Muzaffarjon Muzaffarov, Shavkat Mullajonov, Kamoliddin Tojiev, Stanislav Andreev, Akbar Ismatullaev.

Zaxira: Zafar Safoev, Ibrohim Yo‘ldoshev, Doniyor Usmonov, Shahzod G‘ofurbekov, Muhammad Isaev, Bahodir Pardaev.

Ogohlantirishlar: Kamoliddin Tojiev 28, Farhod Mirahmatov 49, Bobir Akbarov 61, Bahrom Abdurahimov 68, Bobur Amonov 76, Ro‘zimboy Ahmedov 78, Abdurahmon Abdulhaqov 81.

7841 tomoshabin.

Andrey Shipilov: - Ushbu mavsum ikkinchi marta yangi bosh murabbiy boshchiligida ilk bor maydonga tushayotgan jamoa bilan bellashdik.

Keraksiz vaziyatda xato qilib gol o‘tkazib yubordik. Ikkinchi taymda almashtirishlar orqali o‘yinni o‘zgartirdik. Yakunda darvozani ishg‘ol etdik. Gol urgan bo‘lsak-da, o‘yinning so‘nggi daqiqalariga qadar yana hujum qilishga va vaqtni cho‘zmaslikka harakat qildik. Undan keyin bizda bir nechta yaxshi imkoniyat yuzaga keldi. Qayd etilgan natija adolatli bo‘ldi, deb hisoblayman.

Aleksandr Xomyakov: - Bugungi debyut uchrashuvda g‘alaba qozonishni juda ham istagan edik. Yigitlar ham shuni xohlashgani ko‘rinib turgandi. Lekin boshqa tarafini olib qaraydigan bo‘lsak, bizda ko‘p jihatlar o‘xshamadi. G‘alabaga mos o‘yin ko‘rsatmadik. Hujumda ham ishlarimiz yurishmadi. Qarshi hujumga o‘tib ketishda ham kamchiliklar kuzatildi. Ikkinchi taymda esa asosan himoyalandik. Shu sababdan qayd etilgan natija adolatli. Zero, 45 daqiqagina yaxshi o‘ynab, yakunda g‘alabaga umid qilish noo‘rin.

 

BUNYoDKOR – NASAF 1:1

Terma jamoamiz uchrashuvlarida “Milliy” stadionining maysasi ko‘chib ketgani va u arenada o‘yin o‘tkazishga hali erta ekanligi bois “Bunyodkor” qarshiliklar bilan TTYMI stadionida kuch sinashdi.

Turning markaziy uchrashuvida durang qayd etildi. Shuni ham aytish kerakki, hujumkor futbol namoyish etadigan ikki jamoa bu safar biroz o‘z an’anasidan chekindi. Ehtiyotkorlik bilan harakat qilishdi.

Islomjon Qobilov birinchi taymda Jasur Jaloliddinovning o‘ng qanotdan amalga oshirgan ajoyib reydini muvaffaqiyatli yakunladi.

36-daqiqada Dilshod Saitov ham chiroyli kombinatsiyaga gol orqali nuqta qo‘ydi.

Tanaffusdan so‘ng darvozalar oldida etarlicha xavfli vaziyatlar tashkil qilingan bo‘lsa-da, hisob o‘zgarmadi.

Gollar: Islomjon Qobilov 8, Dilshod Saitov 36

«Bunyodkor»: Abdumavlon Abdujalilov, Islomjon Qobilov, Anvar G‘ofurov, Dilshodbek Ahmadaliev, Jasur Jaloliddinov (Suhrob Izzatov, 52), Xurshid G‘iyosov, Lutfulla To‘raev, Mirjahon Mirahmadov (Sanjar Rixsiboev, 85), Sanjar Qodirqulov (Javohir Qahramonov, 69), Nurillo To‘xtasinov, Ulug‘bek Abdullaev

Zaxira: Murodjon Zuhurov, Sergey Proxorov, Bobur Farhodov, Abdulla Abdullaev, Muhammadodil Qahramonov, Vladislav Nuriev.

«Nasaf»: Umidjon Ergashev, G‘olib G‘aybullaev, Azizjon G‘aniev, Dilshod Saitov, Humoyun Murtazoev, Bobir Abdixoliqov (Islom Rashidxonov, 69), Sharof Muhiddinov (Akmal Mozgovoy, 87), Doniyor Narzullaev (Oybek Bozorov, 85), Sardor Abduraimov, Sherzod Nasrullaev, Umar Eshmurodov.

Zaxira: Mashhurjon Muhammadjonov, Husniddin Aliqulov, Jo‘rabek Mannonov, Xurshidbek Muxtorov, Alisher Yusupov, Sardor Sa’dullaev, Xudoyorxon Sa’dullaev.

Ogohlantirishlar: Sardor Abduraimov, 38. Sherzod Nasrullaev, 54. Islom Rashidxonov, 90+4. Oybek Bozorov, 90+4.

3487 tomoshabin.

Ro‘ziqul Berdiev: - Temp yuqori bo‘lmadi, tezlik ham biroz past. Bunga sabab har ikki jamoaning ehtiyotkorlikka e’tibor qaratgani hamda ob-havoning issiqligida deb o‘ylayman. Biz asosan qarshi hujumlarni ko‘zlab harakat qildik.

Futbolchilarning ikki hafta mobaynida klub bilan birga bo‘lmagani o‘yinga ta’sir o‘tkazdi. Chunki yarim jamoa biz bilan, qolganlar boshqa murabbiy qo‘l ostida shug‘ullandi. Bobir Abdixoliqov, Azizjon G‘aniev, Sharof Muhitdinov ikkinchi taymda biroz toliqib qolishdi.

Odiljon Hamrobekov o‘ynagan payt Azizjon G‘aniev oldinroqda harakat qilardi va zarba berish uchun ko‘proq imkoniyat bo‘lardi. Bizda zarbasi kuchli ikkita futbolchi: G‘aniev va Muhitdinov bor. Hozir G‘aniev himoyachilarga yaqinroq chiziqda to‘p tepayotgani bois zarba beradigan holatga chiqishi kam bo‘lyapti. Balki u o‘ziga qulay vaziyat topolmayotgandir.

Azizjon G‘aniev jarohatini davolab endi o‘ynay boshlashi bilanoq yana uning atrofida gap-so‘zlar tarqala boshladi. Unga xorijdan aniq takliflar bo‘lmadi. Agar klubni qoniqtiradigan taklif tushsa rahbariyat buni ko‘rib chiqishi mumkin. O‘ylaymanki, G‘aniev chetga ketsa, bu o‘zbek futboli uchun foydalidir.

Tan olish kerak, avvalgi rahbariyat ham futbolni yuqoriga ko‘tarish uchun kerakli ishlarni amalga oshirdi: maydonlar holati yaxshilandi, akademiyalar tashkil qilindi, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Hozirgi rahbarlar futbol ichidagi odamlar. Bu o‘zgarishlar o‘z mevasini beradi deb o‘ylayman.

Vadim Abramov: - Raqibning avvalgi o‘yinlarini kuzatganimda, "Nasaf" bahs oxirida kuchayishiga e’tibor qaratgandim. Bugun esa bunday bo‘lmadi. Aksincha, biz yaxshiroq ko‘rindik.

Avvalo shuni aytishim kerakki, men odamlarga tosh otadigan inson emasman. Xursand qilayotgan jihati, futbolimiz tepasiga futbolni tushunadigan odamlar keldi va ular bilan futbol tilida gaplashish osonroq. Bungacha ba’zi tushunarsiz holatlar uchrab turgandi. Masalan, men hozir PFL talabi bilan bo‘yinbog‘ taqqanman, vaholanki bunday issiqda bo‘yinbog‘ning nima keragi bor? Bu odamning ustidan kulish bilan barobar. Hatto mamlakatlar prezidentlari ham ko‘pincha turli sammitlarga bo‘yinbog‘siz borishyapti. Men tushunaman, agar bu bahs Kubok finali bo‘lganida galstuk boshqacha ko‘rinardi. Futbol - bu sport, Chempionlar ligasi bahslariga qarang, hamma murabbiylar majburiy kiyim kiyyaptimi? Yo‘q, albatta. Murabbiy o‘yinga ishlagani keladi, chiroyli kiyinib o‘tirish uchun emas.

 

AGMK – NAVBAHOR 1:1

Uchrashuvni mehmonlar hujumkor ruhda boshlashdi. Ularning harakatlaridan namanganliklar tezkor gol urishga intilishayotganligi ko‘rinardi.

7-daqiqada Ivan Solovyov jarima zarbasini amalga oshirganidan so‘ng, mezbon himoyachilarilan biri to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi. Belgilangan penaltini Aleksandr Kasyan aniq amalga oshirdi.

Bellashuvning uchdan bir qismi o‘tib borayotganda, Oston O‘runov o‘z jarima maydoni ichida Akmal Shorahmedovni yiqitgani uchun hakam 11 metrli nuqtaga ishora qildi. Penaltidan esa Murodjon Toshmatov gol ura olmadi. Darvozabon to‘pni ushlab qoldi.

Ikkinchi bo‘lim oxirlab borgani sari mezbonlar hujumi ancha havfli ko‘rinish olaverdi. Bu esa o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqada naf keltirdi.

90+3-daqiqada Shohnazar Norbekov raqib jarima maydoni ichida qarshisidagi raqibni aldab, olis yuqori burchakni ishg‘ol etdi.

Keyin esa Norbekov birga bir vaziyatga chiqib, noaniq zarba berdi. Aksi bo‘lganda “Navbahor” kambek qurboniga aylanardi.

Gollar: Aleksandr Kasyan penalti 7, Shohnazar Norbekov 90+3

Gol urilmagan penalti: Murodjon Toshmatov 30 (AGMK)

AGMK: Suhrob Sultonov, Mirjamol Qosimov (Shahzodbek Nurmatov, 60), Dilshod Jo‘raev, San’at Shixov, Zafar Polvonov, Murodjon Toshmatov (Mirg‘iyos Sulaymonov, 68), Akmal Shorahmedov, Jasur Umarov, Saydullo Rahmatov (Shohnazar Norbekov, 58), Sardor Rahmonov, Sherzod Fayziev.

Zaxira: Akbar To‘raev, Zohir Pirimov, Jasurbek Hakimov, G‘ulom Haydar G‘ulomov, Boburbek Yuldashev.

"Navbahor": O‘tkir Yusupov, Oston O‘runov, Azim Ahmedov, Ivan Solovev, Aleksandr Kasyan (Bahodir Nasimov, 89), Obid Jo‘raboev, Mirzohid G‘ofurov, Igor Golban, Abdujamol Isroilov (Shahzod Shaymanov, 6), Jahongir Mehmonov, Abbos G‘ulomov (Slavko Lukich, 60).

Zaxira: Dilshod Hamroev, Hojiakbar Yunusov, G‘iyosjon Komilov, Zafar To‘raev.

Ogohlantirishlar: Sardor Rahmonov 3, Oston O‘runov 24, San’at Shixov 41, O‘tkir Yusupov 68, Obid Jo‘raboev 90+2.

2880 tomoshabin.

Andrey Kanchelskis: – Durang natija har ikkala jamoani ham qoniqtirmadi. Albatta, achinarli. O‘yindagi birga bir vaziyatlardan foydalanilganda, yakun boshqa bo‘lishi mumkin edi. Ammo bu futbol. Sen ursang, senga ham urishadi. Durang bu natija emas. Bellashuvning so‘nggi daqiqalaridan ko‘ra, ikkinchi taym o‘rtalarida gol o‘tazib yuborish yaxshiroq. Birga bir vaziyatdan qanday qilib gol ura olmaslikni tushuna olmayman.

Mirjalol Qosimov: – Qiziqarli to‘qnashuv guvohiga aylandik. Qolaversa, muxlislarga yoqadigan, jangovar o‘yin bo‘ldi. Gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin hujumga otlandik. Albatta, bundan "Navbahor" unumli foydalanishga intildi. Ularda ham bizda ham vaziyatlar etarlicha yaratildi. Durang haqqoniy bo‘ldi.

Yigitlarga minnatdorchilik bildiraman. Yutqazib turib, shuncha vaziyatdan foydalana olmasliklariga qaramasdan, oxirigacha kurashishdi.

 

BUXORO – PAXTAKOR 0:5

“Buxoro” klubi yangi murabbiy qo‘l ostidagi debyut o‘yinda yirik hisobda imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvda “Paxtakor” raqibdan har tomonlama ustunlikka erishdi: hujumlar, to‘p nazorati va gollar borasida.

12-daqiqada ajoyib hujumdan so‘ng Dragan Cheran darvozani ishg‘ol qilgandi, biroq yon hakam uning ofsaydda turganini ko‘rib, bayroqchasini ko‘tardi. Lekin serbiyalik hujumchi bu bilan to‘xtab qolmadi.

32-daqiqada tezkor hujum uyushtirgan "sherlar" hisobni ochishdi. Marat Bikmaevning pasidan keyin Cheran yaqin masofadan gol urdi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Dragan ishlagan penaltidan Jaloliddin Masharipov foydalana olmadi. Masharipov zarba berish chog‘ida sirg‘alib tushdi.

Ikkinchi taym boshlarida Masharipov-Sergeev-Cheran ijrosidagi hujumni Dragan samarali yakunladi. 57-daqiqada Hojiakbar Alijonov hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.

73-daqiqada Jaloliddin Masharipov uzatmasidan so‘ng Egor Krimets boshi bilan darvozani ishg‘ol qildi.

Bellashuvda har tomonlama faol harakat qilayotgan Cheran 76-daqiqada yana Masharipov oshirgan to‘pni boshi bilan to‘rga yo‘llab, o‘z nomiga xet-trikni rasmiylashtirdi.

Gollar: Dragan Cheran 32, 49, 76, Hojiakbar Alijonov 57, Egor Krimets 73

Gol urilmagan penalti: Jaloliddin Masharipov 38 (“Paxtakor”).

"Buxoro": Xurshid Xo‘jaev, Ergash Ismoilov, Ivan Fatich, Vladimir Baenko, Mirjalol Jumaev, Behruz Shodmonov, Rabbim Hasanov (Akram Bahriddinov, 62), Jamoliddin Ubaydullaev, Tohir Shamsiddinov (Azamat Isroilov, 52), Jahongir Abdumo‘minov, Ivan Nagaev (Akobir To‘raev, 63)

Zaxira: Shohjahon Nasimov, Rahimjon Davronov, Sayfiddinov, Anvarjon Jo‘raev, Artyom Kulesha, Mirfayz Muhiddinov

"Paxtakor": Eldor Suyunov, Farruh Sayfiev, Egor Krimets, Sherzod A’zamov, Hojiakbar Alijonov (Akramjon Komilov, 60), Odiljon Hamrobekov, Sardor Sobirxo‘jaev, Jaloliddin Masharipov (Shohruh Mahmudhojiev, 77), Dragan Cheran, Marat Bikmaev (Ruslan Roziev, 79), Igor Sergeev.

Zaxira: Sanjar Quvvatov, Bobur Asqarov, Jahongir Ahmadov, Vladimir Kozak, Sobit Sindarov.

Ogohlantirish: Ivan Fatich 37.

5187 tomoshabin.

Shota Arveladze: - Bugun bizda ko‘plab qulay imkoniyatlar yuzaga keldi. Bu erda o‘ynash har doim ham oson bo‘lmagan. Bunga maydon holati ham ta’sir o‘tkazadi. Ko‘pgina rejalarimiz ish berdi, o‘yinimiz qovushdi. Yakunda qayd etilgan natija adolatli bo‘ldi, chiroyli va mazmunli o‘ynab, haqli tarzda g‘alaba qozondik.

Muhsin Muhammadiev: - O‘yin haqida hech narsa deya olmayman, chunki o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib yubordik. Lekin bir narsa meni ajablantiryapti, "Paxtakor" jamoasi O‘zbekiston chempionatida yaqqol lider hisoblanadi. Ularning ko‘pgina futbolchilari turli jamoalarda ijara asosida to‘p tepyapti. Ammo o‘sha futbolchilar "Paxtakor"ni o‘ziga qarshi bahslarda maydonga tusha olmaydi. Poytaxtliklarning talabi shunaqa ekan, axir shundog‘am zaxiramiz kuchli emas. Ikki asosiy yosh futbolchilarimizsiz to‘p tepdik. Bellashuvga tayyorlanishimizda vaqt juda ham oz edi. Nima ham derdim bu futbol, ikkinchi davrada javob o‘yini bor, natijani yaxshilashga harakat qilib ko‘ramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!