
"Tarix yozish uchun bu juda yaxshi imkoniyat" - Vitaliy Levchenko vodiy derbisidan keyin nimalarni aytdi?
Superliganing 20-turidan o‘rin olgan “Andijon” hamda “Neftchi” (0:0) jamoalari o‘rtasidagi bellashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko savollarga javob qaytardi.
- Derbi juda yaxshi o‘tdi. Faqat golsiz yakuniga etdi. Stadionda futbol muhiti juda zo‘r bo‘ldi. Ikkala jamoa muxlislari futbolchilarini ajoyib ravishda qo‘llab-quvvatladilar. Bugun ko‘p hujumlar bo‘ldi. Maydon holati kombinatsion futbol tashkil qilishga yo‘l qo‘ymadi. Qarshi hujumlar va uzun to‘p uzatishlar ko‘p bo‘ldi. Jamoa ham kurashdi. O‘ylaymanki, durang adolatli bo‘ldi.
- Siz natijadan qoniqdingizmi?
- Yo‘q. Har qanday sportchi g‘alaba qozonishni xohlaydi. Shu sababli biz ham, “Andijon” ham qoniqmadi. Ikkala tomon g‘alaba uchun maydonga chiqqandi. Maydonga har qanday o‘yinchi g‘alaba uchun tushadi. Afsuski, durang bo‘ldi.
- Akbar To‘raevni jarohati qanchalik jiddiy?
- Uni oyog‘ida og‘riq bor edi. Hozir unga tibbiy yordamni ko‘rsatishyapti. Vaziyatga qarab ish tutamiz. Hammasini shifokor va Akbarni o‘zi biladi. Tezroq sog‘ayib safga qaytishini tilayman.
- O‘tgan safar Aziz Amonov zaxiradan maydonga tushgandi. Bu safar u asosiy tarkibda o‘ynadi. Uni bugungi o‘yinini qanday baholaysiz?
- U chiziqda o‘ynaydigan o‘yinchilardan men har doim kuchli o‘yin ko‘rsatish kerakligini aytib kelaman. O‘ylaymanki, Amonov birinchi taymda raqib himoyachilariga etarlicha qarshilik ko‘rsatdi. Ammo ikkinchi taymda uni jismoniy holati pand berib qo‘ydi. Agar o‘yinchi terma jamoa ixtiyoriga borib u erda o‘ynasa juda yaxshi. Qaytib kelganidan so‘ng o‘z jamoasida ham o‘yin amaliyoti etarli bo‘ladi va kerakli natijalarni ko‘rsatadi. Ammo o‘yin amaliyotisiz qolib ketsa, unga ta’sir qiladi. Asta-sekin u yaxshi o‘yin ko‘rsatib boryapti.
- Endi chempionatimizda tanaffus. Bu vaqt davomida o‘rtoqlik uchrashuvini tashkil qilish rejasi bormi?
- Ha, bizda bunday reja bor. Tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanyapmiz. Tanaffusdan foydalanib o‘rtoqlik uchrashuvlarini rejalashtirganmiz. Yaxshi raqib istashda davom etyapmiz.
- Bilolxon Toshmirzaev nima uchun bugun ko‘rinmadi?
- U tezkor va kreativ futbolchi. Ammo bugun maydon ba’zi holatlarda kuchli o‘yin ko‘rsatishga imkoniyat bermadi. U har xil driblinglarni ham bajarish imkoniyatiga ega. Biroq bugun boshqa rejalarni tuzgandik.
- 5 oktyabr kuni bo‘ladigan final oldidan fikringiz? “Andijon”ni ham, “Navbahor”ni ham yaxshi bilasiz...
- Bilasizmi, agar tarkib nazaridan olib qarasak, “Navbahor”da biroz ustunlik bordek. Lekin bu Kubok finali va bir o‘yindan iborat. Unda kim g‘alabani ko‘proq xohlasa va shunga yarasha harakat qilsa, o‘sha jamoa yutadi. “Andijon” futbolchilarida shunday xissiyot va xohish bo‘ladigan bo‘lsa, g‘alaba qozonishi mumkin. O‘yinda ikkala jamoa ham katta kuch bilan, maydonda 100-200 foiz borini berib o‘ynashadi, deb o‘ylayman. Chunki barchasi bitta o‘yindan iborat. Tarix yozish uchun bu juda yaxshi imkoniyat. Yutgan jamoada OChLda qatnashish imkoniyati paydo bo‘ladi. Juda kuchli o‘yin bo‘ladi. Birinchi navbatda xarakter muhim ahamiyat kasb etadi. Kuchligi g‘alaba qozonsin!
Fikrlar