
Timur Kapadze: "O‘zini yaxshi reklama qildi, ammo..."
Superligada ilk bor ishtirok etayotgan “Olimpik” klubi tarkibi yoshlardan tashkil topganiga qaramay, hech kimdan cho‘chimayapti. Raqiblaridan ochkolarni tortib olishda davom etyapti. Bu safar “Neftchi” maydonida durang qayd etdi. “Olimpik” bosh murabbiyi Timur Kapadze esa bir qator savollarga javob qaytardi.
- Menimcha, qiziqarli o‘yin bo‘ldi, - deya gap boshladi, murabbiy. - To‘g‘ri, qiyin uchrashuv bo‘lishini bilardik. Chunki “Neftchi”ning vaziyati unchalik yaxshi emas. Qaerdadir omad etishmayotgandi, yana qaerdadir o‘zlari imkoniyatlardan foydalana olmayotgandi. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Futbolchilarimga tushuntirdim: “Neftchi” o‘z vazifasini qilyapti, biz o‘z vazifamizni qilyapmiz. O‘yinchilarimiz bunday o‘yinlar orqali o‘sishi va tajriba to‘plashi kerak. Ko‘rganingizdek, bugungi uchrashuv har taraflama yaxshi o‘tdi. Kurashlarga boy, yaxshi vaziyatlar ham bo‘ldi. Bu o‘yin bitta golgacha edi. Afsuski, biz ham gol urolmadik. Balki urganimizda yutib ketardik. Menimcha, ikkala jamoa ham yaxshi harakat qildi va durangga mos o‘yin bo‘ldi.
- Mehmonda o‘ynagan bo‘lsanglar ham o‘yinni uchta hujumchi bilan boshladinglar. Bunga qanday fikrdasiz?
- Har doim shunaqa o‘ynaymiz. Maydonda o‘zgarishlar o‘zidan-o‘zi chiqib kelaveradi. Futbolchilar qanday o‘ynashni bilishadi. Himoyalanayotganda kim qaerda bo‘lishi va hujum qilayotganda qanday vazifalarni bajarish lozimligini o‘yinchilarimiz o‘zlashtirishgan. Bu faqat uchrashuv boshidagi sxema va shunaqa tuyulishi mumkin. Lekin o‘yin paytida o‘zgarishlar ham bo‘ldi. Chekadagilar ham hozir hujumchi. O‘yin davomida Otabek Jo‘raqo‘ziev sxema bo‘yicha o‘rtaga kirishi kerak edi. Shuning uchun sizlarga shunday tuyuldi.
- “Neftchi” bilan o‘ynashda tajribangiz bor. Ammo bu safar “Olimpik” oldingi yillardagiga qaraganda biroz cho‘chibroq o‘ynadi. O‘tgan yili shashti balandroq edi.
- Biz cho‘chidik, demayman. Agar o‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, darvozamizdan oldinga o‘tayotganda pas orqali chiqdik. Hech qachon yigitlarim dovdirab qolishmadi. Bugun yaxshi o‘ynashdi. Bu vaziyatda “Neftchi”ni ham hisobga olish kerak, ular yaxshi kurashishdi. Qiyin vaziyatda edilar. Yaxshi jamoa. Hammasi tajribali futbolchilar. Yoshlarga qarshi o‘zini ko‘rsatishga harakat qilishdi. Ammo bizni bolalarda cho‘chishni ko‘rmadim. Balki qaerdadir kuchi yoki tajribasi etmagandir. Har bir uchrashuv bizga katta tajriba bo‘lyapti va ishonchini oshirishmoqda. O‘yindan-o‘yinga kuchayib boryapmiz. Buni futbolchilarimda ham sezyapman. O‘ziga ishonchi ortyapti. To‘g‘ri, yutolmayapmiz, ko‘proq durang o‘ynayapmiz. Bu loyiha bo‘yicha yigitlarni kuchaytirish talab qilinadi. Chunki oldimizda Osiyo chempionati va Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdek muhim vazifalarimiz bor. Buning uchun yigitlar o‘yinlar orqali kuchayishmoqda. Superligada klublar kuchli. Nafaqat bizni o‘yin, balki har bir uchrashuv qiyin bo‘lyapti. Oson uchrashuvlar yo‘q. Bu bizga foyda, aniq.
- Asosiy darvozabon Vladimir Nazarov qaydnomaga kiritilmadi, jarohati bormi?
- Jarohati yo‘q. Boshqa darvozabonlarimizga ham imkoniyat bermoqchi edik. O‘rnida harakat qilgan posbonimiz o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatdi. Bu erda ko‘pincha mahorat emas, ruhiyatga ham bog‘liq bo‘ladi. Lekin darvozabonimiz o‘zini yaxshi his qildi. Yana boshqa darvozabonlarimiz bor, ularga ham imkoniyat beramiz. Raqobat bor, men uchun ular o‘sishi kerak. Nazarov yaxshi darvozabon, o‘zini yaxshi reklama ham qildi. Lekin bir-ikkita uchrashuvda biroz xatolarga yo‘l qo‘ygani uchun ozgina pauza berishni lozim topdik. Bunday holatda ruhiyatga ham e’tibor berish kerak. Chunki xato ustidan xato kelib chiqishi mumkin. Faqat dam olishi uchun bugun uni qaydnomaga kiritmadik.
- Yozgi Osiyo o‘yinlarining qoldirilishi jamoaning foydasigami yoki...
- Xalqaro o‘yin baribir xalqaro o‘yin. U erda umuman boshqacha tajriba. Ayniqsa, ruhiyat tomonidan bosim yuqori. O‘zini boshqacha his qilish ehtimoli katta. Xalqaro maydonda terma jamoa libosini kiygandan keyin baribir bosim bor. Qancha ko‘p bu kabi bellashuvlarda qatnashishsa o‘zlariga ishonch ortadi. Musobaqa keyingi yilga qoldirilgan bo‘lsa, demak kelasi yili o‘ynash ehtimolimiz bor. Bilasizlar, iyun oyida Osiyo chempionati start oladi. Deyarli kam vaqt qoldi. Undan keyin chempionatdagi ishtirokimizni davom ettiramiz. Biz uchun yaxshi tajriba ketyapti.
- Futbolchingiz keraksiz joyda qizil kartochka oldi, o‘zini to‘xtata olmadimi?
- Menimcha, u erda jiddiy qoidabuzarlik ham bo‘lmadi. Hakamlar ko‘rib chiqishdi, VARdagilar bosh hakamni bekorga chaqirishmadi. To‘pga harakat qildi. To‘g‘ri, “podkat” bo‘ldi, to‘p uchun kurash kechayotganda nima qilish kerak? Oyog‘ini olib turishi kerakmi? U erda bahsli vaziyat edi. Hakam takroran ko‘rib, qaytargisi kelmadi. Menga to‘pga harakat qilgandek tuyuldi, to‘pga tepadan oyoq qo‘maydi. Albatta, o‘yinchimiz qizil olib keyingi uchrashuvlarda o‘ynay olmasligidan afsusdamiz. Lekin bizda 28 nafar futbolchimiz bor, shulardan 4 tasi darvozabon. Har bir o‘ynashga shay.
- “Neftchi”dagi Ulug‘bek Hoshimov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga chaqirilayotgan futbolchilardan biri. Klubida birorta gol urgani yo‘q. Olimpiya termasida esa umuman boshqa o‘yinchiga aylanadi.
- Bu erdagi muhitni bilmayman. Balki kattalar sabab o‘zini erkin his qila olmayotgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki terma jamoaga kelganda barchasi tengdosh, do‘stlari bor. Shuning uchun u erda erkinroq harakat qilyapti. “Neftchi”da nafaqat Ulug‘bek, balki butun jamoa tushkunlikka tushib qolgandek. G‘alaba bo‘lmaganidan keyin bunday holatdan chiqish qiyin. Lekin “Neftchi” bu holatni engib o‘tadi. Balki “Istiqlol”da, o‘z maydonida o‘ynaganida g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgan bo‘lishi mumkin edi. Boshqa jamoalar bilan deyarli betaraf maydonda o‘ynayapti. Ammo bizda ham vaziyat shunaqa. Biroq vazifamiz boshqa. Ochko o‘z yo‘lida keladi.
Fikrlar