Timur Kapadze: "Uchrashuvdan yaxshi xulosalarni chiqaramiz"
O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichi doirasidagi “Andijon” – “Olimpik” (0:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze savollarga javob qaytardi.
- Uchrashuvdan qanchalik qoniqdiniz?
- O‘yindan qoniqdim desam ham bo‘ladi. Albatta, bugun yutishga harakat qildik. G‘alaba qozonish kayfiyatida kelgandik. Ammo oson bo‘lmasligini bilardik. Chunki “Andijon” ham yaxshi jamoa, yaxshi himoyalanadi. Ular ham oldiga qanaqadir vazifa qo‘yganini bilardik. O‘yinimiz qaerdadir o‘xshadi. Yaxshi vaziyatlarimiz ham bo‘ldi. Gol urolmagandan keyin albatta durang bo‘ladi. Bu Kubok o‘yini edi. Yana bir bor o‘zimizga kerakli narsalarni ko‘rib oldik. Yaqinda “Andijon” bilan o‘ynagandik. Bu safar yana qaysi vaziyatlarda qanday harakatlanish kerakligini bilib oldik. O‘ylaymanki, ushbu uchrashuvdan ham yaxshi xulosalar chiqaramiz.
- Chempionatda “Olimpik” “Andijon”ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. O‘sha uchrashuv bilan solishtirganda qanday farqli jihatlarini ko‘rdingiz?
- Uydagi uchrashuvda “Andijon”dan tezkor gol o‘tkazganimizdan keyin ular deyarli himoyadan o‘ynadi va bizga qiyinchiliklar tug‘dirgandi. Bugun ozgina ochiqroq edi, ayniqsa, birinchi bo‘limda. Jamoa himoyada o‘ynashini bilardik. “Andijon” bugun imkoniyat darajasida himoyalandi. Ammo vaziyatlar bo‘lganida ochilib o‘ynadi. Ular aynan ochilib o‘ynay boshlaganida bizda imkoniyatlar bo‘ldi. Foydalansak bo‘lardi.
- “Olimpik”ning Kubokdagi asosiy maqsadi qanday?
- Guruhdan chiqishga harakat qilamiz. Chunki qancha uzoqroqqa borsak yaxshiroq klublarga qarshi shuncha ko‘p o‘ynaymiz. Kerakli tajribani qo‘lga kiritamiz.
“Andijon” matbuot xizmati.

Fikrlar