“Tottenxem” hali hech qachon bunaqa sharmanda bo‘lmagandi
Angliyaning “Tottenxem Hotspur” klubi UEFA Chempionlar ligasi 1/8 finalining safarda o‘tkazilgan birinchi o‘yinida Ispaniyaning “Atletiko” jamoasiga 2:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi va klub tarixidagi antirekordni qayd etdi.
Opta Sport statistika portali ma’lumotiga ko‘ra, “shporlar” klub tarixida birinchi marta barcha musobaqalarni hisobga olganda ketma-ket oltita rasmiy o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi.
Bundan avval London klubi Angliya Premier-ligasi doirasida ketma-ket beshta mag‘lubiyatni boshdan kechirgan edi.
Ushbu seriya davomida jamoa bosh murabbiyi Tomas Frank ishdan bo‘shatildi.
Uning o‘rniga xorvatiyalik mutaxassis Igor Tudor tayinlandi. Biroq bu mutaxassis ham vaziyatni o‘nglay olgani yo‘q.
Endi javob uchrashuvi 18 mart kuni Londondagi “Tottenxem Hotspur” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Yaqinlashib kelayotgan Angliya Premier-ligasi uchrashuvida esa Tudor shogirdlari mehmonda “Liverpul”ga qarshi maydonga tushadi.

Fikrlar