U-17 Jahon chempionati haqida nimalarni bilishimiz kerak?

  • 03.11.2025 12:27
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

Bugun Doha shahrida 2025 yilgi FIFA U-17 Jahon chempionati start oladi. 
 
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatlarida 4-bor ishtirok etmoqda. Jamoamiz 2011 (Meksika) va 2023 yilgi (Indoneziya) musobaqada chorak finalga qadar etib borgan. 2013 yil Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan mundialda esa 1/8 final bosqichida ishtirokini yakunlagan. 
 
Islombek Ismoilov boshqaruvidagi jamoamiz 2025 yilgi FIFA U-17 Jahon chempionatining “J” guruhida Paragvay, Irlandiya va Panama o‘smirlar terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. 
 
Paragvay 
 
Yo‘llanma: U-17 Janubiy Amerika chempionati — 5-o‘rin 
Mundialdagi ishtirok: 5 
Eng yaxshi natija: Chorak final (1999, 2019) 
Murabbiy: Mariano Uglessich 
E’tiborga loyiq o‘yinchi: Alan Ledesma 


 
Ledesma U-17 Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda Paragvay jamoasining muhim o‘yinchisi bo‘ldi. Jamoa sardori sifatida u maydon markazida o‘yinni boshqaradi va kurashuvchanligi bilan ajralib turadi. U, shuningdek, U-17 Janubiy Amerika chempionatida Paragvay ikkita penalti seriyasida g‘alaba qozongan va ularda o‘z zarbasini aniq amalga oshirib, jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shdi. 
 
Panama 
 
Yo‘llanma: KONKAKAF U-17 saralash bosqichi — guruh g‘olibi 
Mundialdagi ishtirok: 3 
Eng yaxshi natija: 1/8 final (2011) 
Murabbiy: Leonardo Pipino 
E’tiborga loyiq o‘yinchi: Estevis Lopes 


 
Chap qanot hujumchisi — Lopes murabbiy Leonardo Pipinoning tizimida muhim o‘rin tutadi. U KONKAKAF U-17 saralash bosqichida Panamaning uchta golida qatnashgan, ijodkorligi hamda aniq va kuchli zarbasi bilan o‘yinni o‘z foydasiga o‘zgartira oladi. Hozirda u Panamaning “Costa del Este” klubidan “River Pleyt” yoshlar jamoasiga ijarada o‘ynamoqda. 

Irlandiya 
 
Yo‘llanma: UEFA U-17 Evropa chempionati final bosqichi qatnashchisi 
Mundialdagi ishtiroklar: 0 
Eng yaxshi natija: Yo‘q 
Murabbiy: Kolin O‘Brayn 
E’tiborga loyiq o‘yinchi: Jeyden Umeh 


 
Tezkor, ijodkor va gol urishga moyil hujumchi Umeh Portugaliyaning “Benfika” klubi safida to‘p tepadi. U 2024 yilda Portugaliyaga ko‘chib o‘tgan va Irlandiya bosh murabbiyi Kolin O‘Braynning aytishicha, u “Benfika” akademiyasiga qo‘shilgach, o‘yini sezilarli darajada yaxshilangan. Umehning akasi Franko ham professional futbolchi bo‘lib, hozir Irlandiya U-21 terma jamoasida o‘ynaydi. 
 
Eslatib o‘tamiz, 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi FIFA Jahon chempionati joriy yilning 3–27 noyabr kunlari Qatar yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston U-17 terma jamoasi turnir doirasidagi ilk uchrashuvni 5 noyabr kuni Paragvayga qarshi o‘tkazadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!