"Ularni yoshida bu narsani o‘rgatmaslik kerak" - Andijonga 6 nafar etakchisini olib kelmagan Timur Kapadze nimani nazarda tutdi?

  • 09.04.2022 20:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Bugun Andijondagi “Bobur Arena” stadionida O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichida “Andijon-II” jamoasi Toshkentning “Olimpik” klubini qabul qildi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Uchrashuvdan so‘ng, “Olimpik” ustozi Timur Kapadze savollarimizga javob qaytardi.

- Birinchi navbatda Andijon jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Bolalar yaxshi harakat qilishdi va oxirigacha kurashishdi. Jamoamizga kelsak, qaerdadir o‘yinimiz chiqmadi, golda ham deyarli o‘zimiz xato qildik. Vaziyatlar yaratishga harakat qildik. Bu masalada deyarli qiynaldik. Balki futbolchilarim raqibni mensimagandir yoki yaxshi tayyorlana olmagandir. Ammo biz bu uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik.

- Bugungi uchrashuvda nima uchun asosiy tarkib o‘yinchilari maydonga tushirilmadi?

- O‘yinlar ziq. Terma jamoa bilan borib keldik, keyin yana safarlar. Mana shu safarlar bizni ancha qiynab qo‘ydi. 6 ta futbolchimizni Toshkentda qoldirdik, keyingi o‘yinlarga tayyorlanish uchun. Men uchun hammasi teng. Jamoamda barcha futbolchilarga imkoniyat beriladi. Ular faqat o‘yinlar orqali o‘sadi. To‘g‘ri, kamchiliklari, xatolari bo‘ladi. Ammo buning ustida ishlaymiz.

kapadze_2

- Bugungi uchrashuvda himoyachilar ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydi...

- Ha, bu bor narsa. Ishlaymiz. Bu erda ruhiy faktor ham, jismoniy faktor ham bor. Raqib jamoani bosimi ham bor. O‘yinni ko‘ramiz va xulosa chiqaramiz. Kamchiliklarni bartaraf qilishga harakat qilamiz.

- Superligadagi “Olimpik” boshqacha edi, bugun tanimadik. Boya 6 nafar futbolchini Toshkentda qoldirganingizni aytdingiz. Balki murabbiy sifatida o‘zingiz ham Kubok bahslariga jiddiy qaramayapsizmi?

- Harakat qildik, tayyorgarlik ko‘rdik. Men ham kecha kechasi keldim. Chunki pro litsenziyasi uchun o‘qiyotgandim. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar o‘yinchilarimiz bundan ham yaxshiroq o‘ynay oladilar, buni bilaman. Lekin negadir yigitlar o‘z imkoniyati darajasida o‘ynashmadi. Bilaman, bundan ham yaxshi o‘ynay oladilar. Buni ustida ishlaymiz va gaplashamiz. O‘yinni yana ko‘rib chiqamiz.

kapadze2_1

- Aslida Kubokda jamoaning maqsadi qanday?

- Nafaqat Kubok, har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish. Futbolchilarni o‘stirish va maksimal natijani qo‘lga kiritish vazifalarimizdan biri. Hatto, bu raqibimizni o‘yinini ko‘rmadik ham. Yutub orqali ko‘rgandek bo‘ldik, ammo yaxshi emasdi. Lekin biz har taraflama yaxshi o‘ynashimiz va g‘alabani qo‘lga kiritishimiz kerak edi. Yana ikkita uchrashuvimiz bor. Albatta, g‘alabalar qozonib, Kubokdagi yurishimizni davom ettirishimiz kerak.

- Raqib safida qaysi futbolchi yaxshi o‘yin ko‘rsatdi?

- Raqib jamoa deyarli uzatmalar orqali emas, yuqoridan tepib o‘ynashdi. Boshqa taktikada o‘ynadi. Imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Oldingi chiziqdagi hujumchisi yomon emas. Ularni uslubi kombinatsiya orqali emas, uzun paslar orqali harakat qildilar. Kimnidir ajratish qiyin. Jamoaviy yaxshi harakat qildilar. Ikkinchi bo‘limda ko‘p yotib oldilar. Balki bu jismoniy tayyorgarlik bilan bog‘liqdir. Menimcha, ularni yoshida bu narsani o‘rgatmaslik kerak. Agar kuchi etmayotgan bo‘lsa, bu normal holat. To‘g‘ri, ular uchun g‘alaba kerak edi. G‘alaba uchun hamma narsani qilishdi. Oxirigacha ishlashdi. Mayli, o‘yin cho‘zildi, qandaydir ayyorliklarni qildilar, bu futbolda bo‘lib turadi. Mezbonlarni g‘alaba bilan tabriklayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Мехриддин Абдурахмонов
09/04/2022 20:28
Тан олиш хам керак маглубиятни. Андижон ни мактаб болалари ютиб куйди вассалом. Демак Андижонда хам яхши ешлар бор. Уларга имконият берса яхши булади. Факат синдириб куймаслик керак.
&
Bek 56
09/04/2022 21:54
Темиржонни фикрлари тиник,ва аник, кегинги у'йинда Олимпикка галаба тилаймен