Ulug‘bek Baqoev: "Barchani hurmat qilamiz, ammo hech kimdan qo‘rqmaymiz!"

  • 15 oktabr, 2022, 00:46
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogi yarim final bosqichidan o‘rin olgan "Navbahor" - "So‘g‘diyona" uchrashuvida mezbonlar penaltilar seriyasida zafar quchdi. O‘yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida "bo‘rilar" bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

"Namanganda o‘ynash doim yoqimli. Sababi stadionga juda ko‘p tomoshabin keladi, futbol atmosferasi bor. Bevosita bahs haqida gapiradigan bo‘lsam, mezbonlar taxmin qilganimizdek ilk daqiqalardan agressiv harakat qildi.

Bilasizmi, turli sabablar bilan jamoangizning 5 nafar etakchisi maydonga tusha olmasa, kuchli raqibga qarshilik ko‘rsatish qiyin masala. Shogirdlarimga rahmat aytmoqchiman, ular men uchun haqiqiy qahramon! Bundan vaziyatda 10 kishi bo‘lib qolganimiz ham namanganliklarning ustunligiga sabab bo‘ldi.

Ikkinchi bor yarim final bosqichida penaltilar seriyasida imkoniyatni boy beryapmiz, bu og‘ir. Hayot davom etadi, bugungi to‘qnashuv ortda qoldi. "Navbahor"ni Buxoro chiptasi bilan muborakbod etaman va "Nasaf"ga qarshi bahsda omad tilayman.

- O‘yin uchun rahmat, Namanganga xush kelibsiz! Shogirdlaringiz ketma-ket ikkinchi bor penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lmoqda. Buning sababi nima?

"Menimcha, bunga bir nechta faktorni keltirsak bo‘ladi: psixologik tayyorgarlik, jismoniy charchoq va katta muddat davomida 1 kishi kam bo‘lib harakat qilganimiz va boshqalar. Bu - futbol, biz lotereyada yutqazdik. Shundan bo‘lsada, futbolchilarimdan xursandman."

- "So‘g‘diyona" o‘z uslubiga ega jamoa, ammo bugun ular o‘z o‘yinini vaqt o‘tgan sari yo‘qotib bordi. Bunga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz? Bundan tashqari, keyingi yilga rejalaringiz qanday?

"Uchta frontda harakat qilganimiz men va shtabimdagi mutaxassislar uchun katta mahorat maktabi bo‘ldi. Tarkibimizda yoshi kattaroq futbolchilar ham yo‘q emas. Shuningdek, yoshlar ham etarlicha. Har 3-4 kunda maydonga tushish shogirdlarimning jismoniy holatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Tiklanishga ulgura olmadik. Shunga qaramay, biz xalqaro maydon va ichki frontdagi barcha turnirlarda munosib qatnashdik. 4 kundan keyin yana o‘yinimiz bor, endi o‘sha uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashimiz zarur". 

Ikkinchi savolga keladigan bo‘lsak, hali bu haqda gapirishga erta. Mavsumni yakunlab, rahbariyat bilan barchasini muhokama qilamiz.

- Shohruz Norxonov hamda Vitaliy Denisov nega maydonga tushmadi?

"Ularning har ikkisida jarohat bor va maydonda harakat qilishga tayyor emasdi. Shuningdek, Iskandar Shoyqulov hamda Luka Chermel diskvalifikatsiya tufayli bellashuvni o‘tkazib yubordi. Zaxira o‘rindig‘ida ikki nafar yosh futbolchi o‘tirdi. Bu bahsda ular uchun maydonga tushishdan ko‘ra atmosferani his qilish ko‘proq muhim edi". 

- So‘nggi turlarda "bo‘rilar"dan nimalar kutishimiz mumkin?

"Bizda nazariy jihatdan imkoniyat mavjud. Shu sababli ham oxiri soniyalarga qadar taslim bo‘lmaymiz. Raqibning kimligi, turnir jadvalida qaysi o‘rinda borayotgani muhim emas! Barchani hurmat qilamiz, ammo hech kimdan qo‘rqmaymiz". 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!