
Umar Eshmurodov: "O‘zbekiston jamoalari moliyaviy tomondan yaxshi taklif berishdi"
2024 yilning fevral oyida “Nasaf”dan Malayziyaning “Selangor” klubiga yo‘l olgan Umar Eshmurodov bir yildan so‘ng yana sobiq klubiga qaytdi.
Umar “Selangor”da 19 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 1 ta golli pas uzatdi. Bu yil esa Eshmurodovni qaytarish uchun Superliganing etakchi klublari jiddiy takliflar bilan chiqishdi. Yakunda “Nasaf” o‘z futbolchsini ortga qaytardi.
Umar Eshmurodov esa Sports.uz uchun intervyu berdi.
- Umarjon Malayziyadan ketishingizga nima sabab bo‘ldi?
- Klubdan ketishimning asosiy sabablari jamoa bilan Chempionlar ligasi guruh bosqichida qolib ketdik. Garchi biz guruhda 10 ochko olishni uddalagan bo‘lsak-da, o‘tolmadik va qo‘shimchasiga O‘zbekiston jamoalari ham moliyaviy tomondan yaxshi taklif berishdi.
- “Nasaf” klubiga qaytishingiz siz uchun oldinga qadammi yoki aksinchami?!
- Oldinga qadam deb hisoblayman. Chunki jamoa bilan Elit Chempionlar ligasida o‘ynaymiz va O‘zbekiston chempionati hamda Kubogida ham bosh sovrin uchun maqsad bor. Imkon qadar jamoaga yordam beraman.
- Eshitishimizcha, Malayziya klublarida moliyaviy muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Shu narsa ham ketishingizni asosiy sabablaridan birimi?
- Yo‘q, hech qanday moliyaviy muammo bo‘lmagan. Meni klubimga va menejerlariga, bosh murabbiy, jamoadoshlarim va albatta jamoaning juda katta muxlislariga rahmat aytaman. Ular meni birinchi kundan boshlab qo‘llab-quvvatlashgan.
- Bilishimcha, sizda “Neftchi” varianti ham bor edi. Nega bu amalga oshmadi?
- Albatta, bunga “Nasaf” sababchi. Chunki meni atrofimdagi hamma “Nasaf” jamoasiga befarq emas. Shuning uchun boshqa klublar bilan muzokaralarimiz oxiriga etmagan.
- Malayziyadagi faoliyatingiz o‘zingizga har tomonlama yoqdimi yoki nimadandir ko‘nglingiz to‘lmadimi?
- Biroz qiyinchilik bo‘ldi. Lekin, umuman olganda, yaxshi o‘tkazdim.
- “Nasaf” bilan yangi maqsadingiz qanday?
- “Nasaf” har doim yuqori maqsadlar uchun kurashadi. Shunga monand men ham ushbu holatga tayyor bo‘lib jamoaga va jamoadagi yoshlarga qo‘limdan kelganicha yordam beraman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar