Uning jamoasi hali barqaror emas, mag‘lubiyatsiz odimlayotgan "Neftchi"ni esa Qarshida "Nasaf" kutyapti yoxud Superligada super to‘qnashuvlar
Bugun Superligamizda 21-tur o‘yinlariga start beriladi. Faqat “Surxon” -“Olimpik” to‘qnashuvi noyabr oyiga qoldirilgan. Shu sababli 6 ta juftlikdagi bellashuvlar guvohi bo‘lamiz va aytish lozimki, bu turda markaziy o‘yinlar kutmoqda.
5 oktyabr
“Turon” – “Metallurg”
Turnir jadvaliga nazar tashlasangiz g‘alaba aslida kimga ko‘proq zarurligi ko‘rinadi. Chunki “Turon” 12 ochko bilan so‘nggi o‘rinda, “Metallurg” esa 25 ochko bilan 9-pog‘onada. Bu juftlikda Superligada qolish uchun kurashayotgan jamoa albatta “Turon”, “Metallurg” emas. Lekin kuchli jamoa yutsin. Marhamat, agar mezbonlarni kuchi etsa, g‘olib chiqsin. Lekin “Metallurg” oxirgi paytlarda ancha o‘ziga keldi. Buni o‘yini va natijalari ko‘rsatib turibdi. Ketma-ket uchta uchrashuvdan beri raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib kelyapti. “Turon” yutmasa bo‘lmaydi, bekobodliklar esa yanada yuqoriga ko‘tarilish harakatidalar. Xullas, 21-tur ushbu mana shunday uchrashuv bilan boshlanadi.
6 oktyabr
“Bunyodkor” – “Qizilqum”
Toshkentda ham jangovor o‘yin bo‘ladi. “Bunyodkor” o‘tgan turda o‘z uyida “Surxon”ga yutqazdi va muxlislarini ranjitdi. “Qizilqum” esa “So‘g‘diyona”ni 4:2 natijasi bilan taslim qildi. Tan olish kerak, ligada qolish uchun kurashayotgan “Qizilqum” shunga yarasha o‘yinini kuchaytirib boryapti. “Bunyodkor”ga qarshi ham Jamshid Saidov shogirdlari munosib o‘yin ko‘rsatsa ajab emas. “Qaldirg‘ochlar” hozircha bosh murabbiy Aleksandr Krestinin qo‘li ostida barqaror o‘yin tizginini yo‘lga qo‘ya olmayaptilar.
7 oktyabr
OKMK – “So‘g‘diyona”
Mirjalol Qosimov jamoasi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi dastlabki ikkita turni mag‘lubiyat bilan boshladi. Chempionatda ham natijalari muxlislarini xursand qiladigan holatda emas. Medallar uchun kurashishni maqsad qilgan OKMK ayni damda 30 ochko bilan 5-o‘rinda va 4-pog‘onadagi “Nasaf”dan 6 ochkoga ortda qolyapti. Bu turda “So‘g‘diyona”ni qabul qiladi. OKMK oxirgi marta 11 avgust kuni “Olimpik”ni 2:1 hisobida mag‘lub etgan va shundan buyon olmaliqliklar g‘alaba qozona olgani yo‘q. “So‘g‘diyona”da esa g‘alabasiz o‘yinlari 3 taga etdi. Ikkalasi ham g‘alaba ishtiyoqida. Bunday holatda futbolchilarning tayyorgarligi, ulardagi motivatsiya asosiy o‘ringa chiqadi. Lekin o‘yin ancha qiziqarli ruhda o‘tishi aniq.
“Nasaf” – “Neftchi”
OChL guruh bosqichida ikkita g‘alaba bilan peshqadamga aylanib olgan “Nasaf” endi chempionat doirasida hali mag‘lubiyatga uchramagan “Neftchi”ni qabul qiladi. Bilasizlar, undan oldin qarshiliklar o‘z maydonida “Bunyodkor”ga 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragandilar. “Neftchi” ham shu ishni takrorlaydimi yoki “Al Sadd”ga qarshi namoyish etgan o‘yini tufayli olqishlarga sazovor bo‘lgan “Nasaf” farg‘onaliklarga hech qanday imkon qoldirmaydimi? Ikkala klub ham medallar uchun talashishmoqda. Asosiy raqobatchilar to‘qnashuvi albatta hech kimni bee’tibor qoldirmaydi. Agar “Nasaf” OChLdagi o‘yinini namoyish etsa, “Neftchi”ga juda qiyin bo‘ladi. O‘z navbatida mehmonlar mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirish payida bo‘ladi. Balki bitta gol o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin.
8 oktyabr
“Andijon” – “Paxtakor”
Turning yana bir muhim va markaziy uchrashuvi Andijonda bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonning amaldagi chempioniga qarshi uchrashuv “Burgutlar” va uning muxlislari uchun katta ahamiyat kasb etadi. OChLdagi ketma-ket ikkita mag‘lubiyat “Paxtakor”ga yarashmayapti. Xalqaro maydondagi omadsizliklar jamoaga qanchalik ta’sir ko‘rsatganini Andijondagi uchrashuvda ko‘rishimiz mumkin. Bu jamoalar birinchi davrada Toshkentdagi bahsda 1:1 hisobida durang qayd etgandilar. Andijondagi o‘yinga ham qiziqish juda katta. Bu bahsda murabbiylarning qo‘llaydigan taktikalariga ham ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi.
“Buxoro” – “Navbahor”
OChLdagi yirik hisobda qo‘lga kiritilgan g‘alabadan keyin “Navbahor” Buxoroga yaxshi kayfiyatda yo‘l olishi turgan gap. Ulug‘bek Baqoev boshchiligidagi “Buxoro”ga oson emas. Chunki o‘tgan turda Farg‘onada “Neftchi”ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi, bu safar ham yana vodiy klubiga qarshi maydonga tushadi. Ligada qolish uchun kurashayotgan buxoroliklar qarshisida yana bir jiddiy raqib. Bilasiz, Baqoev jamoasi standartlarga, uzun paslar va himoyaviy o‘yinga moslashgan. “Navbahor” bilan bo‘ladigan uchrashuvda ham mezbonlar avvalo darvozasi daxlsizligini saqlash harakatida bo‘lib, qarshi hujumlardan omadini izlashi katta ehtimol. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar