Usmon Toshev: Evropa murabbiylaridan o‘rganish kerak, ko‘chirish emas!

  • 17 noyabr, 2020, 20:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa bilan o‘zbek futbolini taqqoslab ko‘rganlar ko‘p va bu borada farqlanish qandayligini hamma biladi. Buning ustiga kuchli beshlik chempionatini kuzatishning zavqi baribir boshqacha. Oramizda uning ixlosmandlari nihoyatda ko‘p.

Tecno

Bu masalada har kimning fikri turlicha. Kimgadir unisi, kimgadir bunisi yoqadi. Evropa futbolini, murabbiylari, klublari va terma jamoalarini muhokama qilish, buning ichiga kirib borish maqsadida o‘zimizdagi tajribali mutaxassislardan biri Usmon Toshevni tanladik.

U murabbiylikdan tashqari, OFK hamda FIFAda instruktorlik ham qiladi, dunyo kezadi va ko‘plab mamlakatlarning futbolini o‘rganadi. Tabiiyki, Toshevda Evropa futboli bilan bog‘liq ko‘plab o‘ziga xos fikrlar va tushunchalar mavjud.

Hozirda Tojikiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borayotganidan yaxshi xabardorsiz. Yaqinda BAA yig‘inini yakunlab qaytdi. U erda Bahrayn va BAA bilan nazorat uchrashuvlarini o‘tkazdi. Murabbiy avvalo ushbu yig‘in to‘g‘risida gapirdi va shundan keyin Evropa futboliga “yo‘l oldik”.

BAA yig‘ini haqida

-  BAA yig‘ini yaxshi o‘tdi, muhimi jarohatlarsiz, hamma sog‘-salomat. FIFA kunlaridan unumli foydalanib ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini tashkillashtirdik. Asosiy futbolchilarimizdan uch-to‘rttasi kela olmadi, o‘rniga yoshlarni olib ketdik. Bahrayn bilan o‘yinimiz yaxshiroq chiqdi. Lekin kutilmagan golni o‘tkazib yubordik. Ammo ikkala taymda ham o‘yin nazorati jamoamiz tomonida bo‘ldi. Afsuski, gol ura olmadik. BAAga qarshi uchrashuvdan oldin futbolchilarimiz bilan boshqacha yo‘nalish ustida gaplashdik. Shunday yaxshi saviyadagi termalar bilan o‘ynaydigan vaqt kelganini, aslida ularni ham yuta olishimiz mumkinligini aytdim. Miyada raqibni yuta olmaymiz, degan o‘y-xayollarni chiqarib tashlashlarini, ruhiy tiklanish bo‘lishi muhimligini uqtirdim. BAA bilan uchrashuvni yaxshi boshladik va biz 2:0 hisobida g‘alaba qozonayotgandik. Ammo keyinchalik uchta gol o‘tkazib yuborishimizni o‘ylamagandik. Baribir mana shunday o‘yinlarda mahorat kamligi bilindi. Natijada keraksiz joylarda xatolar qila boshladik. O‘zbekistonning Suriya bilan o‘yinini ko‘rdim. Biz esa suriyaliklarni oldin 2:0 hisobida yutgandik. O‘zbekiston bilan uchrashuvda ular bitta gol urishdi va keyin xato qilmasdan tartibli himoyalanishdi. Vaholanki, O‘zbekistonda gol urish uchun vaziyatlar ko‘p edi. Biz esa BAAga ikkita gol ursak ham baribir uni ushlab qola olmadik. Baribir jamoamiz o‘syapti. O‘rtoqlik o‘yini esa katta mashg‘ulotga kiradi. Futbolchilarda ishonch paydo bo‘lyapti.

Evropaning eng kuchli klublari xususida

-  Bilasizmi, aniq bir klubni eng kuchlisi, deb ayta olmayman. Qarang, ba’zida “Liverpul”, ba’zida esa “Manchester Siti” kuchli o‘yin ko‘rsatadi. Endi bo‘lsa Germaniya klublarining o‘yinlari kishini zavqlantiradi. Evropa Chempionlar ligasida ham ular yaxshi ko‘rinyapti. Menimcha, asosiysi, tartib-intizom bilan ishni 100 foiz to‘g‘ri bajarish juda muhim. Lekin bundan tashqari, murabbiyning bir qadam oldinda yurishi va bu orqali jamoaning qanday o‘yin ko‘rsata olishini sezishi ham yaxshi hislat. Raqibga qarshi qanday taktika bilan harakat qilishni topa olsa va buni futbolchilar bajara olsa, albatta g‘alaba bo‘ladi. Shuni “Leyptsig” misolida ko‘rish mumkin. Ko‘pchilik hozir shu klub haqida gapiryapti. Tarkibini ko‘ryapsizmi, ularda birorta yulduz yo‘q. Nima uchun? “Leyptsig”da jamoaviy o‘yin yaxshi shakllangan va albatta tartib yuqori. Shuning uchun bu jamoa birinchi qadamdan oxirgi qadamgacha reja bo‘yicha to‘p suradi. Lekin o‘zingizni uchrashuvga to‘g‘ri yo‘nalishda tayyorlay olmasangiz, raqibning kuchiga to‘g‘ri baho bermasangiz, unda ko‘chadagi jamoaga ham yutqazasiz. Futbolchining o‘zini ham ruhiy tomondan tayyorlashi shart. Hech qachon mashg‘ulotda 50 foiz kuchini berib engilroq ishlab, asosiy o‘yinda hammasini bajaraman, deb o‘ylasa xato qiladi. Menga qanday jamoa yoqadi? Pas bilan o‘ynaydigan, to‘p bilan va to‘psiz harakatlanadigan jamoaviy o‘yinni yoqtiraman. Hozirgi zamonda kerak bo‘lsa uzun paslar bilan ham o‘yin tashkil qilinadi. Tezkor hujum, qarshi hujum...hammasi qo‘l ostingizda qanday futbolchilar borligiga bog‘liq.

Terma jamoalar to‘g‘risida

-  Eng yaxshi terma jamoa? Masalan, Germaniyani oladigan bo‘lsak, ularda ruhiy ustunlik kuchli. Ularda qanday o‘yin bo‘lmasin doim g‘alaba qozonish uchun ishtiyoqi keragidan ortiq. Shu bois tartib birinchi o‘rinda. Italiya, Ispaniya kabi terma jamoalarda ham o‘ziga yarasha o‘yin uslubi bor. Agar 0:2 hisobida yutqazayotgan bo‘lsa ham hech qachon shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaydi. Vaziyat qanday bo‘lmasin oxirigacha oldindan ishlab chiqilgan taktika va reja asosida harakat qiladi. Bu ham bir mahorat. Kerak paytda esa murabbiy futbolchilarni almashtiradi yoki sxemani o‘zgartirishi mumkin. Tartibli o‘ynab ham yutqazadigan bo‘lsa, o‘sha o‘yinni tahlil qilish va xatolarni aniq bilish oson bo‘ladi. Bugungi kundagi futbolda pala-partish o‘yin yo‘qolib boryapti. Hattoki, Bangladesh, Nepal, Filippin kabi terma jamoalar ham futbolni qanday o‘ynash kerakligini bilishadi. Ba’zida eshitib qolaman, u yoki bu jamoa bilan o‘ynamaslik, kerak deyishadi. Bu esa xato xulosa.

Kuchli murabbiylar kim?

-  Evropadagi barcha murabbiylarning ishini kuzatish qiziqarli. Pandemiya sababli biror joyga bora olmadik, seminarlar ham yo‘q. Uning uslubi to‘g‘ri, buniki noto‘g‘ri degan gaplarni endi hech kim aytmayapti. Masalan, Ispaniyada ishlayotgan Zidanning uslubini ko‘rsangiz, bu juda qiziqarli. Balki uning ish uslubini o‘zimizda qo‘llamoqchi bo‘lsak, to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Chunki sharoitlar, ob-havo boshqacha, futbolchilarning ovqatlanishi, yotib-turishi ham farq qiladi. Bilasizmi, top-murabbiylarning dunyoqarashi hamda ishlash tartiblari bir-birinikidan unchalik uzoq emas. Faqat o‘shalarning mashg‘ulotda o‘z ishiga yondashuvi ijodiy bo‘lyapti. Mana, hozir bo‘lajak murabbiylarga “V” litsenziyasi bo‘yicha o‘quv-kurslarini o‘tyapman. Mayli, Klopp, Mourino, Gvardiola, Anchelotti kabi mutaxassislarning ishini ko‘ringlar, lekin ulardan ko‘chirmanglar, shunchaki o‘qib o‘rganinglar va o‘zinglar shundan xulosa chiqaringlar, O‘zbekistonning sharoitiga moslab ishlashni bilinglar, deya tushuntirib kelyapman. Ular nima uchun top-murabbiylar? Sababi hamma vaqt o‘z ustida ishlaydi. Litsenziyasi bo‘lsa ham shkafiga qo‘yib, mening litsenziyam bor, demaydi. Murabbiylar hamisha harakatda. Biz ham shu yo‘ldan borsak yaxshi bo‘ladi. Bizda sharoitlar ham ajoyib. Qachonki, murabbiylar o‘z ustida ishlasagina bir narsa bo‘ladi. Natija qila olishi mumkin. Men qaysi murabbiy bilan ishlashni istardim? Shu haqida o‘ylamabman. Lekin doim o‘zingizdan kuchli murabbiyni tanlashingiz kerak. Agar o‘zingizga o‘xshaganini olsangiz bir-biringizdan nimani o‘rganasiz? Shunaqangi tandem yoki shtab bo‘lishi kerakki, bir-biridan kuchli murabbiylar jamlansa, bu ajoyib bo‘ladi.

Kuman “Barsa”ga to‘g‘ri keladimi?

-  Men ham Kuman “Barselona”ga to‘g‘ri keladimi yoki yo‘qmi, degan savolni ko‘p o‘yladim. Ha, u yaxshi futbolchi bo‘lgan. Uning ishini kuzatish qiziq. “Barsa”dek klubga kim kelsa ham bu top-jamoa. “Barselona”, “Real”, “Liverpul”, “Manchester Yunayted”ga o‘xshagan klublarning oqimi juda tez. Agar shu oqimga to‘g‘ri yondasha olsa, murabbiy ishlab keta oladi. Mabodo, oqimga moslasha olmasa, sizni oqizib yuboradi. Top-klublarda shundayki, murabbiy ko‘zni ochsa ham, ko‘zini yumsa ham sizga qaraydi. Bunday jamoalarga o‘ta yuqori darajadagi e’tibor bilan munosabatda bo‘lishadi. Oddiy ichki muhitning o‘ziga moslashish va unga bardosh berishning o‘zi qiyin. Shuning uchun bu kabi katta klublarda ancha-muncha murabbiyning ishlashi murakkab. Agar Evropaning biroz o‘rtamiyona jamoalarida bo‘lsa, u erda ishlab ketsa bo‘ladi. Chunki e’tibor o‘ta yuqori darajada bo‘lmasligi mumkin. Aytmoqchimanki, top-klublarga moslashish murabbiylarga qiyinroq. Balki Kuman “Barsa”da ishlab ketar, axir o‘zi ham qaerga kelayotganini bilgan, o‘ylagan, tahlil qilgan.

Murabbiy Messiga moslashishi kerakmi?

-  Albatta, Messi bilan til topishish kerak, bu ham oddiy masala emas. Bizning sharoitimizda murabbiy kelib biror futbolchi bilan moslashishi kerak, degan tushuncha yo‘q. Evropada esa boshqacha. Endi murabbiy klubga kelib Messi bilan moslashishi kerak, deyilyapti, agar shunaqa bo‘lsa. Ular uchun bu aslida normal holat. Messi ham professional. Aksincha Messi Kumanga yordam berishi kerak. Chunki u katta o‘yinchi, hamma narsasi bor. Agar dunyoqarashi Kumanniki bilan bir xil bo‘lsa, xotirjamlik bilan hamjixat bo‘lib ishlay oladilar. Mabodo, Kuman “Barsa”da umuman boshqacha taktikani joriy qilsa, unda og‘ir bo‘ladi. Negaki, u erda necha yillardan beri jamoaning o‘z uslubi mavjud.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!