Vadim Kornilov: "Hasanboy Do‘smatovni chempionlik darajasiga olib chiqish imkoniyatimiz bor"

  • 3 aprel, 2021, 09:49
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Bugun, "Humo Arena"da bir qator bokschilarimiz o‘z janglarini o‘tkazadi. Ularning deyarli barchasi "Mir Boksa" promouterlik kompaniyasi bilan shartnomaga ega va endi, hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlari ham mavjud. 

Albatta, ularning faoliyatida rossiyalik menejer Vadim Kornilovning xizmatlarini ham ta’kidlab o‘tish lozim. Ushbu boks mutaxassisi ayni vaqtda yurtimizga tashrif buyurgan. Biz kecha tashkil qilingan "Face to Face" marosimi vaqtida ushbu professional boks olamida asta-sekin nom qozonib borayotgan Kornilovga ba’zi bir savolar bilan murojaat qildik. 

- Miraziz Mirzaxalilov hamda Iqboljon Xoldorov hali "Mir Boksa" bilan rasman shartnoma imzolagani yo‘q. Aytingchi, ushbu jangdan so‘ng, bu ish amalga oshadimi?

- Miraziz borasida aytadigan bo‘lsak, u hali Olimpiadaga borishi kerak. Bu borada Saken Polatov bilan hali gaplashadigan masalalar bor. Bu jang uning uchun shunchaki professional boksda o‘zini sinab ko‘rish xolos. Barchasi Olimpiadadan keyin hal bo‘ladi. Iqboljon Xoldorovga kelsak, u bilan bog‘liq ishlar boshlanib ketgan. Ya’ni, u mazkur jangdan keyin AQShga yo‘l olishi mumkin. Shartnomasi deyarli hal bo‘lish arafasida, deb aytishim mumkin. 

-Isroil Madrimov WBA yo‘nalishida reyting etakchisi va majburiy da’vogar hisoblanadi. U WBAning qaysi chempionlik kamari uchun jang qiladi. Erislandi Lara vazn toifasini ko‘tarmoqda. Demak, unga tegishli bo‘lgan WBA Regular kamari vakant qoladi. Katta ehtimol bilan ushbu kamar uchun ringga ko‘tariladimi?

- Amaldagi chempion Erislandi Lara o‘rta vaznda chempionlik uchun ringga chiqayotgani bilan bu vazndagi kamarini tashlab ketish-ketmasligi aniq emas. Shu bois oldindan bir narsa deb bo‘lmaydi. Lekin biz ham qarab turganimiz yo‘q. Chempionlik jangini tashkil qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapmiz. Hozir asosiy nomzod frantsiyalik Mishel Soro bo‘lib turibdi.

Lekin bir narsani hisobga olishingiz kerak, Isroil yaqinda jiddiy operatsiyani boshidan o‘tkazdi. Ertangi jangiga bir oygina tayyorlana oldi. Ko‘p vaqti tiklanishga ketdi. Birinchi navbatda uni ertaga juda jiddiy raqib kutib turibdi. Jarohatdan keyin qanchalik o‘zini ko‘rsata olishi muhim. Shunga qarab, biz ham kelgusi rejalarni tuzamiz.Bizga qolsa, shoshmaganimiz ma’qul, chunki jarohatdan keyin uning holati qanday bo‘lishi muhim.

- Balki, sentyabr-oktyabrda shunday rejalar mavjuddir?

- Bu qiyin masala. Menimcha, bir yil ichida bo‘lishi kerak bu jang. Asosiysi o‘sha jangga tayyor etib borish.

- Shahram G‘iyosovning chempionlik janglarida ringga ko‘tarilishi borasida nima deya olasiz?

- Unga ham Isroil Madrimovning vaziyatini misol qilib ko‘rsatishim mumkin. U oxirgi janglarini juda qisqa vaqtda o‘tkazdi. Shuning uchun biroz kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Shu sababli, 3-4 oyda bitta jang qilib, unga ko‘proq o‘z ustida ishlash va dam olish imkoniyatini bermoqchimiz. Chunki, bundan keyin yanada kuchli raqiblar duch keladi va unga buni yanada teranroq xis qilish imkoniyatini bermoqchimiz. Ehtimol, 1 yil vaqt kerak bo‘lar... Asosiysi asta-sekin chempionlik janglari uchun harakat qilamoqdamiz.

- Hasanboy Do‘smatov bilan ham Isroil Madrimov, Bektemir Meliqo‘ziev, Shahram G‘iyosov va Murodjon Ahmadalievga o‘xshash rejalar bormi? Ya’ni, boshqa nufuzli promoushenlar bilan hamkorlik masalasini nazarda tutmoqdaman?

- Biz o‘zimiz taklif qilmaymiz. Bizga taklif bilan chiqishadi. Aslida, Do‘smatovni chempionlik darajasiga olib chiqishga o‘zimizni ham qurbimiz etadi. 

- Bahodir Jalolov Lu Dibellaga tegishli promouterlik kompaniyasi bilan shartnomaga ega. Biroq, "Mir Boksa"ning mashg‘ulotlar lagerida shug‘ullanadi. Ehtimol u bilan bog‘liq qo‘shma hamkorlik ham bordir?

- Yo‘q. U Lu Dibella bilan shartnomaga ega. Mashg‘ulotlarni bizda o‘tkazaveradi. Chunki, men uning alohida menejeri sifatida ishlayman.

Lu Dibella bilan qanaqadir muammolar tug‘ilmaydimi?

- Hozircha yo‘q. 

- Vaqt ajrata olganingiz uchun va ajoyib javoblar uchun rahmat!

- E’tibor uchun minnatdorman!

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!